7 ta viloyat soliq boshqarmalariga yangi rahbarlar tayinlandi
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Samarqand viloyati DSBga boshliq bo‘ldi. Prezidentning Farg‘ona va Toshkent viloyatiga safarlari chog‘ida uchta viloyatning bosh soliqchilari ishdan olingandi.
O‘zbekiston prezidentining farmoyishi bilan Buxoro, Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari soliq boshqarmalarida yangi rahbarlar ish boshladi.
Soliq xizmatining I darajali maslahatchisi Dilshod Rustamovich Yo‘ldoshev Buxoro viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Dilshod Yo‘ldoshev tayinlovga qadar Soliq qo‘mitasining Soliq qarzini undirishni tashkil qilish departamenti direktori lavozimida ishlagan.
- U bu lavozimida 2021 yil avgustidan buyon ishlab kelgan Maqsud Mamatxonov o‘rnini egalladi.
Coliq xizmatining I darajali maslahatchisi Alouddin Husnitdinovich Inog‘omov Toshkent viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Alouddin Inog‘omov 2020 yil iyulidan buyon Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
- U Toshkent viloyati DSB lavozimida 2020 yil martidan buyon ishlab kelgan Ravshan Raimov o‘rnida ish boshladi.
Inog‘omov o‘rniga soliq xizmatining I darajali maslahatchisi Sirojiddin Tog‘aymurodovich Eshmatov Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Sirojiddin Eshmatov 2019-2021 yillarda Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2021 yil dekabrida soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgandi.
Soliq xizmatining I darajali maslahatchisi Lochinbek Inomidinovich Qurbonov Andijon viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Lochinbek Qurbonov tayinlovga qadar Andijon shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
- 2021 yil aprelidan buyon Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Ravshan Nasimov 2023 yil avgust oyi boshida prezidentning Toshkent viloyatiga safari chog‘ida o‘tkazilgan videoselektorda ishdan olingandi.
Soliq xizmatining I darajali maslahatchisi Ulug‘bek Aktamovich Xatamov Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Ulug‘bek Xatamov tayinlovga qadar Yashnobod tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
- Sirdaryo viloyati DSBga 2018 yil iyulidan buyon rahbar bo‘lib kelgan Jo‘rabek G‘oyipov 2023 yil avgust oyi boshida prezidentning Toshkent viloyatiga safari chog‘ida o‘tkazilgan videoselektorda ishdan olingandi.
Soliq xizmatining II darajali maslahatchisi Maqsud Mahmudovich Mamatxonov Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘iga aylangan.
Maqsud Mamatxonov 2021 yil avgustidan buyon Buxoro viloyati DSBga rahbarlik qilib kelayotgandi.
- Farg‘ona viloyati DSBga 2022 yil mayidan buyon rahbarlik qilib kelgan Adhamjon Tillavoldiyev 2023 yil iyul oyi oxirida prezidentning viloyatga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishdan olingandi.
Shuhratali Toyirovich Imomov Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasiga boshliq bo‘ldi.
Shuhratali Imomov muqaddam Toshkent viloyatidagi tumanlar soliq inspeksiyalarida rahbarlik qilgan, so‘nggi vaqtlarda Toshkent viloyati DSB boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlayotgandi.
- Qashqadaryo viloyati DSBga 2022 yil aprelidan buyon Shukrulloxon Nisbatxonov boshliq edi.
Mavzuga oid
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
15:57 / 10.12.2024
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
18:28 / 06.12.2024
Diniy sohada tayinlovlar: Xalqaro islom akademiyasidan so‘ng Oliy ma’hadda ham rektor almashdi
10:31 / 06.12.2024