Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda steyblkoin rasman to‘lov vositasiga aylanadi
2026 yil 1 yanvardan to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar (steyblkoinlar) aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Rejim doirasida to‘lov tizimi ishlab chiqilib, tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalar bozori yaratiladi.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.
Bu – 27 noyabr kuni imzolangan “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, maxsus-huquqiy rejim doirasida:
- ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi;
- “tartibga solish qumdoni” rejimini joriy qilish tartibi va uning amal qilish muddati Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
Ma’lumot uchun, barqaror token (steyblkoin) – narxi qat’iy belgilangan yoki muayyan aktivga (odatda AQSh dollari, yevro yoki oltin) bog‘langan kriptoaktiv turi. Oddiy kriptovalutalardan farqli ravishda, uning asosiy maqsadi – barqarorlikni saqlash va keskin tebranishlardan himoyalanish. Barqaror tokenlar davlat kafolatiga ega emasligi bilan markaziy banklarning raqamli valutalaridan farq qiladi.
2026 yil 1 yanvardan:
- O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi;
- O‘zbekiston hududida birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjalarida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni joylashtirish hamda ularning muomalada bo‘lishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi.
O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida sentabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov aytib o‘tgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masaladagi risk shundan iboratki, raqamli valutalar borasida kutilmalar balandroq bo‘ladi. “Lekin dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, mamlakatda to‘lov tizimi yaxshi rivojlangan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov vositalarining ahamiyati yuqori bo‘lmaydi. Biz amaliyotdan kelib chiqib qaror qabul qilamiz”, degandi regulyator rahbari.
“Ikkinchi tomondan, Markaziy bankning raqamli valutasi haqida ham o‘ylashimiz kerak. Bunday valuta aholining kundalik hayotida emas, asosan tijorat banklari o‘rtasidagi hisob-kitoblarni tezlashtirish yoki boshqa markaziy banklar bilan tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun ishlatiladi. Keyingi bosqichlarda barcha variantlarni o‘rganib, test qilib ko‘rish niyatidamiz. Buni qattiq nazorat asosida, risklarni hisobga olgan holda amalga oshirish zarur. Chunki bu monetar siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”, – deya qayd etgandi Timur Ishmetov.
10 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishgan, yig‘ilishda steyblkoinlardan hisob-kitoblar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga qaror qilingan edi.
27 noyabr kungi qaror bilan, shuningdek, “ochiq banking” tizimi ham joriy etilishi belgilandi.
Avvalroq Markaziy bank Kun.uz so‘roviga javoban so‘mning ramzini yaratish bo‘yicha boshlangan ish to‘xtab qolganini tasdiqlagan, bu masala kun tartibida yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
15:20 / 25.09.2025
Qozog‘iston milliy valutaga bog‘langan ilk steyblkoin loyihasini ishga tushirdi
14:20 / 11.09.2025
O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin
15:39 / 29.04.2025
Ekstremizmni moliyalashtirish Jinoyat kodeksiga kiritiladi
12:05 / 06.01.2025