O‘zbekiston | 18:19 / 12.09.2024
20975
5 daqiqa o‘qiladi

“Odamlar nima qilishini bilmayapti” - boysunliklarning taqdiri nima bo‘ladi?

Kun.uz muxbiri Shuhrat Shokirjonov Kofrun qishlog‘i va M25 koni yaqinida bo‘lib qaytdi. U taassurotlari bilan bo‘lisharkan, qishloqda deyarli hech kim qolmagani, ayrim odamlar uyidan xabar olgani qaytayotganini aytadi. “Agar yillar, oylar davomida gaz sizib chiqishi davom etsa, bu qishloqqa hech kim kelmaydi”, – deydi u.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" konida texnogen ofat yuzaga kelganiga 10 kundan oshdi. Shunga qaramay, kondan zaharli gaz sizib chiqishi hali to‘xtatilgani yo‘q. Zararini minimallashtirish maqsadida yoqib qo‘yilgan gazdan ham oltingugurt islari chiqib, qo‘shni qishloq va shaharlargacha yetib borgan.

Kun.uz avvalroq bu haqda kon joylashgan hudud, Kofrun qishlog‘idan tayyorlagan eksklyuziv reportajida ham aytib o‘tgandi. Tahririyat muxbiri Shuhrat Shokirjonov materialda ko‘rgan-kechirganlari bilan bo‘lishgan. Lekin barcha ma’lumotlar bilan emas. Kun.uz hozirga kelib boysunliklarning taqdiri nima bo‘lgani, hududdan evakuatsiya qilinganlarga amaliy yordam berildimi yoki yo‘q – shularni bilish maqsadida Shokirjonov bilan intervyu qildi.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.

Boysundagi texnogen ofatdan so‘ng, rasmiylarda nima gap? 11 sentabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan o‘tgan anjumanda vazirlik matbuot kotibi o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev yaqin kunlarda kondagi vaziyat jilovlanishini qayd etdi.

"Hozirgi kunda yuqori bosimda chiqayotgan gazni jilovlash, siqib olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil qilingan, ishlar amalga oshirilyapti. Asosiy ishni bajaruvchi tashkilot – “O‘zbekenergo”. Ular bilan hamkorlikda shtab tashkil qilingan, u yerda hukumat komissiyasi bor. Respublika rahbariyati o‘sha kunning o‘zidayoq topshiriqlar qo‘ygan, aholiga xavflarning oldini olish bo‘yicha bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar amalga oshirilyapti. Hozirda xorijiy tajriba ham o‘rganilyapti. Yaqin kunlarda konni jilovlash ishlari amalga oshiriladi”, – dedi Samandar Hikmatullayev.

Shuningdek, rasmiy vakil vodorod sulfiddan ommaviy zaharlanish yo'qligi, ayrim fuqarolarda yengil zaharlanish kuzatilayotgani aytdi.

"To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardan ham ko‘ryapmiz yoki o‘zimizdagi ma’lumotlar bo‘yicha, uy-joyini, mol-holini ko‘rgani kelgan aholida ayrim hollarda zaharlanish hollari bor. Bu – yengil zaharlanish. Shifokorga murojaat qilganidan so‘ng, yordamni olib, qisqa vaqt ichida chiqqan holatlar bor. 2-3 kun oldin bo‘lgan ayollar [zaharlangani] holatida, ular qisqa vaqtda shifoxonaga borishgan va zaruriy yordam ko‘rsatilgan, ular bugungi kunda ishni davom ettirishyapti. Demak, bunday holatlar ham bor",– deydi u.

Bugungacha Favqulodda vaziyatlar vazirligidan tashqari, mas’ul tashkilotlar, xususan, Energetika vazirligi, O‘zbekenergo AJ, Surxondaryo viloyati hokimligi yoki "Enter Engineyering", "Eriyell" kompaniyalarining hodisa yuz bergani haqidagi birlamchi axboroti hisobga olinmasa, boshqa xech qanday ma’lumot berilayotgani yo‘q.

Evakuatsiya qilinganlar qanday sharoitda va qayerlarda yashayotganlari, ularning moddiy hamda tibbiy holati haqida ham biror ma’lumot yo‘q. Bizning Boysun tuman hokimligi, viloyat hokimligi va SESdan izoh oliga urinishlarimiz ham zoye ketdi.

Gazetauz e’lon qilgan maqolada aytilishicha, yaqin kunlarda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi xodimlari avariya holatlarini bartaraf etishga kirishishlari kerak. Yordam uchun AQSh, Rossiya va Yaponiyadan bunday avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.

“Bu balo qachon tugashini hech kim aytmayapti” — boysunliklar texnogen ofatdan aziyat chekmoqda

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid