O‘zbekiston | 21:50 / 12.03.2026
1597
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘pirilgan yo‘l o‘tkazgich va yo‘l bezorilariga qarshi reydlar – mahalliy dayjest

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 2024 yilda qayta qurilgan «Buyuk Turon» ko‘prigiga olib chiquvchi yo‘lning bir qismi o‘pirildi. Kommunal tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan reydlarda yuzlab haydovchilarga ma’muriy choralar ko‘rildi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentda yo‘l o‘tkazgich o‘pirildi

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 2024 yilda qayta qurilgan «Buyuk Turon» ko‘prigiga olib chiquvchi yo‘lning bir qismi o‘pirildi. Boshqa tomonida yoriqlar ham bor: bu o‘pirilishdan oldingi alomatlar bo‘lishi mumkin.

«Buyuk Turon» ko‘prigi Temur Malik ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 128,6 mlrd so‘mga qayta qurilgan bo‘lib, 2024 yil avgust oyida foydalanishga topshirilgan edi.

Ayni paytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada jabrlanganlar yo‘q. Toshkent shahar hokimligi voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilgani, hudud o‘rab olinganini bildirdi.

Elektr va gazga noqonuniy ulanganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

O‘zbekistonda elektr, issiqlik, gaz va vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan noqonuniy foydalanganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik kuchaytirildi, jarimalar miqdori oshirildi.

Endi bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga BHM 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 30 baravarigacha jarima qo‘llanadi. Ilgari esa jarima miqdori fuqarolar uchun 10–15 baravar, mansabdor shaxslar uchun 20–25 baravar etib belgilangan edi.

Shuningdek, elektr, issiqlik, gaz yoki ichimlik suv tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish uchun jarima miqdori BHM 15 baravaridan 25 baravarigacha etib belgilandi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin. Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Yo‘l bezoriligiga qarshi reydlarda yuzlab haydovchilarga chora ko‘rildi

Respublika bo‘ylab yo‘l bezoriligi va qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish maqsadida o‘tkazilayotgan kuchaytirilgan reydlar davomida yuzlab haydovchilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining maxsus guruhlari tomonidan 10 kun davomida olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, xavfli va agressiv tarzda avtomobil boshqarayotgan 31 nafar haydovchi aniqlangan, shuningdek ular to‘planadigan 33 ta ko‘cha va joy belgilangan. Internet tarmoqlarida esa yo‘l bezoriligi holatlarini aks ettiruvchi 391 ta videorolik aniqlangan. 338 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 296 ta avtomobil esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Shuningdek, xavfli haydovchilik va noqonuniy poygalarni targ‘ib qiluvchi 19 ta akkaunt faoliyati to‘xtatilgan.

Toshkentning umumiy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan dizayn-kod tasdiqlandi

Toshkent shahrining yagona qiyofasini shakllantirish va jamoat joylarini rivojlantirishga qaratilgan dizayn-kod xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlandi.

Dizayn-kod 2025 yil dekabrida Toshkent Invest kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra, Citymakers International tomonidan ishlab chiqilgandi. Hujjatda poytaxt hokimiyatining takliflari ham inobatga olingani aytilmoqda.

Endi yagona dizayn-kod bilan jamoat joylarini rejalashtirish, shahar dizayni elementlarini joylashtirish, tijorat obektlarini bezash hamda shaharning vizual identifikatsiyasiga oid qoidalar belgilanadi.

Qo‘qonlik «tabib» Ozarboyjondagi klinikada qo‘lga olindi

Qo‘qonlik Iqbol Soliyev Ozarboyjon poytaxti Bokudagi xususiy klinikalardan birida qo‘lga olindi. Uning «bioenergiya» orqali davolash seansini o‘tkazishga urinishi klinika oldida to‘plangan odamlar sabab politsiya aralashuvi bilan yakunlangan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa Bokuda joylashgan Bİ ES VİP estetik klinikasida sodir bo‘lgan. Soliyevning qabul o‘tkazishi haqida xabar tarqalgach, bino oldiga seansga kirish istagida bo‘lgan ko‘plab odamlar to‘plangan. Oqibatda katta navbat va tartibsizlik yuzaga kelgan.

Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ommaviy to‘planish va taklif etilayotgan xizmatlar xususiyati huquq-tartibot idoralarining e’tiborini tortgan. Shundan so‘ng Iqbol Soliyev holatga oydinlik kiritish maqsadida ushlangan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid