Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“40 yillik umrimga achinmayman” – nafaqadagi muallimning kechinmalari
Bir maktabda 40 yildan ziyod o‘qituvchilik qilgan Erkinboy ota Nishonov 90 yoshni qarshilayapti. Ohangaron tumanining Qoraxitoy qishlog‘ida yashovchi ota hamon tetik: ko‘zoynaksiz kitob o‘qiydi, tuman markaziga o‘zi borib gazeta olib keladi. Erkinboy ota shu yoshida ham tunlari uxlamay o‘zi muxlislik qiladigan sevimli jamoasining futbol o‘yinlarini tomosha qiladi, chorvalarga qaraydi.
Nafaqadagi muallimning 5 farzandi pensiyaga chiqqan ekan:
“Umr oqar daryo deyishadi. Bir kam 90 yoshdaman. Ota kasbni ulug‘lab, shu yoshlarga ta’lim-tarbiya berish bilan umrim o‘tdi. Bir maktabda 40 yildan ortiq ishladim. 40 yillik umrimga achinmayman. Bog‘bon ko‘chat ekib hosilini kutadi. Men ham huddi bog‘bonlardek hosilni kutib yashadim, bir maktabda ildiz otdim. O‘quvchilarimning ko‘pchiligi hozirda katta lavozimlarda ishlaydi. Maktabda minglab o‘quvchilarga tarix, jamiyatshunoslik, davlat va huquq asoslari fanlaridan dars berdim. Turmush o‘rtog‘im ham o‘qituvchi edi. To‘rt o‘g‘il, uch qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Hozirda farzandlarimning besh nafari nafaqada. Uch qizimdan ikki nafari o‘qituvchi.

92 yoshga kirgan do‘stim bor. Ikkimiz bir piyola choy ustida diydorlashib, o‘tgan voqealarni eslab o‘tiramiz. Ikkimiz ham go‘yoki yosh yigitdaymiz.

Odamzot eng avvalo qaysi kasbda ishlashidan qat’iy nazar o‘z ishiga mehr-muhabbati bo‘lishi kerak. Hozirgacha ko‘chada ketayotsak, odamlar “Assalomu alaykum, domlalar, sog‘-salomatmisizlar?”, deyishining o‘zi bu bebaho boylik. Bunday hurmatga hamma ham sazovor bo‘lolmaydi. Dunyoda eng oliy kasb nima, degan savolga har qanday yig‘inda ayta olishim mumkin. O‘qituvchidek, ustozdek inson, bunday ulug‘ kasb dunyoda yo‘q.
Mana yoshim 90ga qarab ketyapti. Hozir ham ko‘zoynaksiz kitob o‘qiyman. Ko‘zoynaksiz 1 yoki 2 soat kitob o‘qisam ham ko‘zimdan yosh oqmaydi. Buning sababiga o‘zim ham hayron qolaman.

Sport o‘yinlarini tomosha qilish kunlik odatim. Yoshligimdan futbolga, yugurishga qiziqqanman. O‘zbekistonda eng sevgan jamoam Paxtakor jamoasi. Dunyoda Realdan kuchli jamoa yo‘q. Real o‘ynaydigan kuni uyqum kelmaydi. Uxlamayman. Futbol chempionatlari asosan tunda bo‘ladi. Yarim tunda bo‘lsa ham Realning o‘yinlarini tomosha qilib keyin uxlayman. Eng sevimli o‘yinchim Realning sobiq o‘yinchisi Krishtianu Ronaldu.

Chorvalarga ham mehrim o‘zgacha. Qo‘y, sigirim bor. Ularga xashak tashlayman, vaqti kelganda yemini beraman. Bolalar katta chelakda suv olib borib qo‘yadi. Suvini beraman. Chorvalar bilan ham ozgina bo‘lsa ham ovunaman. Ancha taskin topaman”, deydi Erkinboy ota.
Erkinboy ota haftaning har payshanba kuni hassasiga suyanganicha yo‘lovchi mashinaga chiqib tuman markazidan gazeta sotib olib kelib o‘qir ekan...
Mavzuga oid
14:34 / 30.03.2026
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
12:30 / 14.03.2026
Karmana tuman hokimi o‘qituvchilarni hokimlikka yig‘ib, qariyb 1 soat turg‘izib qo‘ydi
19:25 / 02.03.2026
Vazirlik attestatsiya testida xatolik bo‘lganini tan oldi
21:22 / 28.02.2026