O‘zbekiston | 20:33 / 13.11.2024
2540
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi

Kompaniyaning izohlashicha, buning natijasida yuk tashish tariflari vagon turidan kelib chiqib o‘rtacha 8-10 foizga oshadi.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 2024 yil 1 dekabrdan mahalliy qatnovdagi vagonlar orqali yuk tashish tariflarini oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tomonidan ko‘rsatilayotgan yuk tashish xizmatlarida vagon qismiga bog‘liq xarajatlar oshgan.

«Ushbu xarajatlarni qisman qoplash hamda yuk vagon parkini yangilash maqsadida 2024 yil 1 dekabrdan mahalliy qatnovda aksiyadorlik jamiyatiga tegishli (inventar) vagonlarda yuk tashish tariflari vagon turidan (universal, maxsuslashtirilgan va sisterna) kelib chiqib, tarif stavkalaridagi vagon qismi 30 foiz miqdorida oshiriladi», – deyiladi xabarda.

Kompaniya matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu o‘zgarish yuk tashish tariflarining o‘rtacha 8-10 foizga oshishiga olib keladi.

“Yuk tashish tariflari infrastruktura, lokomotiv va vagon qismlaridan tashkil topadi. Shu munosabat bilan faqatgina vagon qismi 30 foizga oshirildi, bu jami tarifga vagon turidan kelib chiqib o‘rtacha 8-10 foiz ta’sir etadi”, – deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori asosida 2024 yil 1 yanvardan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatilgan.

  • 2024 yil 20 yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» tezyurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshgan edi. 15 maydan boshlab esa «Afrosiyob» elektropoyezdi chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foizga, biznes klass uchun 30 foizga, VIP klass uchun 40 foizga oshirilgandi.

Mavzuga oid