O‘zbekiston | 08:35 / 14.02.2019
6973
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari paydo bo‘ladi 

Foto: Fotolia / rogerphoto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlarini kiritish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilishi vaqtida davlat tizimi doirasida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.K.Shodmonov):

psixiatriya yordamini olish imkoniyati, uning samaradorligi va sifatini oshirish, ruhiy holatlar buzilishining ijtimoiy va iqtisodiy yukini kamaytirish, shuningdek, aholining ko‘rsatilayotgan davolash-diagnostika va tibbiy-reabilitatsiya yordamidan to‘liq qoniqish hosil qilishiga erishish maqsadida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati faoliyatini yanada maqbullashtirish yuzasidan ta'sirchan choralar ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga ruhiy holatlar buzilishiga tashxis qo‘yish va ularni davolash klinik protokollarini joriy etadi;

ruhiy holati buzilgan shaxslarni zamonaviy yuqori samarali dori vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘radi;

ish vaqtini xronometrajdan o‘tkazish orqali aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatishda ishtirok etadigan mutaxassislar ish hajmi normativlarini kelgusida shtat normativlariga o‘zgartishlar kiritgan holda qayta ko‘rib chiqadi;

Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot taqdim etgan holda, ularning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan monitoring o‘tkazilishini ta'minlaydi;

Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosiga, shuningdek, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilishga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni muntazam tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish yuzasidan choralar ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini tayyorlash va kiritishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishini nazarda tutadi.

Mavzuga oid