O‘zbekiston | 09:49 / 07.06.2024
6665
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kichik AES birinchi reaktori 5 yildan keyin ishga tushirilishi mumkin

Kichik AESning birinchi reaktori quvvatini ishga tushirish joriy yil yozida boshlanishi kerak bo‘lgan ustuvor ishlar tugaganidan 60 oy (5 yil) o‘tib amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasining birinchi reaktorini 5 yildan keyin ishga tushirish rejalashtirilyapti. Bu haqda Spot'ga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Loyiha Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon ko‘li yaqinidagi dastlab yirik atom elektr stansiyasini joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan avval tasdiqlangan maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktor bloki negizida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasining qiymati maxfiy ma’lumotlar bo‘lib, oshkor etilmaydi», — deyiladi agentlik axborotida.

Kichik AESning birinchi reaktori quvvatini ishga tushirish joriy yilning yozida boshlanishi kerak bo‘lgan ustuvor ishlar tugaganidan 60 oy (5 yil) o‘tib amalga oshiriladi.

Har bir keyingi reaktor olti oy ichida ishga tushiriladi. Oltita reaktorli kichik AESning to‘liq ishga tushirilishi 2032 yil yoki undan keyinga reja qilingan.

AES qurilishi bo‘yicha shartnoma 27 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi chog‘ida AES qurish direksiyasi va «Atomstroyeksport» kompaniyasi («Rosatom»ning injiniring bo‘limi) o‘rtasida tuzilgan edi.

Mavzuga oid