«Otalar bolasining jasadini ko‘tarayotgan dunyoda hech kim xavfsizlikda emas» – Erdo‘g‘an partiya yig‘ilishida «yorildi»
Turkiya prezidenti Rajab-Toyyib Erdo‘g‘an G‘arb mamlakatlarini Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni keskinlashtirishda aybladi. U Turkiya Falastin xavfsizligi uchun kafil bo‘lishini taklif qildi. Shuningdek, HAMASni terrorchi tashkilot emas, o‘z yurtini ozod etish uchun kurashayotgan mujohidlar deb atadi.

Erdo‘g‘an partiyadoshlari bilan uchrashuv vaqtida G‘azodagi urush fonida Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilganini aytdi. Turkiya yetakchisi shuningdek AQShning O‘rta Yer dengiziga qiruvchi samolyotlar tashuvchi kemasini yuborgani mintaqaga tinchlik olib kelmasligini ta’kidladi.
«7 oktyabrdan buyon Isroil G‘azodagi begunoh odamlarga qarshi tarixdagi eng qonli hujumlardan birini amalga oshirmoqda. O‘lganlarning yarmi bolalar, qolgan yarmi ularning onalari va qariyalar. Mana shuning o‘zi ko‘rsatib turibdiki, hujumdan maqsad hech qanaqasiga o‘zini himoya qilish emas, ongli tarzda qilinayotgan insoniyatga qarshi jinoyatdir.
Shundog‘am qiruvchi samolyotlar maktablar, kasalxonalar, bozorlarni portlatib, bolalarni o‘ldirmoqda. Endi esa bu noinsoniy harakatlarini o‘z tanklari, to‘plari va qurollari bilan davom ettirishmoqchi. Dunyoda bu ishlardan tap tortmaydigan boshqa davlat va armiyani topa olmaysiz.
Bizning Isroil davlati bilan muammomiz yo‘q. Ammo ularning davlat kabi emas, guruh kabi qilayotgan zulmkorligini hech qachon oqlamaymiz. Men Netanyahu degan odam bilan bir marta qo‘l berib ko‘rishganman. Bu AQShdagi «Turkiya uyi»da bo‘lgandi. Ammo u bizning ezgu niyatimizni suiiste’mol qildi va biz endi Isroilga safar qilishdan bosh tortdik.
Vijdoni va aqlini yo‘qotmagan davlatlardan Isroil o‘zini yig‘ishtirib olishi uchun unga bosim o‘tkazishini so‘rayman. G‘azoda musulmonlar o‘lishda davom etar ekan, mintaqaga kelgan hech qanday kema, hech qanday samolyot, uyushtirilgan hech qanday siyosiy shou tinchlik olib kelmaydi. Unutmang, ota-onalar o‘z bolasining jasadini ko‘tarayotgan bugungi dunyoda hech kim o‘zini xavfsizlikdaman deb ayta olmaydi», degan Erdo‘g‘an.
Turkiya prezidenti G‘azo sektorida bolalar o‘limi uchun mas’uliyatni ham G‘arb mamlakatlari zimmasiga yuklagan. «Hujumni oqlash – G‘arbning qonli tarixi merosidir. G‘azo sektoridagi qirg‘in uchun aybdorlar Isroilga cheksiz yordam ko‘rsatayotganlardir. Ular bu mintaqada hech qachon tinchlik bo‘lmasligini istashadi. Ularga qolsa urushning mash’um ko‘lankasi hech qachon O‘rta Yer dengizini tark etmasin. Ular o‘zlari zulm, qonxo‘rlik va ko‘z yosh evaziga yaratgan ekspluatatsiya tuzumlari yana uzoq vaqt hukmronlik qilishini istashadi. Biz mintaqadagi barcha – musulmonlar, nasroniylar va yahudiylar tovonini to‘layotgan bu tuzumni rad etamiz», degan Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an HAMASni terrorchi tashkilot deb hisoblashdan bosh tortishi, uning jangchilarini o‘z yurtini ozod etish uchun kurashayotgan mujohidlar deb bilishini aytgan. Shu bilan birga, turklar hech qachon irqchi bo‘lmaganini yahudiylar barchadan ko‘ra yaxshiroq bilishini qo‘shimcha qilgan.
«Butun G‘arb HAMASni terrorchi tashkilot deb atamoqda. Ular sizning oldingizda qarzdordir, lekin bizning qarzimiz yo‘q. HAMAS bu terrorchilik tashkiloti emas, o‘z yurtini, fuqarolarini himoya qilayotgan mujohidlardir.
Biz insoniyatning qadim manzili Onado‘lini vatan tutgan millat sifatida tirik murdalarga to‘lgan dunyoda o‘z pozitsiyamiz haqida baralla gapirishga, tilimiz, qo‘limiz bilan harakat qilishda davom etamiz. Ammo biz na o‘zimizga va na Falastin xalqiga foyda keltirmaydigan quruq gaplar bilan qahramonlik qilmoqchi emasmiz. Aniq reja bilan harakat qilishimiz kerak. Axir biz – ortida ming yillik donishmandlik turadigan Turkiya respublikasimiz.
Davlat va millat sifatida boshlagan ishlarimiz, aytgan gaplarimizni oxirigacha yetkazib qo‘yishimiz kerak. Aks holda na o‘z millatiga, na ummatga va insoniyatga foydasi tegmaydigan ba’zi davlatlardan farqimiz qolmaydi», degan u.
Erdo‘g‘an Turkiyada yahudiylar doim totuvlikda yashaganini eslatdi. Turkiya yetakchisining fikricha, Isroil davlati xavfsizlik bo‘yicha 10 ming chaqirimdagi ittifoqchilari bilan emas, yaqin qo‘shnilari, ayniqsa Turkiya bilan muloqot qilishi kerak.
«Turklar hech qachon millatchi bo‘lmaganini ayniqsa yahudiylar hammadan yaxshi biladi. Ular bizning yerlarimizda asrlar davomida yashab, biror marta kamsitilmadi. Bugun ular suyanayotgan kuchlar ertaga ketadi va isroilliklar yana 500 yil avval bo‘lgani kabi Turkiyadan panoh izlashadi», degan u.
Turkiya prezidenti barcha tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishi va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ham ochilishi kerakligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Turkiya falastinliklar uchun xavfsizlik kafolati bo‘lishga tayyor.
«Mintaqadagi tinchlik butun dunyo tomonidan tan olinadigan, 1967 yilgi chegaralardagi, poytaxti Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati barpo etilishiga bog‘liq. Aks holda bunday yakson etuvchi olov qayerga tarqalishi noma’lum. Hozir eng avvalo o‘t ochish rejimini to‘xtatish, keyin asirlarni ozod qilish kerak. Siz bolalarni qafasga tiqyapsiz, bu nima degan gap, axir u bola-ku. Tezda gumanitar koridor ochilishi kerak. G‘azoga 20 ta yuk mashinasida yordam yuborildi, lekin bu dengizdan tomchi xolos.
Isroil G‘azodagi tinch aholiga borayotgan gumanitar yordamga, vayronalarni tozalashga, infratuzilma, ichimlik suv va energiya ta’minotini tiklashga qarshilik qilmasligi kerak. Tezda vaqtincha qochoqlar lageri, dala kasalxonalari qurish, hududga katta va kichik generatorlar olib kirish kerak. Ayniqsa Ramallohdagi qochoqlarga nisbatan terrorni tezda tugatish shart.
Turkiya G‘azoda tinchlikka erishish bo‘yicha konkret taklif tayyorlayapti. Biz gumanitar, siyosiy va kerak bo‘lsa harbiy kuchimiz bilan Falastin tinchligi uchun kafil bo‘lishga tayyormiz», degan Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisi musulmon davlatlarni birdamlikka chorlab, Islom birdamligi tashkilotini hech bo‘lmasa shu safar o‘z missiyasiga munosib harakat qilishga chaqirdi: «Musulmon davlatlar birdamlikda harakat qilsa, avvalo o‘t ochishni to‘xtatishga, keyin esa tinchlikka erishishga yordam berishi mumkin. Tuzilish maqsadlaridan biri Quddus va Falastinni himoya qilish bo‘lgan Islom birdamligi tashkiloti hech bo‘lmasa shu safar o‘z missiyasiga munosib harakat qilishiga umid bildiramiz.
Turkiya xalqaro Falastin – Isroil tinchlik konferensiyasi o‘tkazishni taklif qiladi. Unda mintaqadagi ta’sir doirasi katta kuchlar qatnashishi va Oslo, Madrid, Sharm ash Shayx va Annapolisda bo‘lgan avvalgi uchrashuvlarda yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarilgan holda o‘tishi kerak», dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya prezidenti BMT va ayniqsa tashkilot Xavfsizlik kengashi islohga muhtojligidan afsusdaligini aytdi. Erdo‘g‘anga ko‘ra, Xavfsizlik kengashi doimiy a’zoligiga faqat 5 davlat kirishi xato ekani G‘azodagi voqealar fonida yana bir bor isbotlandi.
«BMTning kuchsizligiga navbatdagi marta guvoh bo‘layotganimizdan chuqur qayg‘uga botaman. Minglab begunoh odamlar, bolalar o‘lib ketayotganiga qarshi hatto gapira olmaydigan tuzilmani saqlab qolishning o‘ziyoq mantiqsizdek ko‘rinmoqda. Bolalar azoblanib o‘layotganiga ko‘z yumadigan tashkilotni hech kim jiddiy qabul qilmaydi, unga birov ergashmaydi. Umid qilaman, bizning chaqiruvlarimizni eshitishadi. Yana bir gap, dunyo 5 davlatdan iborat emas, bu G‘azodagi voqealardan keyin yana ko‘rindi», degan Turkiya prezidenti.
Erdo‘g‘an Turkiyaning eng yirik shahri Istanbulda 28 oktyabr kuni, ya’ni Turkiya davlati 100 yilligi bayramidan bir kun avval Falastinni qo‘llab marsh o‘tkazilishini aytdi.
«Bu mojaro olovi 28 oktyabr kuni, biz Istanbulda o‘tkazadigan mitingda o‘cha boshlashiga umid qilaman. Unda imkon qadar ko‘p odam qatnashishini istagan bo‘lardik. Hammani, ayniqsa Istanbulga yaqin shahardagilarni mitingda qatnashishga chorlayman.
Siyosatchilar, sportchilar, san’at arboblari, barcha mashhur insonlar va G‘azodagi mazlumlarni qo‘llash uchun qiladigan bu ishimizni qo‘llovchi 85 millionlik xalqimizning har bir a’zosiga rahmat aytaman. Bu birdamligimiz belgisi va bizga kuch-quvvat beradigan manbaga aylansin. Respublikamiz 100 yilligi haqidagi gaplarimni esa bu boradagi 29 oktyabrdagi bayramda aytaman. Hammangizni yaxshi ko‘raman», deb o‘z nutqini yakunlagan Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya yetakchisi Ukrainadagi urush boshlangach butun dunyoni oyoqqa turg‘izgan davlatlar G‘azodagi qirg‘inga jim qarab turgani uchun ularni ikkiyuzlamachilikda aybladi. Erdo‘g‘an Isroil xato yo‘lda ekani, bu yo‘lda unga G‘arb va AQSh hamroh bo‘lsa ham, haqiqatga qarshi borayotgani uchun mag‘lubiyatga mahkumligini aytdi.
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Italiyada milliarder Maykl Linchning cho‘kib ketgan superyaxtasi suv tubidan olib chiqiladi
Jahon | 18:29
-
Hindistondagi mehmonxonada yong‘in yuz berdi. Qurbonlar bor
Jahon | 18:16
-
Tramp jahonda neft narxining so‘nggi yillardagi eng katta pasayishiga sabab bo‘ldi – OAV
Jahon | 17:35
-
Toshkentning Shayxontohur tumani hokimligi binosi sotuvga qo‘yildi
O‘zbekiston | 17:21
Mavzuga oid

14:41
G‘azoda otishmalar ostida tarqatilayotgan taom, AQSh harbiy uchog‘ini qulatgan husiychilar va «kelajak shahri»ni tortolmayotgan Saudiya - kun dayjesti

15:27 / 29.04.2025
Isroilga qarshi sud eshituvi, Hindiston hujumini kutayotgan Pokiston va Ukrainada 9 may otashkesimi - kun dayjesti

10:54 / 29.04.2025
BMT sudi Isroilning G‘azodagi embargosi bo‘yicha eshituvlarni boshladi

13:05 / 28.04.2025