Jahon | 11:00 / 19.05.2026
2559
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp «arab davlatlari iltimosi bilan» Eronga yangi hujumni ortga surganini aytdi

Foto: REUTERS/Evan Vucci/File Photo

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Eronga rejalashtirilgan yangi zarbani Fors ko‘rfazi davlatlarining iltimosiga ko‘ra keyinga qoldirayotganini, chunki «hozir jiddiy muzokaralar olib borilayotgani»ni aytdi.

«Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud va BAA prezidenti Muhammad bin Zaid Ol Nahayyon mendan Eronga qarshi ertaga rejalashtirilgan hujumimizni qoldirishni so‘radi, chunki hozir jiddiy muzokaralar ketmoqda va ularning buyuk rahbar hamda ittifoqchi sifatidagi fikriga ko‘ra, kelishuvga erishiladi», – deya yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Tramp uni AQSh uchun «mutlaqo ma’qul» hisoblanadigan kelishuv tuzilishi ehtimoli haqida xabardor qilishganini aytib, «Eronda yadro quroli bo‘lmasligi»ni qo‘shimcha qilgan.

«Ushbu rahbarlarga bo‘lgan hurmatim yuzasidan men Pentagon rahbari Pit Hegset, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Den Keyn va AQSh qurolli kuchlariga ertaga Eronga hujum qilinmasligi bo‘yicha ko‘rsatma berdim. Ammo shu bilan birga, agar maqbul kelishuvga erishilmasa, birinchi buyruq bilan Eronga qarshi to‘liq miqyosli keng qamrovli hujum boshlashga tayyor turishni topshirdim», – deya izohlagan Tramp.

U kelishuv Eronning yadro quroliga ega bo‘lmasligini nazarda tutishi lozimligini ta’kidlagan.

Eron Trampning so‘nggi bayonotlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.

So‘nggi kunlarda Trampning ritorikasi keskinlashishi fonida AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy kampaniyani qaytadan boshlashga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandi.

Xususan, AQSh prezidenti «Eron uchun vaqt o‘tib borayotgani va ular shoshilishi kerakligi, aks holda ulardan hech narsa qolmasligi»ni aytib, Tehronga zarbalarni qayta boshlash bilan tahdid qilgandi.

Agar Eron o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, AQSh muzokaralarni «bombalar yordamida» davom ettirishga majbur bo‘ladi, deb yozgan Axios nashri AQSh rahbariyatidagi yuqori martabali manbaga tayanib.

Isroil va AQSh harbiylari 28 fevral kuni Eronga havo hujumlarini boshlagan, bunga javoban Tehron Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi Isroil va Amerika nishonlarini dron va raketalar bilan o‘qqa tutgandi.

Aprel oyiga kelib «muzokaralarni osonlashtirish uchun» vaqtinchalik sulh tuzildi, otashkesim vaqti-vaqti bilan buzilib turgan bo‘lsa-da, to‘liq bekor bo‘lmadi.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda davom etmoqda va dunyodagi neft va suyultirilgan gaz yetkazib berishning taxminan 20 foizi o‘tadigan ushbu hayotiy muhim suv yo‘lini amalda yopib qo‘ygan. Tehron butun dunyoda neft narxi keskin oshishiga olib kelgan bu qadamni AQSh va Isroilning hujumlariga javob deb atagan.

AQSh ham Tehronga bosim o‘tkazish va uni kelishuv shartlariga rozi bo‘lishga majburlash uchun Eron portlarini blokada qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid