O‘zbekiston | 19:59 / 25.11.2023
41133
5 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorga qarashli radar qayd etgan jarima sudda bekor bo‘ldi. Bunga uning beton “stolba”ga o‘rnatilgani sabab bo‘lgan

Xorazm viloyatida tadbirkor tomonidan beton simyog‘ochga o‘rnatilgan radar nizoli holatdan so‘ng olib tashlandi. Sud bu radardan kelgan jarimani bekor qilgan. Xorazm viloyati IIB YHXB esa sud qarori talabini bajarmasdan, holatni qayta ko‘rib chiqmay takror jarima qo‘llagan.  

Foto: IIB

Radarlar bilan bog‘liq navbatdagi nizoli holat Xorazm viloyatida yuz berdi: tadbirkor tomonidan beton simyog‘ochga o‘rnatilgan radar haydovchi tezlikni oshirganini qayd qilgan, viloyat IIB YHXB jarima qo‘llagan. Haydovchi esa tezlikni oshirmaganligini, radar belgilangan talablarga zid ravishda o‘rnatilganligini aytib, sudda yutib chiqqan.

Holat qanday bo‘lgan?  

Haydovchi Mansurbek Madaminov 2023 yilning 14 avgust kuni ishonchnoma asosida “Glass Pro” MChJga tegishli Cobalt mashinasini Urganch shahri, Xonqa ko‘chasida boshqarib ketayotib, radarga tushgan. Radar moslamasi u mashinani 60 km/s tezlik chegaralangan hududda 68 km/s tezlikda boshqarganligini qayd qilgan.

Xorazm viloyati IIB YHXB MAI inspektori Tolibjon Davletov tomonidan 15 avgust kuni jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Inspektor qarorida ham “Glass Pro” MChJga tegishli Cobalt mashinasi yuqoridagi manzilda soat 10-35 da 60 km/s tezlik chegaralangan joyda 68 km/s tezlikda harakatlangani yozib qo‘yilgan.

Ammo Mansurbek Madaminov tezlikni oshirmaganligini va radar noto‘g‘ri o‘rnatilganligini aytib, sudga murojaat qiladi.

Sud 2023 yil 5 oktyabr kuni haydovchining arizasini qanoatlantirgan holda ma’muriy jazo qo‘llash haqidagi qarorni bekor qilib, ishni qayta ko‘rish uchun Xorazm viloyati IIB YHXBga yuboradi.

Biroq ish qayta ko‘rilmaydi va ayni shu holat bo‘yicha yana jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilinadi.

Sud 10 noyabr kuni Mansurbek Madaminov shikoyati asosida ishni yana ko‘rib chiqib, Xorazm viloyati IIB YHXB MAI inspektori Tolibjon Davletovning 1 noyabr kunidagi jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini bekor qiladi hamda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishni tugatadi.

Beton simyog‘ochga o‘rnatilgan radar noqonuniy 

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 apreldagi qarori bilan “Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan. 

Mazkur Nizomda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi belgilab berilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, radar o‘rnatishda «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi filialidan, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining hududiy korxonasidan, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi hamda tuman (shahar) hokimliklaridan obekt bo‘yicha texnik shartlar olishi lozim. 

Shuningdek, texnik talablarga ko‘ra, tizimlar 6 metrdan kam bo‘lmagan balandlikda metall ustunga (!) o‘rnatilishi talab etiladi.  

Yuqoridagi holatda radar beton simyog‘ochga o‘rnatilgan. Bu esa uni o‘rnatish bo‘yicha belgilangan texnik talablarga mos emas.

Mansurbek Madaminovning murojaati asosida holatni o‘rganib chiqqan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining davlat nazorati departamenti Xorazm viloyati mutaxassislari ham tizim texnik talablarga mos ravishda o‘rnatilmaganligi haqida xulosa bergan.

Nizoli vaziyatdan so‘ng tadbirkor tomonidan beton simyog‘ochga o‘rnatilgan radar yechib olingan.

Haydovchilarning “cho‘ntagini teshayotgan” radarlar

Ushbu radar noqonuniy o‘rnatilganligi fosh bo‘lguncha nechta haydovchiga jarima borganini chamalab ko‘rish qiyin emas.

Qolaversa, texnik talablarga ko‘ra, tizimlar metall ustunga o‘rnatilishi zarur. Yo‘llarda esa beton ustunlarga, simyog‘ochlarga o‘rnatilgan yuzlab radarlar haydovchilarning “cho‘ntagini teshayapti”: mashinani qoida buzmasdan, tezlikni oshirmasdan haydaydiganlar ham radarlarning “o‘ljasi”ga aylanib qolyapti. “Gai”lar esa shunchaki savodsizlarcha bayonnoma rasmiylashtirish-u, jarima yozish bilan mashg‘ul.

Mavzuga oid