O‘zbekiston | 22:15 / 01.03.2017
15934
4 daqiqa o‘qiladi

Soliq qarzlarini undirishda kam ta'minlangan oilalarga yordam beriladimi?

2017 yil 1 mart kuni Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasida Sud ijro departamenti hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi va bo‘linmalari ishtiroki qo‘shma seminar yig‘ilish tashkil etildi. 

Yig‘ilishda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Valiyev, Soliq bo‘yicha qarzlarni majburiy undirish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Rajabov, Sud ijro departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Akrom Rustamov va boshqalar ishtirok etishdi. 

Seminar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Soliq va byudjyet siyosatining 2017 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta'minlash borasidagi ishlar tahlil qilindi. 

Shuningdek, davlat rahbarining 2016 yil 27 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi, soliq qonunchiligidagi yangilik va o‘zgarishlar haqida fuqarolarni xabardor qilish bo‘yicha qilinayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Soliq kodeksining 56 va 61 moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq qarzi bir yil mobaynida to‘lanmasa, soliq qarzininng me'yoridan qat'i nazar sudga berilib, sud ijrochilari orqali majburiy undirish tartibi belgilanadi. 

Yig‘ilishda boshqarmalar tomonidan sohaga oida qator takliflar berildi:

•  Endilikda sud ijrochilarning 90 foizi mahalla fuqarolari yig‘ini faollari bilan birgalikda tegishli manzilga borib, soliqlarni majburiy undirish bilan shug‘ullanadi;

•  Soliqlarni to‘lash uchun moliyaviy jihatdan imkoni bo‘lmagan, kam ta'minlangan insonlarning yashash sharoiti mahalla va sud ijrochilari tomonidan to‘laqonli o‘rganiladi. Ularga ijtimoiy yordam berish uchun kam ta'minlangan insonlarning qarzdorligi homiylar tomonidan qoplanishida mahalla raislari, oqsoqollar, qo‘shnilarning o‘rni juda katta. Shu sababli, kam ta'minlangan oilalarga vazminlik bilan munosabatda bo‘lib, kerakli yordamlarni qo‘llash talab etiladi.

•  Endilikda soliq undirish uchun mahallalarga borilganda, sud ijrochilariga OAV ham biriktiriladi. Bu esa fuqarolarning sharoitini o‘rganib, xolislik bilan ishga yondoshishda o‘z xissasini qo‘shadi. 

Bundan tashqari, yig‘ilishda ayrim muammolar hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar muhokama qilindi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘tkazish belgilab olindi.

Mavzuga oid