Jahon | 18:59 / 29.05.2026
7382
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron kelishuvga yaqin. Vositachilar muhokama qilayotgan 5 muhim masala tafsilotlari

Memorandum - Eronning yadro dasturi kelajagi, Tehron uchun tiklanish jamg‘armasi va uning muzlatilgan pullari, AQSh sanksiyalari va Ho‘rmuz bo‘yicha yanada jiddiyroq muzokaralarga yo‘l ochadigan asos bo‘ladi. Shunga qaramay, bir qancha kelishmovchilik nuqtalari hali ham saqlanib qolmoqda.

Foto: Getty Images / SBS News

Bir necha haftadan beri Eron va AQSh o‘rtasidagi vositachilar urushga chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan dastlabki kelishuvni puxta ishlab chiqishga urinmoqda. Tomonlar bir-birini vaqtni cho‘zish yoki shartlarni noto‘g‘ri talqin qilishda ayblashi oqibatida bu urinishlar bir necha marotaba barbod bo‘ldi.

Muzokaralarda ishtirok etayotgan diplomatlarning aytishicha, tortishuvlar qanchalik uzoq davom etsa, har ikki tomon shunchalik asabiylashishi va o‘t ochishlar ko‘payishi mumkin. Bu esa kengroq diplomatik sa’y-harakatlarni yanada xavf ostiga qo‘yadi.

Hozirgi kunda har ikki tomon roziligini olishga yaqinroq bo‘lgan yangi memorandum loyihasi muhokama qilinmoqda. Ammo ularning ayrim shartlar bo‘yicha bayonotlari turlicha va prezident Donald Tramp uni hali tasdiqlamagan.

Bu memorandum – Eron yadro dasturining kelajagi, AQShning sanksiyalari va urushni rasman yakunlashni belgilab beruvchi yanada jiddiyroq muzokaralar uchun yo‘l ochadigan dastlabki asos bo‘ladi.

New York Times nashri ismlari sir qolishi sharti bilan gapirgan Eron va AQSh rasmiylari, shuningdek muzokaralarda qatnashayotgan ikki diplomatga tayanib, so‘nggi taklifda muhokama qilinayotgan ayrim tafsilotlarni ochiqladi.

Harbiy harakatlar yakunlanadi, ammo…

Kelishuv loyihasi Vashington va Tehron o‘rtasida hujum qilmaslik to‘g‘risidagi pakt shartlarini belgilab berishi kutilmoqda.

Loyiha mintaqaviy miqyosga ega bo‘lib, Livandagi janglarni to‘xtatishni ham o‘z ichiga oladi. U yerda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinganiga qaramay, Isroil va Hizbulloh sulhni doimiy ravishda buzib kelmoqda.

002
Foto: Getty Images

So‘nggi shartlardan xabardor ikki diplomatning aytishicha, dastlabki kelishuv dastlab 60 kunlik muddatga harbiy harakatlarni to‘xtatishni ko‘zda tutadi. Bu tomonlar o‘rtasida muzokaralar olib borishga imkon beradi va uni uzaytirish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.

Anglashuv memorandumidagi yuqoridagi shartlar faqat kengroq va asosiy bitim bo‘yicha muzokaralar olib boriladigan davrga tegishlidir.

Shunga qaramay, noaniqliklar saqlanib qolmoqda, deydi manbalar. Muzokaralar pokistonliklar va qatarliklar vositachiligida olib borilgan. Shu bois tomonlar memorandumning aynan bir xil versiyasi ustida ishlayotgani yoki Eronda kelishuvni tasdiqlash uchun kim vakolatga ega ekanligi aniq emas.

Ho‘rmuz – hamon asosiy kelishmovchilik nuqtasi

Fevral oyida AQSh-Isroil hujumi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘yib, jahon iqtisodiyotini larzaga keltirdi. Bunga javoban AQSh kuchlari Eron portlari va Ko‘rfazdagi energetika obektlariga qarshi o‘zining dengiz blokadasini joriy etdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi – tijorat kemalari uchun muhim suv yo‘li bo‘lib, urushdan oldin dunyodagi neft va gazning taxminan beshdan bir qismi u orqali o‘tgan.

AQShning memorandum bo‘yicha qarashiga ko‘ra, bo‘g‘oz zudlik bilan qayta ochiladi. Ammo, AQSh blokadasi saqlanib qoladi va Eron kema qatnovini qanchalik tiklashiga qarab bosqichma-bosqich yumshatib boriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – Eronni bo‘g‘ozni tezda minalardan tozalashga undashdir.

Eron yakuniy bitim bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgan paytda, dengiz qatnovini 30 kun davomida urushdan oldingi darajaga qaytarishga rozi bo‘lgan. Shunga qaramay, bo‘g‘ozni minalardan tozalash va ochish jarayoni bir necha hafta davom etishi mumkin. Tehron bundan keyin nima bo‘lishi borasida Vashington bilan hali ham bahslashmoqda.

003
Foto: Reuters

Xususan, Eron rasmiysi AQShning dengiz blokadasi «30 kun ichida» olib tashlanishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muzokaralar davomida ochiq bo‘lishini aytgan. AQSh rasmiysi esa Qo‘shma Shtatlar buni amalga oshirish uchun hech qanday muddat belgilamaganini aytmoqda.

Bundan tashqari, eronlik muzokarachilar ushbu muddatdan keyin Eron va O‘mon – bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalar uchun qandaydir xizmat haqi joriy etish yoki etmaslik huquqiga ega, degan fikrida qat’iy turibdi.

Ammo, 27 may kuni prezident Tramp xalqaro suv yo‘li yakunda hech qanday boj yoki to‘lovlarsiz hamma uchun ochiq qolishi haqidagi da’vosini yana bir bor takrorladi. Shu bois AQShning ba’zi muzokarachilari bo‘g‘ozning uzoq muddatli maqomini muzokaralarning ikkinchi raundiga qoldirishni taklif qilgan.

Eron uchun urushdan keyingi «investitsiya jamg‘armasi»

Kelishuvga kiritilgan eng hayratlanarli va yaqinda paydo bo‘lgan qo‘shimcha, shubhasiz, Eron uchun investitsiya jamg‘armasining tilga olinishidir. Eron rasmiysi va bir diplomat buni 300 milliard dollar deb baholadi. Vositachilikka jalb qilingan boshqa manbalar bu miqdorni tasdiqlamadi.

Eron rasmiysi buni yakuniy kelishuv imzolangan taqdirda Eronga va’da qilinadigan «qayta tiklash dasturi» deb ta’rifladi. Muzokaralarning avvalgi bosqichlarida Tehron bombardimonlar natijasida ko‘rilgan zararlarni qoplashni talab qilgan edi. Eronning ba’zi rasmiylari zarar miqdorini 300 milliarddan 1 trillion dollargacha baholamoqda.

Loyihadan xabardor diplomatlar buni xalqaro «investitsiya jamg‘armasi» deb atadi. Yakuniy bitim imzolangan taqdirda Qo‘shma Shtatlar uning faoliyatiga ko‘maklashadi. Jamg‘arma rejalari muzokaralar davrida batafsil muhokama qilinadi.

004
Foto: New York Times

Ushbu taklif Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkof va prezidentning kuyovi Jared Kushner tomonidan ilgari surilgan avvalgi g‘oyaning takrorlanishi bo‘lib ko‘rinmoqda. Ularning ikkisi ham ko‘chmas mulk investorlari bo‘lib, kelishuvga erishilgan taqdirda ular Tehronda ko‘chmas mulk loyihalari va ushbu jamg‘armani taklif qilgan.

Shuningdek, eronlik rasmiylar ham AQShning yirik neft va energetika korporatsiyalari Eronga investitsiyalar kiritishi mumkinligini taklif qilgan.

Yadroviy muzokaralar ikkinchi bosqichga qoldiriladi

Kelishuv loyihasi har ikki tomonga Eronning boyitilgan urani taqdirini muhokama qilish majburiyatini yuklaydi. Manbalarga ko‘ra, bu mavzu muzokaralarning ikkinchi bosqichida bo‘lib o‘tadi va Eronning yuqori darajada boyitilgan qariyb 450 kg uran zaxirasini qanday yo‘q qilishni o‘z ichiga oladi.

Muzokarachilar shuningdek, pastroq darajada boyitilgan yana 10 tonna yadroviy material bilan ham shug‘ullanishlariga to‘g‘ri keladi.

Tramp dastlab bu zaxiralar Qo‘shma Shtatlarga yuborilishi kerakligini aytgandi. Eron esa boyitilgan uranning bir qismini xalqaro inspektorlar nazorati ostida o‘z hududida suyultirishni va zaxiraning boshqa qismlarini uchinchi davlatga jo‘natishni xohlaydi.

Keyinroq Tramp ham biroz moslashuvchanlik ko‘rsatib, xalqaro inspektorlar nazorati ostida boyitish darajasini suyultirish yoki uchinchi davlatga yuborish ham maqbul bo‘lishini aytdi. Ammo u Eron uranini Rossiya yoki Xitoy qabul qilishidan mamnun emas.

Loyihaga ko‘ra, ikki tomon yakuniy bitim muzokaralarini olib borayotganda, Tehron Vashingtonning sanksiyalarni oshirmaslik haqidagi va’dasi evaziga o‘z yadro dasturini to‘xtatib turadi. Agar yakuniy kelishuvga erishilsa, AQShning Eronga qarshi amaldagi sanksiyalari vaqt o‘tishi bilan olib tashlanadi.

Eronning muzlatilgan aktivlari

Memorandum yakuniy natijada Eronning muzlatilgan mablag‘lari bir qismini ozod qilishga imkon berishi kutilmoqda. Biroq, qog‘ozda yozilgan narsa ikki tomon og‘zaki ravishda kelishib olgan narsaga mos kelmasligi ham mumkin.

Eron xorijiy banklarda taxminan 24 milliard dollar puli muzlatilgani da’vo qiladi va ular ozod qilinmasdan turib jiddiy muzokaralar boshlanishi mumkin emasligini ta’kidlaydi.

005
Foto: New York Times

New York Times'ga ko‘ra, bu Tramp uchun juda nozik mavzu. Chunki u sobiq prezident Barak Obama ma’muriyati 4 nafar amerikalikning ozod qilinishi evaziga Eronga 1,7 milliard dollar yuborganidan so‘ng uni keskin tanqid qilgandi.

Obamaga qaraganda ancha ko‘proq milliardlarni Eronga berishga yo‘l qo‘yish Trampni – ham o‘z muxoliflari, ham Eronga qarshi amaldorlar hujumlariga duchor qilishi mumkin. Shu bois Tramp o‘z yordamchilariga – AQSh Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri naqd pul berayotganini ko‘rsatuvchi har qanday kelishuvni imzolamasligini aniq tushuntirgan.

Ushbu siyosiy voqelikni hisobga olgan holda, Tramp jamoasi – boshqa davlatlar, jumladan Qatar orqali Eron pullarini yechishni ko‘zda tutadigan g‘oyalarni ishlab chiqmoqda. Manbalarning aytishicha, loyihaning yozma versiyasida mablag‘larni bosqichma-bosqich ozod qilish va’da qilinishi kutilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid