O‘zbekiston | 10:45 / 25.03.2023
12053
4 daqiqa o‘qiladi

Orol fojiasiga konstitutsiya darajasida e’tibor. Bu nimani o‘zgartiradi?

So‘nggi 6 yilda BMT minbarida 3-4 marta tilga olingan Orolbo‘yi muammosi yangi tahrirdagi konstitutsiyaga ham kiritildi: 49-moddada davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rishi belgilab qo‘yilmoqda. Xo‘sh bu nimani anglatadi?

Foto: Kun.uz

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 12 sentabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh shtab-kvartirasida chiqish qilib, Orolbo‘yi muammosiga e’tiborni oshirish taklifini ilgari surgandi. 2020 yilning 23 sentabr kuni davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi hamda global iqlim o‘zgarishlari va Orolbo‘yi hududidagi vaziyatga yana to‘xtalib o‘tdi.

Prezident nutqida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgan edi. 2021 yilning 18 may kuni BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasining yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

2023 yilning 24 mart kuni Saida Mirziyoyeva BMT bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etib, O‘zbekiston nomidan chiqish qildi. U o‘z chiqishida dunyo hamjamiyatining e’tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratdi.

Suvga mo‘l dengiz faqat Nukus muzeyida osilgan rassomlarning yarqirab, jilvalanib, hayot va erkinlik baxsh etuvchi rasmlarida qolgan. U qurib bitgandagina odamlar uning qadriga yetdi. Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga e’tiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq g‘amxo‘r odamlarning sa’y-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda. Mamlakatimiz Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasida izchil sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Yigirmanchi asrning eng katta ekologik muammolaridan biri bo‘lgan Orol dengizining qurishi mintaqadagi ekologik barqarorlikni butkul izdan chiqarib yuborgani rost. Buni hududdagi yerlar sho‘rlanishi, kasalliklar ortishi kabi turli muammolarda ham ko‘rish mumkin. Shu sababli keyingi yillarda yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etishga kirishildi. Va bu o‘z natijasini bermoqda.

Xususan, 2018-2021 yillar mobaynida dengizning qurigan tubida 1,7 mln gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil qoplamalar barpo qilindi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining noyob hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash hamda ko‘paytirish, ularning yashash muhitini muhofaza qilish maqsadida 3,6 mln gektardan iborat 5 ta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari ekilgan. Joriy yilda esa 100 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari hisoblanuvchi yashil qoplamalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arilgan. Ayni paytda bu ishlar davom ettirilmoqda. 

Albatta, mazkur harakatlar Orolbo‘yi mintaqasi masalasining o‘ta jiddiyligini ko‘rsatadi. Shu bois uni konstitutsiyada alohida belgilab qo‘yish zamon talabiga aylandi. Chunki ushbu global ekologik muammo 50 mln nafarga yaqin mintaqa aholisining hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Orolbo‘yi masalasining konstitutsiya darajasiga olib chiqilgani qoraqalpoq xalqini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, mintaqaning rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasi aholisi uchun munosib yashash sharoitlari yaratilishini va turmush darajasining yaxshilanishini ta’minlaydi. Mazkur norma aholi va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolishning ham konstitutsiyaviy kafolatlarini yaratadi.

Mavzuga oid