O‘zbekiston | 20:04 / 16.04.2026
2651
9 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravon tarbiyachilar. Bog‘chalar qachon xavfsiz bo‘ladi?

Bog‘cha bolalariga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uzoq yillardan beri dolzarb muammo bo‘lib qolyapti. Qoniqarli o‘zgarish bo‘lmayotganini statistik raqamlar ham tasdiqlaydi. Xo‘sh, rasmiylar vaziyatni qanday ko‘ryapti, tizimli yechimlar kun tartibida bormi?

Biz bundan ikki yil avval ham bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari, uning sabab va oqibatlari haqida suhbat qilgan edik. O‘shanda kaltaklanayotgan, tan jarohati olayotgan bolalar mavzusi kun tartibida bo‘lgan. Bugun esa masala yanada og‘irlashgan – gap nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki jinsiy tazyiq, bolalarning bee’tiborlik oqibatida jabr ko‘rishi va hatto fojiali holatlar haqida bormoqda.

Zo‘ravonlik holatlari: raqamlar nimani ko‘rsatyapti?

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ta’kidlashicha, 2024 yilda kelib tushgan murojaatlarning deyarli har beshtasi zo‘ravonlikka oid bo‘lgan va ushbu murojaatlarning 28 foizi aynan ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan sodir etilgan holatlarga to‘g‘ri keladi. 2025 yilda ham vaziyat jiddiyligicha qolgan.

«2025 yilda bizga tergov organlaridan 512 ta xabarnoma kelgan. Bu xabarnomalar aynan bolaga nisbatan sodir etilgan turli holatlar yuzasidan. Shu o‘rinda aytishim kerak, bizga bo‘layotgan murojaatlar natijasida o‘rganilgan har bir holat bo‘yicha biz davlat organlariga so‘rovlar kiritamiz va buning natijasida 2025 yil hisobidan 19 ta jinoyat ishi va 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan, aynan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha. Bundan tashqari, 20 ta jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilinib, bu masalada Bolalar ombudsmanining aralashuvi bilan tergovga, tergovga qadar tekshiruvga qaytarilgan va o‘rganilib, bu bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilingan.

Tasavvur qiling, 20 ta jinoiy ta’qib bo‘lmasdan, yopiqligicha qolishi mumkin bo‘lgan holatda Bolalar ombudsmanining tashabbusi bilan shu bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari ko‘rilgan», deydi u.

Kadrlar masalasi: pedagog bola bilan ishlashga tayyormi?

Maktabgacha ta’lim sohasida ishlagan anonim manba ta’lim muassasalaridagi mutaxassislarning psixologik tekshiruvlarida yetarli e’tibor yo‘qligini aytdi.

«Ancha yil bog‘cha-maktablarda ishladim. «Otdel kadr», xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishladim. Shu vaqt ichida pedagoglarning ishga qabul qilish jarayonlarini ichida turib ko‘rdim va bir narsa meni doim o‘ylantiradi. Maktabda, bog‘chada bolalar kaltaklangani tarqalgan videolar hozir ko‘p chiqyapti. Ularga umuman chidab turib bo‘lmayapti. Bunaqa «psix» tarbiyachilar bolalarni ham «psix» qilyapti, deb o‘ylayman. Ishga kirayotgan o‘qituvchi bo‘ladimi, bog‘cha opa bo‘ladimi, hammasining psixologiyasini yaxshilab tekshirish kerak. Bizlarda hamma xat-hujjatlarni joyiga qo‘yib qo‘yishadi: diplom bor, tibbiy ko‘riklardan o‘tib kelishgan, lekin tekshirsangiz, ularning hammasida xatolik chiqadi. Psixdispanserga borasiz, u yerda sog‘lom degan «spravka» berishadi sizga. O‘zingiz ayting, bolalarni tarbiyalash uchun shu yetarlimi? Bolalar bilan ishlash oddiy kasb emas. Hammamiz bolalarni yaxshi ko‘raman deyaveramiz, lekin amalda bu juda qiyin. Hamma ham bolalarni yaxshi ko‘ravermaydi. O‘zining bolasiday ko‘rmaydiganlar judayam ko‘p.

Xususiy bog‘chalar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, zo‘r imtiyozlar berildi bog‘cha ochganlarga, lekin pedagogikaning “p” harfini ham tushunmaydiganlar, sirtqi ta’limda o‘qib ochib olishyapti bog‘chalarni. O‘zlarining oila a’zolari, qarindoshlarini ishga olishgan. Bolalar bilan bir kun ishlab ko‘rmay, yuztalab bolalarni qabul qilishyapti. Bolalar bilan shu kasbni sevadiganlar ishlashi kerak. Yo‘q, bularning ko‘pchiligi berilayotgan subsidiyalarni eshitib, pulning daragini bilib ochgan bog‘chalar, ya’ni bolalarni biznes sifatida ko‘rib…

Bolalarni yaxshi ko‘rmagan odamlarga bolalarning hayotini topshirib bo‘lmaydi. Chunki hozir shunaqa sharoit, shuni taqozo qilyapti. Pulni deb, ko‘pchilik bolalarni o‘tga tashlashyapti».

Pedagoglarning psixologik holati bo‘yicha talablar yo‘q

Bugungi kunda respublikamizda 39 283 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bor. Shundan 7 114 tasi davlat bog‘chasi, 32 169 tasi esa xususiy bog‘cha hisoblanadi. Ularda qariyb 180 mingga yaqin pedagog faoliyat yuritadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi MTT faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Lola Berdiyevaning aytishicha, hozirgacha xususiy bog‘chalarda pedagoglarning psixologik holatiga doir talablar yetarli darajada belgilanmagan.

«Hozirgi paytgacha aynan xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish jarayonlariga talablar qo‘yilgan, pedagogga nisbatan minimal talablar bor, lekin ularning psixologik holati bo‘yicha talablar mavjud emas. Hozir biz Buxoro viloyatida bir tajriba o‘tkazyapmiz. Pedagoglarni ishga qabul qilish jarayonida ularni psixologik diagnostikadan o‘tkazishni tajriba-sinovdan o‘tkazyapmiz. Agar tajriba-sinov jarayonlari natijasi ijobiy chiqqanda, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish choralari ko‘riladi.

Bu qanday amalga oshiriladi? Birinchi bosqichda pedagoglar o‘zlarining kasbiy mahorati bo‘yicha testlarni topshirishadi. Kasbiy mahorati bo‘yicha yuqori, yaxshi natijalarga ega pedagoglarimiz psixologik diagnostikaga yuboriladi. Ular stressga chidamlilik, kasbiy so‘nish yoki agressivlik holatlariga diagnostika qilinadi. Diagnostika natijalari salbiy chiqqan taqdirda, ular uchun bepul psixologik kurslar tashkil etiladi. Ikki haftalik kurs davomida ularga o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Shu kursdan keyin qayta diagnostika qilinadi. Agar qayta diagnostika natijalari ijobiy chiqqan taqdirda, ushbu pedagoglar bilan mehnat shartnomasi tuzilib, faoliyatini boshlashga ruxsat beriladi va aks holda, agar psixologik diagnostika natijalari salbiy chiqsa, ushbu pedagoglarni yana bir marotaba o‘qitib, keyinchalik shunga qarab xulosa qabul qilinadi.

Shu bilan birga, biz davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga psixologik yordam masalalarini juda ko‘p yillab e’tibordan chetga solib qo‘yganmiz. 30-35 ta bola bitta guruhda, bitta tarbiyachi, ular bilan kun bo‘yi ishlab, mashg‘ulot olib borish – bu ba’zi paytlarda juda og‘irlik qiladigan yumush. Ota-onalar vaqti kelganda ikkita bolasi bilan ham o‘tirishda uyda qiynalishadi.

Mana shu jarayonlarda biz pedagoglarimizni psixologik qo‘llab-quvvatlashimiz juda muhimligini tushunib yetib, hozirgi kunda pedagoglar uchun “Muvozanat” loyihasini joriy qildik. Mana shu “Muvozanat” loyihasi doirasida biz birinchi navbatda pedagoglarimizni psixologik diagnostikadan o‘tkazamiz. Psixologik diagnostikada kasbidan so‘nish, kasbiy zo‘riqish, charchash va qanaqadir bir agressiv holatlarni ko‘rsatgan pedagoglarimizni psixologik treninglarda bepul o‘qitib olamiz. Bu nafaqat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga, balki nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun ham vazirlik tomonidan bepul amalga oshiriladigan loyiha. Bu loyiha hozir ishlayapti. Mana, joriy yilda ikkinchi bosqichi boshlandi. Kuni kecha diagnostika natijalarini tugatdik, endi salbiy natija ko‘rsatgan pedagoglarimiz bilan psixologik o‘quvlarni amalga oshiramiz.

Bir-ikki kunda tahlil qilishimiz kerak, chunki 122 mingta pedagog to‘liq diagnostikadan o‘tkazildi, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari», – deydi vazirlik rasmiysi.

Ma’lum qilinishicha, bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakat sodir etgan pedagoglarni 1 yil muddatga ta’lim bilan bog‘liq faoliyatdan chetlashtirishga oid qonun qabul qilinmoqda. Bu qonun Qonunchilik palatasidan o‘tgan va hozirda Senat tomonidan ko‘rib chiqilyapti.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid