Jazolash yumshatilarmikan: koronavirus qamoq jazosiga munosabatni o‘zgartira oladimi?
Jazolash yumshatilarmikan: koronavirus qamoq jazosiga munosabatni o‘zgartira oladimi?
Koronavirus infeksiyasi inson jamiyatlarini o‘zgartiradi. Ehtimol, pandemiya chog‘ida fuqarolarning katta qismi o‘z uyida izolyatsiyalangan mamlakatlarda qamoqxonalardan foydalanishni qisqartirish uzoq muddatli oqibatlarga aylanar…
«Novaya gazeta» Sankt-Peterburgdagi Oliy iqtisodiyot maktabi ilmiy-tadqiqot universitetining katta ilmiy xodimi, sotsiologiya fanlari doktori Iskander Yasaveyevning bu boradagi fikrlarini keltirmoqda.
Ozodlikdan mahrum etish — qamoqxona yoki koloniyaga joylashtirish — hamon bir qator mamlakatlarda qo‘llanilib kelinmoqda, garchi kriminologlarning fikricha, alohida juda kam hollar istisno qilinsa, maxsus muassasalarga qamash hech qanday tarbiyaviy ta'sirga ega emas. Jinoyatga qarshi kurashish siyosatga ta'sir o‘tkazuvchi omillardan biri fuqarolarning jinoyatchilar va jazoga nisbatan talablaridir.
Rossiyada huquqbuzarlarga qarshi jazolovchi munosabat keng tarqalgan va «o‘g‘ri qamoqxonada o‘tirishi shart», qabilidagi qarash shakllanib bo‘lgan. Ozodlikdan mahrum etishni aksariyat odamlar adolatli va o‘rinli jazo deb bilishadi, qamoqxona va koloniyaga muqobil bo‘lgan ozodlikni cheklash, majburiy ishlar, axloq tuzatish ishlari va jarimalar — juda yengil jazo sifatida qabul qilinadi.
Hokimiyat ham xalq o‘rtasida keng tarqalgan bunday jazolash istagini jon-jon deya qabul qilib, jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatiga doir qarorlarida, shuningdek, sud hukmlarida ularni aks ettiradi.
COVID-19 pandemiyasining oqibatlaridan biri ozodlikning cheklanishi bo‘lmoqda — dunyo bo‘ylab millionlab odamlar oylab uylarini tark etolmay qolishdi. Hattoki eng yaqin do‘konga borish imkoniyatidan mahrum etuvchi bu cheklov borgan sari og‘ir chora sifatida qabul qilinmoqda.
Ya'ni, koronavirus erkin harakatlanish qadriyatini yanada yorqinroq ko‘rinishda namoyon etib berdi.
Shuning uchun taxmin qilish mumkinki, insonlarning qamoqxonaga tiqishdan ko‘ra inson ozodligini cheklashga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi — o‘z yashash joyini tark etishga yoki ma'lum bir muddatga uzoqlashishga nisbatan taqiq qat'iyligi bo‘yicha qamoqxonaga joylashtirishdan kam bo‘lmagan real jazo sifatida qabul qilina boshlaydi.
Qamoqxonadan voz kechish imkoniyatini doimo izlash yoki undan foydalanishni haddan tashqari qisqartirish zaruriyati haqida yetakchi kriminologlar, jumladan, Finlyandiyadagi qamoqxonalar islohotini amalga oshirganlar yozishgan.
Finlyandiyada XX asrning ikkinchi yarmida qamashni boshqa turdagi jazolar bilan almashtirish, qamoq muddatini qisqartirish hisobiga mahbuslar sonini bir necha martaga qisqartirishga muvaffaq bo‘lingan, biroq bu jinoyatchilik dinamikasiga umuman ta'sir ko‘rsatmagan. Ya'ni, jinoyatga qarshi kurashish siyosatini sezilarli tarzda yumshatish jinoyatchilik darajasini oshirmagan.
Finlyandiya adliya vaziri vazifasida ishlagan, islohotlarda muhim rol o‘ynagan kriminologiya professori Inkeri Anttila xonim o‘zining qamoqxonani minimallashtirish g‘oyasini izchillik bilan himoya qilib kelgan.
Uning fikricha, qamoqxona qonunchilik normalarni buzuvchilarni muhokama qilish qat'iyligi dramalashtiradi. Lekin qamoqxonaning asosiy funksiyasi bo‘lmish — jinoyatchilikning oldini olish uchun, jazoning muqarrarligi ta'minlangan bo‘lsa og‘irligi kamroq bo‘lgan choralar bilan ham kifoyalanish mumkin: «Agar potensial huquqbuzar qo‘lga tushish ehtimoli juda katta ekanligini bilsa, bu holatda yengil jazo ham unga kifoya qiladi.
Biz barchamiz umumiy prevensiyaga (ogohlikka) qamoqxonadan farqli sanksiyalar vositasida erishishga intilishimiz lozim. Qamoqxonaga qamash uchun zaruriyat bo‘lganda esa qisqa muddatga ozodlikdan mahrum etishdan foydalanishimiz kerak».
«Qamoqxona kerak, — deydi Anttila, — faqatgina boshqa mos muqobil topilmagan holatgacha.
Garchi qamoqxonalarni jazo tizimidan yo‘qotib bo‘lmasa-da, undan foydalanishni qisqartirish haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Jamiyat qamoqxonaga joylashtirishga muqobil bo‘lgan yangiliklarni axtarishi, qamoqxonalardan foydalanish esa minimumga tushirilishi kerak.
Ozodlikdan mahrum etilish bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha sanksiyalar umumiy prevensiya nuqtai nazaridan juda yumshoq jazo ekanligi borasida qat'iy turib olganlar sanksiyalarning real qat'iyligi doimo o‘zgarib turishi xususidagi faktni inobatga olishmaydi (Inkeri Anttilaning «Qatag‘onsiz nazorat?» essesidan).
Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sharoitida, ehtimol, sanksiyalar qat'iyligining aynan shunday o‘zgarishi ro‘y berayotgan bo‘lsa ne ajab?
Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lmagan huquqbuzarlarni sog‘lig‘idan mosuvo qilib, oilasi bilan aloqalardan uzib, mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasdan mahrum qilib nega qamoqxona va koloniyalarga joylashtirish kerak, holbuki, ozodlikni cheklash va o‘z turar joyi hududini ma'lum muddatga tark etmaslik kabi boshqa jazo choralaridan foydalanish mumkin-ku, degan savolni pandemiya yanada bilinarli va ahamiyatli qilib qo‘ymoqda.
Mishel Fuko o‘zining «Nazorat qilish va jazolash. Qamoqxonaning tug‘ilishi» kitobida XVII va XVIII asrlarda ro‘y bergan o‘lat epidemiyasi qamoqxona intizomi mexanizmining rivojlanishiga ta'sirini yoritadi. Agar moxov kasalligi yakkalab qo‘yishni paydo qilgan bo‘lsa, o‘lat — muhit bo‘yicha qat'iy bo‘lish va nazoratni.
Umid qilish mumkin, 2020 yilgi koronavirus infeksiyasi pandemiyasi boshqa yo‘nalishda — zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar uchun qamoqxonalardan foydalanishdan voz kechish harakatiga yordam beradi.
Bu nafaqat mahbuslarni boqish uchun sarflanadigan (koronavirusning iqtisodiy oqibatlari tufayli taqchil bo‘lib qolgan) budjet mablag‘larining kattagina qismini tejaydi, shuningdek huquqbuzarlar va ularning oilalarga yetkaziladigan keraksiz azoblardan jinoyatchilik darajasini oshirmasdan xalos qiladi.
Rossiya uchun esa COVID-19 epidemiyasi «qamoqxonalar mamlakati» safidan chiqib, mo‘'tadil jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatiga o‘tish uchun imkoniyat bo‘lib qolishi mumkin.
Rossiyadagi tergov izolyatorlari, qamoqxonalar va koloniyalarda ayni paytda 517 ming kishi saqlanmoqda.
Aholisi soni turlicha bo‘lgan davlatlarni taqqoslash uchun kriminologlar 100 ming aholiga mahbuslar sonidan foydalanishadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham, mahbuslar soni bo‘yicha ham AQSh hisoblanadi: u yerda 100 ming fuqaroga 655 nafar mahbus to‘g‘ri keladi.
Rossiya 100 ming kishiga 359 mahbus bilan jahonda 10-o‘rinni egallaydi. AQSh va Rossiyadan tashqari mahbuslar soni ko‘p bo‘lgan «qamoqxonalar mamlakati» ro‘yxatida Salvador, Turkmaniston, Tailand, Ruanda, Kuba, Panama, Kosta-Rika va Braziliya bor. Bu mamlakatlarda mahbuslar sonining ko‘pligi jinoyatchilik darajasi baland ekanligi bilan emas, jinoyatchilikka qarshi kurashish siyosati qat'iy ekanligini bilan bog‘liq.
Kriminologik tadqiqotlar jinoyatchilik darajasi va mahbuslar soni o‘rtasida aloqa yo‘qligini ko‘rsatmoqda.
Lekin possovet davlatlarining barchasida (Belarus hisobga olinmasa), aholi tarkibida mahbuslar ulushi Rossiyaga nisbatan juda kam. Masalan, har 100 ming aholiga Qozog‘istonda 157, Serbiyada — 156, Ukrainada — 147 mahbus to‘g‘ri keladi.
Mavzuga oid
08:25 / 01.08.2024
Amerikalik 34 yillik qamoqdan keyin oqlandi
11:31 / 02.04.2024
Uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish amaliyoti joriy etiladi
18:53 / 06.11.2023
Farg‘onada ma’muriy qamoqqa olingan shaxs 2,5 kv/m’dan ham kichik kamerada saqlanayotganligi aniqlandi
17:12 / 16.10.2023