Jahon | 08:25 / 01.08.2024
3966
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik 34 yillik qamoqdan keyin oqlandi

Kristofer Dann 18 yoshida qamoqqa tushgan. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlangandan keyin 52 yoshida ozodlikka chiqdi.

Foto: AP/TASS

52 yoshli amerikalik Kristofer Dann 34 yil o‘tirgan qamoqdan ozod etildi. Amerikaning CBS telekanali 31 iyul, chorshanba kuni xabar berishicha, u aybsiz deb topildi va barcha ayblovlar olib tashlandi.

1990 yil 18 mayga o‘tar kechasi 15 yoshli Rikko Rojyers Missuri shtatining Sent-Luis shahrida do‘stlari bilan ko‘chada yurganida otib o‘ldirilgan. Ulardan ikki nafari, 12 va 14 yoshdagi bolalar Dannga qarshi guvohlik bergan. Keyinroq guvohlardan biri Kristoferga raqib ko‘cha to‘dasida bo‘lgani uchun tuhmat qilganini tan oldi. Ikkinchisi o‘z ko‘rsatmalarini bir necha bor o‘zgartirdi va oxir-oqibat o‘q otgan Dann ekanligini aniq ko‘rmaganligini aytdi.

Ayblanuvchining o‘zi jinoyat vaqtida u onasi uyida bo‘lganini aytdi. Uning tanishlaridan biri u bilan o‘sha paytda onasining statsionar raqamini tergan holda telefonda gaplashganini tasdiqladi. Ammo sud Danni aybdor deb topdi.

Bosh prokuror uning ozod etilishiga qarshi edi

2024 yil 22 iyulda okrug sudi Danni zudlik bilan qamoqdan ozod qilishni buyurdi. Ammo Missuri bosh prokurori e’tiroz bildirdi va erkak panjara ortida qoldi. Ish shtat Oliy sudiga yetib bordi va u erkakni ozod qilish kerakligini tasdiqladi. Danning o‘zi ozodlikning bir haftalik kechikishini «qiynoqqa solish» deb atadi.

Ikki hafta oldin Missuri shtatida 64 yoshli Sandra Xemm aybsiz deb topilgan edi. U 43 yil umrini panjara ortida o‘tkazdi. Shtat bosh prokurori bu vaziyatda ham uning ozodlikka chiqishiga to‘sqinlik qilishga urindi, ammo natija bo‘lmadi.

Mavzuga oid