16:45 / 03.12.2020
3667

«Ma'muriy tazyiq hozirgi kunda ishlamaydi. U aks natijani keltiradi» – Sodiq Safoyev

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev jurnalistlar xalqning manfaatidan kelib chiqib ish olib borayotgani, ularning tanqidiy faoliyati O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim omil sifatida shakllanib borayotgani haqida gapirdi.

«Birinchi navbatda biz shuni tan olishimiz kerak, men buni barcha – ham hukumat, ham parlament, media soha vakillari, ham xalqaro hamkorlarimiz oldida aytaman, O‘zbekistondagi vaziyat bu borada keskin o‘zgardi. Odamlar nafaqat ularga taqdim etilayotgan yangiliklarning passiv iste'molchisi, balki axborot mezonini to‘ldirishning faol ishtirokchisiga aylandi. Bu bizda bo‘layotgan fundamental o‘zgarish.

Ilgari eski axborot modeli quyidagicha edi: haqiqatning yagona manbayi bor edi. Bu haqiqatmi yoki haqiqatmasmi, lekin shunday bir harakat. Hozirgi yangi modelda haqiqatning, axborotning manbasi ko‘p va biz, ya'ni xalq ularni saralaymiz, degan yondashuvdan kelib chiqmoqdamiz. Bu yangi huquqiy mezonni talab qiladi. Bundan bilishimiz kerakki, media soha, jurnalistlar to‘rtinchi hokimiyatga aylanmoqda.

Ularning faoliyati bevosita hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarida – markazdan boshlab, joylargacha kunda ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ular xalqning manfaatidan kelib chiqib ish olib bormoqda. Ularning tanqidiy faoliyati O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim omil sifatida shakllanib bormoqda. Bu yerda muammolar ko‘p.

Asosiy muammo – bizda informatsion vakuum, bo‘shliq bo‘lishi kerak emas. Agar vakuum paydo bo‘lsa, u albatta noprofessional, qandaydir noto‘g‘ri manbalardan to‘ldirilishi mumkin. Har bir vazirlik, har bir hokimiyat organida ta'sis etilgan matbuot kotibiyatlarning faoliyati batamom o‘zgarishi kerak. Ular jurnalistlarga do‘st sifatida qarab, ularga axborotni berishni o‘z burchi deb bilishi kera», dedi Sodiq Safoyev Xalqaro press-klubning «Konstitutsiya va qonunchilikda so‘z hamda matbuot erkinligi. O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari» mavzusidagi davra suhbatida.

U bugungi kunda ma'muriy tazyiq ish bermasligi, aksincha ta'sir ko‘rsatishi haqida gapirdi.

«Nihoyatda muhim xulosalardan biri – ma'muriy tazyiq hozirgi kunda ishlamaydi. U aks natijani keltiradi. Biz siyosiy ish olib borishimiz kerak. O‘yin qoidalari bo‘lishi kerak, o‘yin qoidalariga rioya qilishimiz kerak. Buning uchun biz aniq, to‘g‘ri talqin etadigan qonunlarni ishlab chiqishimiz kerak. Bu bizning – parlementning vazifamiz», dedi Sodiq Safoyev.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari o‘z nutqi davomida Xalqaro press-klub platformasida har oy media soha vakillari va hukumat organlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etish taklifini berdi.

«Biz doimiy, muntazam, tizimli muloqotga muhtojmiz. Men taklif qilaman: xalqaro press-klub platformasida kamida bir oyda bir marta blogerlar, media soha vakillari va hukumatning tegishli organlari o‘rtasida shoshilib, efir uchun, «xo‘jako‘rsin» uchun emas, muammolarni aniq muhokama qilish uchun to‘planib, uning natijasini ishlab chiqish nihoyatda muhim bo‘lardi. O‘ylaymanki, agar shu taklif qo‘llab-quvvatlansa, keyingi yil yanvar oyidan biz buni ishlashimiz mumkin. Press-klubga birinchi funksiyasi  - ya'ni jurnalistlar uchun kontent yaratish vaqti keldi. So‘nggi bir necha oy davomida biz bu kontentni yo‘qotib qo‘ydik», dedi Safoyev.

Mavzuga oid
Top