O‘zbekiston | 19:35 / 13.05.2026
3554
6 daqiqa o‘qiladi

Kartadan kartaga pul o‘tkazmalari nazorati va hantavirus bilan bog‘liq vaziyat – mahalliy dayjest

Soliq organlari savdo tushumlarini shaxsiy kartasiga qabul qilish orqali soliqdan qochayotgan tadbirkorlarga nisbatan «ov» boshladi. Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda hantavirus bo‘yicha vaziyat barqarorligini ma’lum qildi. Toshkentdagi bankda fuqaroning 500 ming dollar mablag‘i talon-toroj qilindi. Energetika vaziri gaz qazib olish hajmining keskin qisqarib ketganiga izoh berdi. AQSh bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazmalari monitoringi boshlandi

Soliq organlari savdo tushumlarini shaxsiy kartasiga qabul qilish orqali soliqdan qochayotgan tadbirkorlarga nisbatan «ov» boshladi. Internet foydalanuvchilari fuqarolarning soliq idorasiga chaqirilayotgani haqida yozmoqda. Tekshiruv doirasiga aynan kimlar tushishi, shaxsning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning olinishi uchun belgilangan mezonlar ochiqlanmayapti.

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, P2P operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash va boshqa choralar orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Internetda P2P orqali savdo tushumlarini yashirishda gumon qilingan tadbirkorga soliq organi tomonidan yuborilgan ogohlantirish xati surati ham tarqaldi. Unda yozilishicha, fuqaro savdo tushumlarini shaxsiy bank kartasiga qabul qilish orqali soliq bazasini yashirgani «soliq organida mavjud ma’lumotlar hamda tashqi manba ma’lumotlari asosida» aniqlangan.

O‘zbekistonda hantavirus bo‘yicha vaziyat barqaror – Sanepidqo‘mita

Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida hantavirus infeksiyasi tarqalayotgani haqida xabarlar keng muhokama qilinmoqda. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi.

Sanepidqo‘m raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, hozirgi vaqtda mamlakatda hantavirus bilan bog‘liq xavotirli holat kuzatilmayapti.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hantavirus koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas va global pandemiyaga sabab bo‘lishi ehtimoli past.

Toshkentdagi bankda fuqaroning 500 ming dollar mablag‘i talon-toroj qilindi

Toshkent shahrida tijorat banki xodimlari tomonidan fuqaroning 500 ming AQSh dollari miqdoridagi omonat mablag‘i soxta hujjatlar asosida o‘zlashtirib olingani aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining mas’ul shaxslari fuqaroga tegishli omonat mablag‘ini qalbaki hujjatlar orqali qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan. Xabarda bank nomi keltirilmagan.

Tergov materiallariga ko‘ra, bank xodimlari mablag‘ni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi — hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Energetika vaziri gaz qazib olish hajmining keskin qisqarib ketganiga izoh berdi

2026 yilning mart oyida O‘zbekistonda 2,7 mlrd kub metr gaz qazib olindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 mlrd kub metr yoki 30,8 foizga kam. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu pasayish «kutilgan holat» ekanini, hozir asosiy vazifa qazib olishni barqarorlashtirish va hajmlarni ushlab turish ekanini aytdi.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, buning uchun «O‘zbekneftgaz» va boshqa hamkorlar bilan birgalikda burg‘ilash, yangi uskunalar sotib olish, geologiya-qidiruv va yangi maydonlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Ozarboyjonning SOCAR va Britaniyaning BP kompaniyalari bilan hamkorlik aynan Ustyurt mintaqasida yangi konlar va yangi maydonlarni ochishga qaratilgan.

AQSh bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi

Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlardagi elchixonasi mas’ullaridan iborat delegatsiya Nyu-York shahrida o‘tkazilgan Xalqaro migratsiyani ko‘rib chiqish forumi doirasida Amerikaning qator ta’lim muassasalari, ish beruvchilari va yuridik tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra tibbiyot, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash hamda ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Logan universiteti bilan tibbiyot xodimlarini AQSh mehnat bozori uchun maqsadli tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shuningdek, Missouri Trucking School vakillari bilan 160 soatlik maxsus dastur orqali yuk avtomobili haydovchilarini AQSh standartlari asosida tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmlari muhokama qilindi. Qishloq xo‘jaligi sohasida esa National Council of Agricultural Employers bilan mehnat forumlari tashkil etish va mavsumiy ish dasturlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Head Honchos bilan H-2A vizalarini rasmiylashtirish, o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi xodimlarining salohiyatini AQShda targ‘ib qilish va 8–10 haftalik tayyorlov dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid