O‘zbekiston | 19:23
882
5 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsiya va yangi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest

O‘zbekistonda Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etildi. S8 club moliyaviy piramidasi mo‘may daromad va’dasi bilan odamlarni aldamoqda. O‘zbekistonning ilk kosmonavti 2028 yilda koinotga uchiriladi. Toshkentda «Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori» metro liniyasi quriladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etdi.

Tergovda ma’lum bo‘lishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqa shaxslar jinoiy guruh tuzib, Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari fuqarolardan 7-12 ming dollardan qariyb 90 million dollar yig‘gan. Migratsiya agentligida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov Interpol liniyasi orqali xalqaro qidiruvga berilgan. U firibgarlik jinoyatida ayblanmoqda.

Kun.uz Janubiy Koreyaga ishga borish jarayonida korrupsion sxema borligi haqida 2023 yilda bir qator surishtiruvlar e’lon qilgan, huquq organlarini taftish qilishga chaqirgan edi. Lekin tegishli idoralardan hech qanday reaksiya bo‘lmadi, tanqidlarni hazm qilolmagan Migratsiya agentligi esa Kun.uz ustidan AOKAga shikoyat qilgan edi.

«Butun O‘zbekiston ishli bo‘ladi» – S8 club moliyaviy piramidasi odamlarni qanday aldamoqda?

O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar hech to‘xtamayapti – biri yopilsa, ikkinchisi ochilyapti. Rossiyada paydo bo‘lib, O‘zbekistonga ham kirib kelgan LumenX S8 club nomli moliyaviy piramida treyderlik orqali kunlik daromad taklif qilmoqda. Go‘yoki kriptovaluta birjasida token sotib olish orqali savdo qilinadi va foyda olinadi.

Targ‘ibot Telegram’dagi bir nechta guruhlarda olib borilmoqda. Moliyaviy piramidaga qo‘shilish uchun maxsus ilova orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. So‘ngra har kuni signal kelgan paytida a’zolarga maxsus kod aytiladi. Ushbu kod orqali signal bosiladi va «daromad olinadi».

Signal elementi shunchaki bir xo‘rak. Bu odamlarni daromad go‘yoki treyderlik ortidan kelayotganiga ishontiruvchi vosita. Aslida esa ushbu guruhda ham pul tegirmoni barcha an’anaviy moliyaviy piramidalar kabi depozit qo‘yish va yangi odamlar jalb qilish orqali aylantiriladi.

O‘zbekistonning ilk kosmonavti 2028 yilda koinotga uchiriladi

Ilk milliy kosmonavtni 2028 yil oktyabriga qadar koinotga uchirish rejalashtirilgan. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, parvoz 14 kun davom etadi. Hozir inson ishtirokidagi kosmik parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega uchta davlat — AQSh, Rossiya va Xitoy bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Nomzodlar uchun quyidagi talablar belgilangan: yoshi 27-40, oliy ma’lumotli, bo‘yi 160-190 sm, vazni 50-95 kg, xorijiy tillarni bilishi. Kosmonavt umummiliy tanlov asosida saralab olinadi.

Toshkentda «Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori» metro liniyasi quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida «Shahriston» metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi.

Yana bir muhim yo‘nalish – yangi liniyalar qurilishi. Xususan, «Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori» metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda «Mingo‘rik – Janubiy vokzal» yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa «Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori» yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid