O‘zbekiston | 20:16 / 01.09.2022
31101
17 daqiqa o‘qiladi

“Romantik siyosatchi” - O‘zbekistonliklar SSSRning oxirgi rahbari haqida nima demoqda?

SSSR birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyovning vafoti ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqardi. Jumladan, o‘zbekistonlik faollar ham uning prezidentligi davridagi qayta qurish siyosatining ahamiyati, oshkoralik davri haqida yozishmoqda.

Foto: Boris Yurchenko / AP / dpa

Nazar Eshonqul, yozuvchi:

— XX asrning eng buyuk siyosatchisi, rusning imperialistik vasvasasini sindirolgan odam edi.

“Inqilobni haqiqiy adolatparvarlar boshlab beradi. Uni jallodlar amalga oshiradi. Qalloblar boshqara boshlaydi”. “Artemio Krusning o‘limi” romanida shunday gap bor edi. Rus shovinizmini hatlab o‘tgan Gorbachyovning buyukligi hali kelajakda ko‘p bora tan olinadi.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

— Sobiq SSSR prezidenti Mixail Gorbachyovning dafn marosimi, Rossiyada davlat darajasida o‘tkazilmas ekan. Putin nomidan ta’ziya bildirilgan, lekin Gorbachyovni dafn qilish borasida, davlat o‘zini tortgan. Shu holat ham Putinning SSSRga va uning tarqalishida ma’lum rol o‘ynagan Gorbachyovga salbiy qarashini ko‘rsatadi.

Gorbachyovning Putinga munosabati ham ziddiyatli edi. Ba’zan Putinni tanqid qilardi, ba’zan maqtardi. Gorbachyov Rossiyaning Gruziyaga qarshi urushini hamda Qrimning annexia qilinishini ma’qullagan edi. Lekin shu yilgi Ukrainaga bostirib kirishini jiddiy tanqid qilgandi.

Yelsin hokimiyatdan ketgach, bir necha marta bo‘layotgan ishlarga, jumladan, Rossiyadagi demokratiyaning demontaj qilinishiga qarshi fikr bildirishga harakat qilgandi. Hatto bir-ikki marta Putin siyosatiga qarshiroq intervyu ham berdi. Lekin shundan keyin Yelsin atrofini kuchliroq qurshovga olishdi va 2007 yilda u vafot etgandi. Gorbachyov bo‘lsa, hayotining oxirigacha to‘siqlarga qaramadi, o‘rnatilgan o‘yin qoidalariga ham ko‘pincha rioya qilmadi. U Yelsinni ham, Putinni ham tanqid qilib turdi.

RFning birinchi prezidenti Boris Yelsin hamda SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov/ Foto: RIA Novosti

Hozir possovet hududida sobiq SSSRdan qolgan jarohatlar, hissiyotlar kuchli. Shuning uchun, SSSRga tarix sifatida emas, kechagi zulm mashinasi va istiqboldagi ehtimoliy loyiha sifatida qarash mavjud. Vaqti kelib, SSSR to‘liq tarixga aylanadi. U bilan bog‘liq ehtiroslar tinadi. Ana o‘sha paytda, O‘zbekistonda ham “SSSR tarixi muzeyi” tashkil qilish, va kelajak avlodlarga bu davlat insoniyat tarixidagi eng katta siyosiy eksperimentlardan biri bo‘lganini ko‘rsatish lozim bo‘ladi. SSSRda dahshatli jinoyatlar, katta ijtimoiy yutuqlar ham bor edi.

SSSR tarixi va uning parchalanishi haqida gap ketganda, Gorbachyov va Yelsinlar ham alohida tilga olinishi lozim bo‘ladi. SSSR davlati haqida fikrlashdagi eng asosiy savol, nazarimda, “nima uchun Buxoro Amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklari, Turkiston/Markaziy Osiyo davlatlari va xalqlari shu qadar raqobatdoshlikni yo‘qotib, Yevropaning eng qoloq imperiyalaridan biri bo‘lmish Chor Rossiyasiga, so‘ngra qizil imperiyaga to‘liq o‘z mustaqilligini berib qo‘ydi?” bo‘lishi kerak.

Tarixni bilishning asosiy vazifasi – xatolarni yashirish emas, ko‘rsatish va ularni bilgach, bu xatolarning oldini olish ustida ishlash bo‘ladi. Kimki, niyatidan qat’i nazar, tarixning kichik bir qismini bo‘lsa ham yashirishni yoki aylanib o‘tishni taklif qilar ekan, o‘sha davrdagi xatolarni bilish va tuzatishga to‘siq yaratayotgan bo‘ladi. O‘zbekistonda esa tarix – xonliklar davrida ham, sovet davrida ham, hozir ham, mafkuraviy qobiqda qolyapti...

Mirodil Abdurahmonov, “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri, filolog:

— Tarixning eng murakkab shaxslaridan biri bo‘lib qoladi Gorbachyov. Ko‘p o‘tmay u bilan bog‘liq haqiqatlar ochilib, sobiq ittifoqning haligacha yashirilayotgan “dunyo”si yuzi ko‘rinadi...

AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan va Mixail Gorbachyov rafiqalari bilan SSSRning Vashingtondagi elchixonasida kechki ovqatga yo‘l olishmoqda. / Foto: Oq uy

Iqbol Qo‘shshayeva, jurnalist-san’atshunos:

— Mixail Sergeyevich rus shovinizmi qabul qilolmaydigan siyosatchi edi. Gorbachyov yangiliklarga ochiqlik bilan qarardi, intellektuallarni qadrlardi.

Saksoninchi yillarda mamlakat madaniy hayotida inqilob bo‘lgan, qullikka isyon o‘laroq talqin etilgan “Xolstomer” spektaklini ko‘rish uchun Leningradga borib, Georgiy Tovstonogov va uning jamoasini tabriklagani tasmalarda muhrlangan. Rus elitasi undan yuz o‘girgan paytda Innokentiy Smoktunovskiy yubileyi sharafiga uyushtirilgan ziyofatga taklif etib, hurmatini izhor etgandi.

Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” romanining muhokamasida ham qatnashgan. U qizil imperiyaning so‘nggi tirik afsonasi edi. Zora, Gorbachyov tajovuzkor rus imperiyasi bilan bog‘liq jamiki xayollar-u afsonalarni ham o‘zi bilan olib ketsa...

Tirikligidayoq uni unutgan Rossiyani ayni chog‘da tark etishining o‘zida Allohning ming bir ishorasi bordek.

Anvar Nazir, tarixchi:

— ...Gorbachyovning oshkoralik va qayta qurish siyosati O‘zbekistonga o‘zbek tili, paxta monokulturasi, Orol dengizi muammolari haqida gapirish imkoniyatini ochdi. Gorbachyovning qayta qurishi va shaxsan Gorbachyov imzolagan farmon KGB, Kommunistik partiya Markaziy Qo‘mitasi arxivlarini ochdi, biz Stalin qatag‘onlari haqida bilib oldik va keyinchalik bu bizga minglab odamlarni reabilitatsiya qilishni boshlash imkoniyatini ochdi.

Sovet tuzumi tomonidan o‘ldirilgan o‘zbekistonliklarni oqlashga yo‘l ochib berdi. Andropov davrida taqiqlangan Navro‘z M.Gorbachyovning farmoni bilan bizga qaytarildi, aynan Gorbachyov SSSR musulmonlariga Makka va Madinaga haj qilishlariga ruxsat beruvchi farmon chiqardi. Aynan Gorbachyov SSSR xalq deputatlari qurultoyida Gdlyan va Ivanov guruhi faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqdi va o‘zbek ishi deb atalmish tuhmat fosh qilindi, shundan keyingina qo‘rqoq o‘zbekistonlik deputatlar Gdlyan va uning guruhini tanqid qila boshladilar.

Darvoqe, “O‘zbek ishi”ni ba’zilar aytganidek Gorbachyov emas, Andropov boshlagan. Ammo eng muhimi, ittifoqning so‘nggi rahbari hokimiyatga kuch bilan yopishmadi va sovet tarixining qulashi qonsiz bo‘lib chiqdi. Bu buyuk voqea va shunga barcha imperialistik isqirt stalinistlar Gorbachyovni kechira olmaydi.

AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan va SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov. 1992 yil 2 may, Reyganning Kaliforniyadagi ranchosida. / Foto: Bob Galbraith

Mixail Gorbachyov amalga oshirgan yana bir ajoyib narsa – afg‘on urushini yakunlagani. SSSR Afg‘onistonni tark etdi, aynan uning qarori bilan. Gorbachyov afg‘on muammosini hal etish yo‘lida qat’iy niyat bilan hokimiyat tepasiga keldi va Brejnev boshlagan va Afg‘oniston xalqining uzoq muddatli fojiasini boshlab bergan bu sharmandali urushni tugatdi.

[...] Eng muhimi, Gorbachyov hech narsani o‘g‘irlamadi, u Nobel mukofoti uchun million dollarlik gonorarini oltita kasalxona, jumladan, Orolbo‘yida bitta kasalxona qurdirishga xayriya qilgan. Mana shunday inson bo‘lgan u.

U o‘zi oddiy inson kabi pul topishdan tortinmadi, masalan, pitssani reklama qildi, dunyo bo‘ylab ko‘p ma’ruzalar o‘qidi va buning uchun yaxshi gonorarlar oldi, lekin yaxtalari, saroylari, offshor bank hisoblari bo‘lgan hozirgi o‘g‘rilarga o‘xshab emas, o‘zi halol pul topdi.

Ulug‘bek Oripov, jurnalist:

— 91 yoshni qarshi olgan keksa Mixail Gorbachyov vafot etdi. Bizga o‘xshagan yosh avlod kattalarning hikoyalari va tarix saboqlari orqali bu odamning davri haqidagi gaplarni biladi.

Faktlarga qaraydigan bo‘lsak, Mixail Sergeyevich murakkab shaxs bo‘lgan. Bir tomondan jamiyatni erkinlashtirishni ilgari surgan, boshqa tomondan SSSRni saqlab qolishga uringan (bunga chin dildan harakat qilganmi-yo‘qmi, yolg‘iz O‘ziga ayon).

Bundan tashqari, Putinning ko‘p harakatlari (masalan, Qrim annexiasi)ni oqlagan va qo‘llagan. “Agar Putinning o‘rnida bo‘lganimda, men ham Qrimni qo‘shib olardim. Afsuski, SSSR tarqalib ketdi. U mavjud bo‘lganda bugungi hududiy muammolar vujudga kelmasdi”, degan u.

Ko‘pchilik G‘arb davlatlari rahbarlari Gorbachyovni iliq so‘zlar bilan xotirlashmoqda. Albatta, o‘zlarining ulkan raqiblarini tiz cho‘ktirishga katta his qo‘shgan, murosasozlik qilgan odamni maqtashlariga asos bor. Albatta, bu shaxsiy fikrim.

Mixail Gorbachyov va Vladimir Putin. 2001 yil 8 oktyabr, Kreml, Moskva / Foto: RF prezidenti matbuot xizmati

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

— SSSR uch marta o‘ladi. Birinchi marta bundan o‘ttiz bir yil avval, 1991 yil avgustda huquqiy va siyosiy jihatdan o‘lgan SSSR. GKChP mag‘lubiyatidan keyin.

Ikkinchi marta SSSR onglarda, shuurlarda o‘lgan. Erkin, yosh, mustaqil, fikrlovchi avlod o‘ldira olgan ichidagi SSSRni. O‘ldir, sen ham ichingdagi SSSRni o‘ldir! Bu – SSSRning mafkuraviy o‘limi.

Uchinchi martasida SSSR ichidagi SSSRni o‘ldira olmaganlar bilan birga jismonan o‘ladi. Shundaylardan biri Gorbachyov edi. Bu SSSRning jismoniy o‘limi. Bir kun Putin ham o‘ladi va SSSR butunlay o‘ladi.

Ha, shundaylardan biri Gorbachyov edi. SSSRni tarqatib yuborgan, o‘ldirgan degan tamg‘a unga nisbatan eng adolatsiz va yovuz tamg‘a edi. U oxirigacha SSSRni saqlab qolishga uringan. SSG, Yangi SSSR kabi shakllarda. Bir kun keladi GKChP uning zimdan amalga oshirgan eng oxirgi maxsus operatsiyasi ekanini ham tarix ochiqlaydi. Lekin biz Gorbachyovdan shuning uchun minnatdor bo‘lishimiz kerakki, u o‘layetgan SSSRni saqlab qolish uchun yana minglab, o‘n minglab, millionlab odamlar hayotini qurbon qilishga bormagan. Borolmagan.

Joyida tinch yotsin.

Zafar Hoshimov, tadbirkor:

— Buyuk inson edi. Asoslari darz ketgan mamlakatni isloh qilib, yangi asrga olib kirmoqchi bo‘lgan romantik siyosatchi bo‘lib qoladi yodimda.

Islohotga moyil bo‘lmagan mamlakatning axiri tinch tarqalishida katta xizmati bor.

O‘lgan kuni ham simvolizmga to‘la.

PS. Darvoqe, Mixail Gorbachyov o‘zining ayoli Raisa Maksimovnaga bo‘lgan munosabati ham e’tiborga loyiq. Shu borada ham uni sovet rahbarlarining eng odamiyi bo‘lgan desa bo‘ladi.

Mixail Gorbachyoyev va uning rafiqasi Raisa Maksimovna Moskvaga kelgan AQSh prezidenti Ronald Reyganni kuzatib qo‘ymoqda. 1988 yil 2 iyun, Kreml, Moskva / Foto: Yuriy Abramochkin

Sharofiddin To‘laganov, jurnalist:

— Mixail Gorbachyovning o‘limini hamma o‘z bilganicha kutib oldi. Kimdir uni qoralamoqda, kimdir uni oqlamoqda. Eng qizig‘i, Facebook ajoyib-da, qora deganlar ham qoralanmoqda, oq deganlar ham qoralanmoqda... Nima bo‘lganda ham vaqt – oliy hakam. Gorbachyov ulug‘ ishni qilib ketdi. Shaxsan men uning tarix oldidagi buyuk xizmatlarini olqishlayman.

...Gorbachyov notiq edi. Ko‘p gapirardi. U boshlagan islohotlar xalq tomonidan noxushlik bilan kutib olindi. Chunki bu davrda do‘konlar bo‘shab qolgan, buning ustiga gap bilan qorin to‘ydirib bo‘lmasdi. “Gap ko‘p-u, umr oz”.

“Jadallashtirish”, “oshkoralik”, “plyuralizm” iboralari tilimizga kirib keldi. Ammo odamlarga gap emas, non kerak edi. Gorbachyov boshlagan islohotlar muvaffaqiyatsizligi asosiy sababi ham mana shunda – iqtisod o‘z holiga tashlab qo‘yilganida edi.

Biroq odamlar o‘z haq-huquqlarini talab qilishni o‘rganishdi.(Aslida eng katta yutuq mana shunda edi). Moskvada esgan kuchli bo‘ron milliy respublikalar poytaxtlariga yengil shabboda holida yetib borgan bo‘lsa-da, odamlarning ko‘zi ochila boshladi.

U milliy respublikalarga shunday erkinlik berdiki, bundan faqat Boltiqbo‘yi respublikalari unumli foydalanishdi. Boshqa respublikalar Kremlga qarab ish tutishda davom etaverdilar. Ittifoqdosh respublikalardan birinchi bo‘lib O‘zbekistonda prezidentlik lavozimi joriy etilishi aynan Gorbachyovning bag‘rikengligi isbotidir...

1991 yilning 19 avgustida hokimiyat GKChP qo‘liga o‘tdi. O‘shanda Gorbachyov o‘zini o‘zi qutqargan edi. Agar u oshkoralik siyosatini olib bormaganida edi, uning uy qamog‘iga olinganini, SSSRda davlat to‘ntarishi yuz berganini birov bilib, birov bilmasdi. Aynan oshkoralik tufayligina qonuniy prezidentni himoya qilish maqsadida xalq ko‘chaga chiqdi. (Eslang, 1964 yil oktyabrda dam olayotgan Nikita Xrushchev imi-jimida xokimiyatdan chetlashtirilgan edi...)

Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus amaliyotlari” milliy respublikalar mustaqilligi xavf ostida ekanini ko‘rsatmoqda. Buni “mustaqillikka Gorbachyovning xizmati yo‘q” deyayotganlar bilib qo‘yishi kerak.

Milliy respublikalar mustaqilligiga Gorbachyovning bevosita va bilvosita xizmati bor. Bir narsa aniq, agar, Chernenkoning o‘limidan so‘ng hokimiyatga nomzod sifatida ko‘rilgan Grishin (Moskva rahbari) yo Romanov (Leningrad viloyati rahbari) kelganida edi, tarix o‘zani boshqacha bo‘lardi. Milliy respublikalar mustaqillikni xayoliga ham keltirmasdi.

Nigora Umarova, jurnalist:

— U siyosatga kelganida SSSR atalmish “qudratli” davlatda turg‘unlik davri kayfiyati hukm surar, mamlakatning oddiy aholisi turmush tarzi nochor bo‘lsa ham yuqoridagi rahbariyatning PORLOQ KeLAJAK, KOMMUNIZMGA YeTIShNING ILG‘OR G‘OYaLARIga ishonish yoki ishonmaslik holatida edi. Ishonay desa, hayotdagi boshboshdoqliklar, ishonmay desa...

1980 yillarning o‘rtalarida u SSSR siyosatiga QAYTA QURISh va OShKORALIK tushunchalarini olib kirdi, xalq ichiga kirib bordi. Ana undan keyin SSSR deb atalmish mamlakatning PANDORA QUTISI ochilib, mamlakat qanday qurilgani oshkor bo‘la boshladi, birodar o‘n beshta respublika va boshqa millat, elatlarning dardi ochildi.

U SSSR va g‘arb o‘rtasidagi temir devorni olib tashladi. AQShga tashrif buyurib, uning o‘sha paytdagi prezidenti Ronald Reygan bilan uchrashuvini SSSR xalqi zangori ekran orqali qilt etmay tomosha qildi. G‘arbiy va sharqiy Germaniya (GFR va GDR) o‘rtasidagi Berlin devori olib tashlanishida ham uning hissasi bor deyishadi.

Berlin, 1986 yil / Foto: Germaniya milliy arxivi

U insonlar ongiga mafkura faqat peshtaxtalar oziq-ovqatga to‘laligi bilan emas, miyaning erkinlik mafkurasi bilan to‘yintirilishi lozimligini ko‘rsata oldi...

...U faoliyat olib borgan davrda SSSRda yashovchi xalqlarning deyarli barchasi o‘z tarixini, millati qahramonlarini ro‘y-rost ko‘rsata olish imkoniga ega bo‘ldi. Markaziy Kompartiyaning s’yezdini miq etmay kuzatib o‘tirgan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan xalq PAXTA IShI, O‘ZBeKLAR IShI haqidagi gaplarni, Odil Yoqubovning o‘sha mashhur ma’ruzasini eshitdi.

U o‘n beshta respublika erkinlik bilan o‘z siyosatini yuritishga haqli ekanligini bildira oldi.

Insonlar o‘rtasida u haqida vangalashgan nostradamusona afsonalar bichib-to‘qilgandi. Emishki, SSSRni parokandalikka olib keluvchi rahbarning boshida mamlakat xaritasini eslatuvchi nori bo‘larmish. U 1988-90 yillarning xalq og‘zaki ijodi qahramoniga aylangandi.

U SSSR deb atalmish “buyuk” mamlakatning birinchi va oxirgi prezidenti bo‘lib qoldi. Bu Mixail Sergeyevich Gorbachyov edi. 1980 yillarning oxiri, 1990 yillarning boshida ongi endi shakllanayotgan o‘quvchi sifatida uning qiyofasi menda shunday shakllanib qolgan.

Mavzuga oid