Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Rossiya yana yadroviy qurollanish poygasi yoqasida
Bir necha kundan so‘ng strategik qurollarni cheklash nazarda tutilgan “New START” shartnomasining muddati tugaydi. Agar yangi kelishuv bo‘lmasa, AQSh va Rossiya sovuq urushdan keyin ilk bor yadroviy qurollanish poygasini boshlashi mumkin.
Sovuq urushning eng og‘ir davrlaridan beri AQSh va Sovet Ittifoqi yadroviy qurollarni cheklash shartnomalarini – halokatli xatolar yoki vayronkor qurollanish poygasining oldini olish vositasi sifatida ko‘rib keladi. Bunday kelishuvlarning birinchisi 1972 yilda AQSh prezidenti Richard Niksonning Moskvaga qilgan ilk tashrifida imzolangan. Nikson o‘shanda Sovet Ittifoqi yetakchisi Leonid Brejnev bilan tarixiy kelishuv tuzgandi.
Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan beri AQSh va Rossiya «strategik qurollar»ni cheklovchi eski shartnomalarni bir necha bor almashtirib va yangilab kelgan. Ularning eng so‘nggisi — «New START» 2010 yilda AQSh prezidenti Barak Obama va o‘sha paytda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev tomonidan imzolangandi.
U har ikki tomon uchun joylashtirilgan strategik jangovar kallaklar sonini 1 550 taga, ularni yetkazib beruvchi tizimlar — quruqlik, dengiz va havodan uchiriladigan raketalar hamda og‘ir bombardimonchilar sonini esa 700 tadan oshirmaslikni belgilaydi.
Bu shartnomalar nafaqat raketalar va jangovar kallaklar soniga cheklovlar belgilaydi, balki tomonlarni axborot almashishga ham majbur qiladi. Bu esa «qarshi tomonning xavotirlari va harakatlantiruvchi omillarini tushunishga urinib ko‘rish» uchun muhim kanal hisoblanadi.
Amaldagi «New START» shartnomasi joriy yil 5 fevral kuni o‘z kuchini yo‘qotadi. Agar u bekor bo‘lsa, uzoq masofali yadroviy arsenallar bo‘yicha hech qanday cheklov qolmaydi.
Nega kelishuv uzaytirilmayapti?
Reutersʼning yozishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonlar keyingi qadamlar bo‘yicha kelishib olish uchun vaqtdan yutish maqsadida cheklovlarni yana bir yilga saqlab turishni taklif qilgan. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp hozircha bunga rasman javob bermagan.
Tramp shu oyda: «Agar muddati tugasa, tugaydi», - deya bayon qilib, shartnomani yaxshiroq kelishuv bilan almashtirish kerakligini aytgandi.
Yangi shartnoma bo‘lmasa, har ikki tomon qarama-qarshi tomon ishlab chiqayotgan va joylashtirayotgan qurollar bo‘yicha eng yomon ssenariylarga tayangan holda harakat qilishga majbur bo‘ladi, deydi sobiq sovet va rossiyalik qurol nazorati bo‘yicha muzokarachi Nikolay Sokov.
«Bu o‘z-o‘zini oziqlantiradigan jarayon. Tartibga solinmagan qurollanish poygasi esa, albatta, vaziyatni jiddiy beqarorlashtiradi», - deya Sokovning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
Ammo uni yangi kelishuv bilan almashtirish oson bo‘lmaydi. Rossiya Burevestnik qanotli raketasi, Oreshnik gipertovushli tizimi va Poseydon torpedasi kabi “New START” doirasiga kirmaydigan yangi yadroviy qurollarni ishlab chiqdi. Tramp esa kosmosga asoslangan “Golden Dome” raketaga qarshi mudofaa tizimini rejalashtirayotganini e’lon qilgan. Moskva buni strategik muvozanatni o‘zgartirishga urinish deb biladi.
Trampning niyatlari haqida so‘ralganda, Oq uy rasmiysi “prezident yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha keyingi yo‘lni o‘zi belgilaydi va buni o‘z vaqtida aniqlashtiradi”, dedi.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi a’zosi Dmitriy Medvedev esa Trampni oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosatchi deb atadi. “Rossiya har qanday rivojlanishga tayyor. Xavfsizligimizga qarshi yangi tahdidlarga tez va qat’iy javob beriladi”, - dedi u.
Putinning taklifi AQShda bahs-munozaraga sabab bo‘ldi
AQSh siyosiy doiralarida Tramp Putinning cheklovlarni yana bir yil saqlab qolish haqidagi taklifiga rozi bo‘lishi kerakmi-yo‘qmi, degan masalada fikrlar ikkiga bo‘lingan.
Yadro qurollarini nazorat qilish bo‘yicha sobiq amaldor Pol Din “befoyda yadroviy qurollanish poygasi xavfi va nazoratdan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri talqinlar ehtimolini kamaytirish” uchun Tramp qadamlar qo‘yishi kerakligini aytdi.
Qurol nazorati tarafdorlari AQSh allaqachon yadroviy kuchlarni modernizatsiya qilish dasturi uchun ulkan xarajatlarga duch kelayotganini ta’kidlaydi. Partiyaviy bo‘lmagan Kongress budjet boshqarmasi hisob-kitobiga ko‘ra, 2025–2034 yillarda yadroviy kuchlarni modernizatsiya qilish, saqlash va ishlatish AQSh soliq to‘lovchilariga qariyb 1 trillion dollarga tushadi.
“Agar AQSh “New START” cheklovlaridan oshib kallaklarni joylashtirsa, Rossiya ham xuddi shunday qiladi. Xitoy esa bundan o‘z yadroviy arsenalini kengaytirish uchun yana bir bahona sifatida foydalanadi”, - dedi demokrat senator Ed Marki nashrga.
“Oxir-oqibat Tramp bizga kerak bo‘lmagan va yutib bo‘lmaydigan yangi qurollanish poygasini boshlab beradi. Ko‘proq qurol bizni xavfsizroq qilmaydi".
Bahsning boshqa tomonida turgan ekspertlar va sobiq rasmiylar esa AQSh Putinga ishonmasligi kerakligini aytadi. Ularning eslatishicha, AQSh Kiyevni qo‘llab-quvvatlagani sabab Putin “New START” doirasidagi o‘zaro inspeksiyalarni to‘xtatgan.
Kongress komissiyasi a’zosi Franklin Miller ham Rossiya va Xitoydan kelayotgan tahdidlar AQShning joylashtirilgan strategik yadroviy kallaklari sonini oshirishni talab qilayotganini bildirdi.
“Endi biz Rossiya va Xitoyni bir vaqtning o‘zida tiyib turishga qodir bo‘lishimiz kerak. 2010 yilda shartnoma AQShni cheklab qo‘ygan kuch tuzilmasi Rossiya va Xitoyni birgalikda hisobga olish uchun yetarli emas”, - dedi Miller.
Xitoy omili va yadroviy arsenallar
AQShdagi ayrim siyosatchilar Tramp Putinning taklifini rad etishi, Vashingtonga Xitoyning tezkor yadroviy kengayishiga qarshi o‘z arsenalini oshirish imkonini berishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Tramp Rossiya va Xitoy bilan “yadrosizlanish”ga erishishni xohlayotganini aytadi. Ammo Pekin esa qurollari ancha ko‘proq bo‘lgan ikki davlat bilan qurolsizlanish muzokaralarida qatnashish mantiqsiz ekanini bildirmoqda. Shu bilan birga o‘z yadroviy arsenalini kengaytirmoqda.
Hozir Xitoy taxminan 600 ta jangovar kallakka ega. Pentagon baholariga ko‘ra, 2030 yilga borib ularning soni 1 000 tadan oshadi.
2023 yilda AQSh Kongressining ikki partiyaviy komissiyasi mamlakat endi bitta emas, balki ikki yadroviy teng raqib – Rossiya va Xitoydan “mavjudlikka tahdid”ga duch kelayotganini aytgandi. Ular ikki frontda bir vaqtda urush ehtimoliga tayyor turish zarurligini bildirgan.
Kongress tavsiyalari qatorida “New START” doirasida olib tashlangan va zaxirada saqlanayotgan strategik yadroviy kallaklarning bir qismini yoki barchasini qayta joylashtirishga hozirlik ko‘rish ham bor.
Bu – “Minuteman III” qit’alararo ballistik raketalari va suvosti kemalaridan uchiriladigan “Trident D5” raketalaridan olib tashlangan kallaklarni qayta o‘rnatishni nazarda tutadi. Shuningdek yadroviy vazifalardan chiqarilgan qariyb 30 ta B-52 strategik bombardimonchisini yana yadroviy rolga qaytarishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
RAND tadqiqot markazida ishlayotgan, Pentagonning sobiq rasmiysi Kingston Reyfga ko‘ra, AQSh eng yuqori variantda “New START” belgilagan darajadan “deyarli ikki baravar” ko‘p kallakni joylashtirishi mumkin. Rossiya esa yana qariyb 800 ta yadroviy kallakni jangovar shaylik holatiga keltira oladi. Uning aytishicha, har ikki tomonga sezilarli o‘zgarishlar uchun kamida bir yilcha vaqt kerak bo‘ladi.