19:44 / 27.04.2023
20123

“Aholi tayyormas” degan vaj bilan islohotlarni ortga surmaslik kerak” - AQShda o‘qiyotgan yosh siyosatshunos

Rivojlanishda eng orqada qolgan sohalarimizdan biri – siyosatshunoslik. AQShga safarimiz davomida O‘zbekistondagi demokratiyaning hozirgi holati, konstitutsiyaning kuchi va ahamiyati haqida siyosatshunoslik yo‘nalishida Illinois universiteti doktoranturasida tadqiqot qilayotgan Ikromjon To‘xtasinov bilan suhbatlashdik.

Ikromjon To‘xtasinov – Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavri. Magistraturani esa AQShdagi mashhur Notr Dam universitetida tamomlagan. Ayni paytda Illinois universitetida doktorantura qilmoqda.

— O‘zbekistonda siyosatshunoslik masalasi qanday, sizning-cha?

— O‘zbekistonda tashqi siyosatni o‘rganuvchi mutaxassislar juda ko‘p va kuchli. O‘zbekistonning tashqi siyosatda maqtovga loyiq tomonlari bor. Ichki fuqarolar bilan bo‘ladigan jarayonlar – boshqa masala. Ijtimoiylik tomondan esa daraja past. Boshqa davlatlarning ichki siyosatini o‘rganib xulosa beruvchi kadrlar ham kam. Demokratiya, saylov borasida mutaxassis yo‘q.

Ijtimoiy ilmni rivojlantirish uchun erkinlik zarur. Kimdir O‘zbekistonda demokratiyani rivojlantirish to‘g‘risida qiziqish bildirar, lekin erkinlik masalasi qiyin. Bundan tashqari, mablag‘ masalasi ham bor. Ilm-fanga ko‘p pul ajratilishi – muhim omil. Ilmiy ishlar uchun ko‘proq grantlar ajratish kerak.

— Amerikadagi siyosatshunoslarning ta’minoti qanday? Ularning ishlari amaliyotda qo‘llanadimi?

— Davlat ilmiy ish yoki izlanishlar borasida hech qanday to‘siq qo‘ymaydi. Ishning ma’no-mazmuni yaxshi bo‘lsa, universitetlar pul ajratadi. Turli tashkilotlarning grantlari ham bor. Umuman, sharoitlar, imkoniyatlar bor. Yaxshi universitetlarda o‘qish katta imkoniyat beradi moddiy tomondan ham.

Ilmiy ishlar qaysidir partiya tarafdorlari uchun ishlatilishi mumkin. Ya’ni hamma narsa manfaatlar ustida quriladi. Bunday vaziyatda olimlarning xulosalaridan foydalanishadi. Ba’zi umumiy to‘xtamga kelingan masalalar ham bor, albatta. Ilmiy ishning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani ahamiyatsiz, balki tomonlarning manfaat to‘qnashuvida o‘rni muhim. Lekin universitetlarda, intellekt markazlarda ko‘p ilmiy faoliyatlar olib borilib, ba’zi narsalar qonuniylashishiga harakat qilishadi. Va davlat bilan aloqa o‘rnatishadi bu borada.

— O‘zbekiston siyosiy tuzumi haqida nima deya olasiz? Qanday bosqichda, rivojlanyaptimi yoki yo‘q?

— Ma’lum bir yo‘nalishlarda oldinga siljish bo‘ldi. Ya’ni ikkinchi ma’muriyat davrida nisbatan so‘z erkinligi berildi, propiska masalalari yo‘qotildi. Nisbatan erkinliklar berilyapti. Demokratik davlatga aylangani yo‘q hali. Chunki demokratiya – uzoq yo‘l. Hali bir nechta bosqichlardan o‘tish, islohotlar qilish kerak.

Islohotlar davlat tuzilmasiga borib taqaladi. Qachonki qonun chiqaruvchi, ijro, sud kabi hokimiyatlar bir-biridan erkin bo‘lsa, hokimlar, sudyalar, prokurorlar saylansa, bir-birini tiyib turish kabi holatlar bo‘lganda demokratiyaga erishildi, deyish mumkin. Hozir demokratik davlat deyishga asoslar yo‘q. Demokratizm darajasini belgilovchi xalqaro mezonlar bor, shular asosida O‘zbekiston demokratik davlat sifatida ko‘rsatilmaydi. Lekin ma’lum darajada siljish bor.

Bu mezonlar bo‘yicha ishlovchi ekspertlarning xalqaro guruhi bor va ularga ishonish mumkin. Chunki ular hech qanday siyosiy manfaat ko‘zlamaydi.

— Siyosatchilar orasida odamlarimiz erkinlikka tayyor emas, degan gaplar yuradi. Qanchalik to‘g‘ri bu? Erkinlikka tayyor bo‘lishini kutish kerakmi rostdan?

— Odamlar tayyor emas deyish – xato. O‘zbekistonda tashabbusli budjet loyihasida muvaffaqiyatlar ko‘rindi. To‘g‘ri, ba’zi savollar bor loyihaga nisbatan. Lekin umumiy olganda, aholi ishtiroki, fikri inobatga olingan holda yaxshi natija bo‘lyapti. Shu va shu kabi siyosiy jarayonlarda qatnashishga fuqarolar har doim tayyor. Shunchaki imkoniyat berish kerak.

Hech qayerda ma’lum bir madaniyat, mentalitet demokratiyaga qarshi bo‘lmaydi. Qaysidir xalqni tayyor emas deyish o‘sha xalqni yerga urish, past baholash bo‘ladi.

Aholi tayyormasligi vaji bilan islohotlarni ortga surish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Fuqarolarga erkinlik berish orqali siyosiy institutlar rolini kuchaytirish mumkin.

— O‘zbekistonda konstitutsion islohot bo‘lyapti. Umuman, O‘zbekistondagi qonun hujjatlariga qaralsa, rivojlangan, demokratik davlatlarning qonunlaridan uncha farq qilmaydi. Lekin amaliyotda qo‘llanishi va talqinida ba’zan to‘g‘ri ishlamaydi. Bunday ikki xillikni qanday izohlash mumkin? Konstitutsiyaviy reformalar kerakmi rostdan?

— Yuqorida aytganimdek, hamma ishonsa, o‘shanda ishlay boshlaydi qonunlar. Davlatning legitimligi bo‘lishi kerak. Konstitutsiya va boshqa qonunlar ishlamasa, xalqning xohish-irodasini aks ettirmasa, ishonch yo‘qoladi o‘z-o‘zidan. Hatto siyosiy elita ham ishonmaydi. Ishlashi uchun esa mexanizm kerak. Konstitutsiyaga zid qaror va qonunlar chiqqanda, konstitutsiyaviy sud ishlashi lozim. Masalan, propiska masalasi konstitutsiyaga zid edi. Prezident farmoni bilan bekor bo‘ldi, konstitutsiyaviy sud qarori bilan emas.

Reformalar uchun yangi Konstitutsiya kerakligini aytayotganlar oldin eskilarining qay xolatda va qanday ish bermay qolganini isbotlashi kerak. Konstitutsiya muhim masala, shuning uchun umumiy argumentlar o‘tmaydi, bittama-bitta isbotlanishi kerak. Konstitutsiya qaysidir davlatning rivojlanishiga to‘siq bo‘lgan holatlar yo‘q.

Bundan tashqari, o‘zgartirish jarayoni ochiq bo‘lishi kerak. 150 mingta taklif bor deyish emas, aynan qaysi yo‘nalishlarda nechta taklif bo‘lgani, fuqarolarning qarashlari aytilishi lozim. Ammo haliyam ochiqligicha turibdi bu masala.

Eski konstitutsiya bilan ham rivojlansa bo‘ladi. Kamchilik – ijro ta’minlanmaganida. Yangi konstitutsiyaning ijrosi ta’minlanadimi, degan ochiq savol ham bor. Boshqaruv tizimida kerakli islohotlarni amalga oshirish kerak. Yangi konstitutsiyadagi tushunchalarni qonun orqali tushuntirish va mustahkamlash kerak. Bo‘lmasa, turli noto‘g‘ri talqinlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ijtimoiy axloq chegarasini kim belgilaydi, shaxsning erkinligiga qanday ta’sir qiladi, degan masalalar bor.

Agar erkin jamiyatda yashaydigan bo‘lsak, davlat o‘sha erkinliklarni qay darajada chegaralashi borasida ham kelishuvga erishish lozim. Erkinlik masalasida munosabatlar tartibga solinmasa, odamlar boshqa holatdagi davlat va jamiyat o‘trtasidagi munosabatlarga ham ishonmaydi. Konstitutsiya va qonunlarda aniq ko‘rsatilishi kerak, ya’ni turli sharhlar, talqinlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Konstitutsiyaning aniq belgilangan vazifalari bor. O‘ta mayda masalalarni konstitutsiyaga kiritish to‘g‘ri emas. Agar fuqarolarning huquq va erkinligini aniq sanab yozilsa, chegaralash bo‘lib qoladi. Masalan, so‘z erkinligining o‘zi kiritilishi va boshqa qonunlarda istisno holatlarni keltirish mumkin edi. Bunga esa to‘g‘ri ishlaydigan sud-huquq tizimi zarur.

Konstitutsiyaviy sud yangi konstitutsiya loyihasi yuzasidan qaror qabul qildi, lekin konstitutsiya ichidagi moddalarga yangi konstitutsiyadagi kiritmalar zid emasmi, degan masala qo‘yilmadi. Endi gap fuqarolarda qoldi. Lekin referendumlarni fuqarolar doim qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston tarixida. Bu referendumda ham shunday bo‘lsa kerak.

— Hozir faqat yangi konstitutsiyani qabul qilish yoki qilmaslik masalasi qo‘yilyapti. O‘zi referendumlarda shunday bo‘lishi kerakmi? Ya’ni o‘zgartirish, olib tashlash kabi narsalar bo‘lmaydimi?

— Amaliy jihatdan qabul qilish va qilmaslik masalasi qo‘yilishi to‘g‘ri, menimcha. Agar har bir bob, modda bo‘yicha bunday masala qo‘yilsa, juda ko‘p vaqt va mablag‘ talab qilinardi. Bu holatda qaysidir modda yoqmasa, manfaatiga zid bo‘lsa, fuqarolar umumiy konstitutsiyani qabul qilmaslik bo‘yicha ovoz berishi to‘g‘ri bo‘ladi. Kichik sabab bo‘lsa ham, yo‘q deyish kerak.

Dastlabki bosqichda fuqarolar bilan ko‘proq muloqot qilish kerak edi. Shunda hozir yuzaga kelayotgan e’tiroz va muammolar yechilgan bo‘lardi.

Farrux Absattarov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid
Top