Ilon Mask Marsda to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiyani o‘rnatishni taklif qildi
Marsni mustamlaka qilgandan so‘ng u yerda vakillik demokratiyasi emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya o‘rnatish kerak, deya ta’kidladi milliarder.
Dunyoning eng boy odami va SpaceX rahbari Ilon Mask Marsda bevosita demokratiya o‘rnatish zarurligini aytdi, shu bilan birga u “marsliklar qanday boshqaruv tizimi o‘rnatishni o‘zlari hal qilishi”ni ham bildirdi.
Mask X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisining “Marsni mustamlaka qilganimizdan so‘ng” sayyorada boshqaruv shakli qanday bo‘ladi, degan savoliga shunday javob bergan.
U ilgari ham vakillik demokratiyasi modelidan voz kechib, to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiyani afzal ko‘rishni aytgan, chunki bu tizimda korrupsiya xavfi kamroq bo‘ladi. Tadbirkorning fikricha, vakillik demokratiyasi (bunda xalq tomonidan saylangan vakillar qonunlarni qabul qiladi) dastlabki kichik mustamlakalar uchun zarur emas. Aksincha, qonunlarning o‘zi qisqa va tushunish uchun sodda bo‘lishi kerak.
2021 yilda tadbirkor shunday degandi: “Odamlarni Marsga yuborish — bu XVIII asrda AQSh tashkil etilganda bo‘lgani kabi, hukumatning butun mohiyatini qaytadan tushunish imkoniyatidir”.
Sentyabr oyida Mask yaqin ikki yil ichida SpaceX Marsga beshta Starship uchuvchisiz kosmik kemasini yuborishi mumkinligini ma’lum qildi. Agar beshala apparatning hammasi Marsga muvaffaqiyatli qo‘na olsa, to‘rt yildan so‘ng qizil sayyoraga inson boshqaradigan parvozlarni ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
“Agar Yerning o‘zida yadro urushi, qandaydir o‘ta xavfli virus pandemiyasi yoki boshqa sabablarga ko‘ra demografik inqiroz yuz bersa, Marsni o‘zlashtirish Yer sivilizatsiyasini saqlab qolishga yordam beradi”, — deb ishonch bildirgan u.
Politico nashrining qayd etishicha, AQShdagi so‘nggi saylovoldi kampaniyasi davomida Mask Marsga odamlarni yuborish uchun zarur shartlar qatoriga respublikachilarning g‘alabasini kiritgan. Ba’zan u bu ikki voqeani bevosita bog‘lagan ham, xususan, X ijtimoiy tarmog‘ida: “Agar insoniyatning Marsga yetib borishini istasangiz, Donald Trampga ovoz bering!” deb yozgan.
Mavzuga oid
21:20 / 01.01.2025
2024 yilda eng boy 500 kishining boyligi 10 trillion dollardan oshdi
18:21 / 01.01.2025
Ilon Mask saylov kunidan buyon Trampning mulkida yashayotgani ma’lum bo‘ldi
16:49 / 31.12.2024
Germaniya kelajagini ijtimoiy tarmoqlar egalari hal qilmaydi - Shols
11:23 / 26.12.2024