Jamiyat | 18:59 / 30.01.2026
21730
14 daqiqa o‘qiladi

Umra ziyoratiga borish necha pulga tushadi va narx nimaga bog‘liq?

Umra safari nafaqat ma’naviy tayyorgarlikni, balki amaliy rejani ham talab qiladi. Umra narxi mavsum va safar shartlariga qarab o‘zgaradi. Odatiy oylarda ziyorat 700–750 dollar atrofida bo‘lishi mumkin, Ramazon oyida esa xarajatlar 2 000–2 500 dollar va undan ham yuqori bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Buni Ramazon oyida Umra ziyoratiga borgan Nodiraxon Nuritdinova o‘z tajribasida ko‘rdi. Uning safari davomida mavsum, tur shakli va yashash sharoitlari narxga qanday ta’sir qilishi hamda ayrim davrlarda xarajatlar nega bir necha barobarga oshishi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Madina. Payg‘ambar SAV ravzasi.

Nima uchun Hajga nisbatan Umra ko‘proq ado etiladi

Umra va Haj ahamiyati jihatidan emas, balki ado etish shartlari va safarni tashkil etish nuqtai nazaridan farq qiladi. Aynan amaliy omillar nega Umra ko‘proq amalga oshirilishini ko‘rsatib beradi.

Kvotalar va uzoq kutish yo‘q

Haj Zulhijja oyining aniq belgilangan kunlarida amalga oshiriladi va mamlakatlar o‘rtasida taqsimlanadigan kvotalar asosida o‘tkaziladi. Joylar soni cheklangani uchun navbat kutish bir necha yilga cho‘zilishi mumkin.

Umrada esa bunday cheklovlar yo‘q. Safarni uzoq kutmasdan rejalashtirish va oldindan qulay muddatlarni tanlash mumkin.

Moslashuvchan safar sanasi

Umrani yilning istalgan vaqtida ado etish mumkin. Ziyoratchi safar sanasini ishi, oilaviy sharoiti va budjetiga qarab mustaqil tanlaydi.

Haj esa faqat aniq kunlarda o‘tkaziladi, bu esa rejalarni qat’iy belgilangan muddatga moslashtirishni talab qiladi.

Tashkil etish osonroq va safar qisqaroq

Umra kamroq vaqtni oladi va murakkab tayyorgarlikni talab qilmaydi. Bunday safarlar, odatda, Hajga nisbatan qisqaroq va tuzilishi jihatdan soddaroq bo‘ladi.

Bu, ayniqsa, ilk bor ziyoratga otlanayotgan hamda jiddiy jismoniy va tashkiliy yuklamasiz safar sharoitlari bilan tanishishni istaganlar uchun juda muhim.

Nisbatan arzon xarajatlar

O‘rta hisobda Umra Hajga nisbatan arzonroq tushadi. Narxlar orasidagi farq esa budjetga mos safar shaklini — jamoaviy safardan tortib, yanada qulay variantlargacha tanlash imkonini beradi.

Shu bois ko‘p mo‘minlar Umrani turli yillarda bir necha bor ado etadilar, Haj esa aksariyat uchun bir martalik voqea bo‘lib qoladi.

Qaysi paytda Umraga borish arzonroq bo‘ladi

Safar vaqti Umra narxiga ham, ziyorat shartlariga ham bevosita ta’sir qiladi. Bu, ayniqsa, Ramazon oyidagi safarlarni yilning nisbatan sokin davrlari bilan solishtirganda yaqqol ko‘rinadi.

Nima uchun Ramazon eng qimmat davr hisoblanadi

Ramazon oyida Umra juda qimmatga tushadi. Bu davrda ziyoratchilar oqimi keskin ortib ketadi, bu esa narxlar va safarni tashkil etishga ta’sir qiladi.

Ramazon oyida:

  • ziyoratchilar soni oshadi;
  • masjidlar yonidagi mehmonxonalar tez to‘lib qoladi;
  • parvoz va yashash narxi qimmatlashadi;
  • qo‘shimcha xarajatlar oshadi.
Makka. Masjid al-Harom ziyorat davrida.

Oddiy paytda Umra amalini bajarish ikki–uch soat vaqt oladi. Ramazonda esa birgina tavofning o‘ziga bir necha soat ketishi mumkin — harakat sekinlashadi, jismoniy yuklama yuqori bo‘ladi. Bu nafaqat ziyoratchining jismoniy holatiga, balki safarning umumiy budjetiga ham ta’sir qiladi.

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi

Eng qiyin va eng qimmat davr Ramazonning so‘nggi o‘n kunligi hisoblanadi. Bu vaqtda odamlar zichligi eng yuqori darajaga yetadi, masjidlarga kirish va chiqish yo‘llari vaqtincha yopilishi mumkin, jismoniy yuklama esa sezilarli darajada oshadi.

Bu, ayniqsa, ilk bor ziyoratga kelgan yoki yoshi ulug‘ qarindoshlari bilan birga borganlar uchun juda og‘ir.

Umraga borish qachon arzon tushadi

Nisbatan sokin davrlarda, Hajdan keyinoq va eng issiq oylarda Umra safari narxi pasayadi. Ziyoratchilar soni kamayadi, mehmonxonalar ancha maqbul narxlarni taklif qiladi, aviachiptalar ham arzonroq bo‘ladi.

Farq sezilarli bo‘lishi mumkin: Ramazondan tashqari vaqtda ayrim hollarda ziyorat eng tig‘iz mavsumga nisbatan qariyb uch baravar arzon tushadi.

Nega ko‘pincha past narx yuqori harorat bilan bog‘liq bo‘ladi

Jazirama oylardagi tejamkorlik yuqori jismoniy yuklama bilan bog‘liq. Makka va Madinada piyoda ko‘p yurishga to‘g‘ri keladi va yuqori harorat keskin seziladi.

Umraga borish necha pul va narx nimaga bog‘liq

Hatto yo‘nalish va ibodatlar majmui bir xil bo‘lsa ham Umra narxi ancha farq qilishi mumkin. Bu narxlar orasidagi farq safarning diniy qismi bilan emas, balki tashkil etish shartlari: safar vaqti, joylashish shakli va aviaparvoz bilan bog‘liq.

Umraga borish qanchaga tushadi

Ramazon oyidan tashqari vaqtda Umra safari bir kishiga 700–750 dollarga tushadi. Ramazon oyida narx sezilarli oshadi va 2 000 dollar va undan yuqori bo‘lishi mumkin.

Ramazon oyida safar alohida xonada joylashish bilan 2 500 dollarga tushdi. Shu bilan birga, xuddi shu davrda kelgan ayrim ziyoratchilar qariyb ikki baravar kam to‘lashdi — farq joylashish turi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Narxga nima eng ko‘p ta’sir qiladi

Narxning asosiy omili – yashash xarajatlari. Safar narxi quyidagilarga bog‘liq:

  • mehmonxona va masjid orasidagi masofa;
  • xonada joylashgan kishilar soni;
  • joylashish shartlari.

Alohida xona hatto ovqatlanish, hamrohlik xizmati va mehmonxona darajasi o‘zgarmasa ham safar narxini sezilarli darajada oshiradi. Bu holatda aynan joylashish ortiqcha xarajat sababi bo‘ldi.

O‘rtacha narxdagi paketlardan tashqari, masjidlarga ancha yaqin joylashgan mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan qimmatroq variantlar ham mavjud. Madinada safar narxiga shahar bo‘ylab avtobus ekskursiyasi va muhim diniy joylarga tashrif kiritilgan edi. Makkada esa ekskursiya uchun alohida to‘lov qilish talab etildi.

Safar davomiyligi narxga qanday ta’sir ko‘rsatadi

Safar qancha uzoq davom etsa, xarajat ham shuncha yuqori bo‘ladi. Turoperatorlar ko‘pincha uchta shaklni taklif qilishadi:

  • 7 kun — eng qisqa va arzon variant. Ramazon oyidan tashqari vaqtlarda bunday safar bir kishiga 700–750 dollarga tushadi.
  • 10 kun — safarning o‘rtacha shakli. Safar vaqti va yashash shaoitlariga qarab narx 900–1 200 dollardan boshlanadi.
  • 14–15 kun — yashash va ovqatlanish hisobiga qimmat bo‘ladigan eng uzoq muddatli safar. Ramazon oyida hatto ekonom shakldagi bunday safarlar 1 200-1 500 dollar, alohida xona bilan esa 2 500 dollar va undan qimmatroqqa tushadi.

Parvozning umumiy narxga ta’siri qanday

Budjetning sezilarli qismi aviaparvozga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar odatda qimmatroq bo‘ladi, ayniqsa, talab ko‘p bo‘lgan davrlarda. Nisbatan sokin oylarda esa aviaparvozning umumiy narxdagi ulushi pasayadi, bu esa xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.

Ramazon oyidagi safar budjeti

Quyida Ramazon oyida Umra safarining kengaytirilgan joylashish formatidagi xarajatlari berilmoqda. Bu hisob-kitob Nodiraxon Nuritdinovaning tajribasiga asoslangan.

Bu raqamlar safarning umumiy narxi qanday shakllanishi va ortiqcha xarajat aynan qayerda paydo bo‘lishini ko‘rsatadi.

Umra safarining qanday shakllari bor

Umra shakllari ibodatlar to‘plami bilan emas — u hamma ziyoratchilar uchun bir xil, balki joylashish shartlari va safarni tashkil etish usuli bilan farq qiladi. Aynan mana shu omillar qulaylik, jismoniy yuklama va yakuniy narxga ta’sir qiladi.

Xonaga necha kishi joylashtiriladi

Safar shakllari o‘rtasidagi asosiy farq joylashish shartlari bilan bog‘liq. Turoperatorlar ko‘pincha quyidagilarni taklif qiladi:

  • uch, to‘rt yoki besh kishilik xonalarga joylashtirish eng keng tarqalgan variant bo‘lib, bu safar narxini pasaytirish imkonini beradi;
  • ikki kishilik yoki alohida xonalar safar narxini sezilarli darajada oshiradi, hattoki ovqatlanish va hamrohlik xizmati narxi o‘zgarmasa ham.
Makka. Masjid al-Harom va unga tutash hududlar manzarasi.

Jamoaviy safar yakkalik safardan nimasi bilan farq qiladi

Eng keng tarqalgan shakl — jamoaviy turlar. Turoperator vakili ziyoratchilarga hamrohlik qiladi, joylashish, shaharlar orasida harakatlanishda yordam beradi va amallar tartibini tushuntiradi.

Bunday shakl ilk bor safar qilish uchun juda muhim. Birinchi safarda hamrohlik alohida ahamiyatga ega, chunki ko‘pchilik orasida adashib qolish yoki amallar tartibini chalkashtirib yuborish mumkin.

Yakkalik safarlar kam uchraydi va odatda qimmatroqqa tushadi. Bu avval ham Umra qilgan va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilishga tayyor insonlarga mos keladi.

Umra safarini kimlar tashkil etishi mumkin

Umra safarlarini tashkil qilish huquqiga faqat rasmiy ruxsatnomasi bo‘lgan kompaniyalar ega. Bunday turoperatorlar vizalar, aviaparvoz va joylashtirishni rasmiylashtiradi hamda ziyoratchilarga butun safar davomida hamrohlik qiladi.

O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» ishga tushirilmoqda, ziyoratchilar u orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi hamda Haj va Umra safarlariga tegishli.

haj-umra.gov.uz – ziyoratchilarni ro‘yxatga olish rasmiy portali

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, portal orqali ro‘yxatdan o‘tish quyidagi muddatlardan boshlab kuchga kiradi:

— Haj uchun – 2026 yil 1 fevraldan;

— Umra uchun – 2026 yil 1 maydan.

Bu talablar kuchga kirganidan so‘ng ro‘yxatdan o‘tmasdan safar qilishning imkoni bo‘lmaydi. Ziyoratchilar ma’lumotlari portalga kiritilmagan bo‘lsa, turoperatorlar vizalarni rasmiylashtira va guruh tuza olmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tish barcha Umra shakllariga — jamoaviy va yakkalik safarlarga tatbiq etiladi. Turni xarid qilishdan oldin ro‘yxatdan o‘tish qoidalari va ruxsat berilgan turoperatorlar ro‘yxati e’lon qilingan rasmiy Haj va Umra portalidagi ma’lumotlar bilan tanishish tavsiya qilinadi,

Ziyoratning ilk kunlarida qanday qiyinchiliklarga duch kelish mumkin

Hattoki tashkillashtirilgan safarda ham Makkadagi birinchi kunlar alohida e’tiborni talab qiladi. Masjid al-Harom atrofidagi ko‘chalar bir-biriga o‘xshaydi, yo‘nalishlar esa odam ko‘pligi sababli kutilmaganda o‘zgarib ketishi mumkin.

Birinchi kuniyoq tavof va sa’y qilinganidan so‘ng guruh sochilib ketdi va mehmonxonaga yo‘lni hamma o‘zi topishiga to‘g‘ri keldi.

Nima uchun darvozalarni eslab qolish zarur

Eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri — masjidga qaysi darvozadan kirib-chiqilganini eslab qolmaslik. Masjid al-Haromda o‘nlab chiqishlar bor va ular bir-biridan deyarli farq qilmaydi.

Ushbu holatda yo‘l kirilgan darvozalardan emas, boshqa darvozadan boshlandi. Asta-sekin telefonlar quvvati tugadi, navigatsiya ishlamay qoldi, mahalliy aholi bilan muloqot qilish qiyinlashdi. Oqibatda qisqa yo‘l ham soatlab yurishga aylanishi mumkin.

Xato qanchaga tushishi mumkin

Bir necha soat adashib yurgandan so‘ng taksiga chiqishga to‘g‘ri keldi. Bir kilometrlik yo‘l 100 rial — qariyb 27–30 dollarga tushdi.

Ushbu xarajat masofa yoki xizmat darajasi sababli emas, balki yo‘lda adashish va charchoq oqibatida kelib chiqdi. Bu birinchi kunlardagi kichik tashkiliy xato ham qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi.

Umra vaqtidagi hayot

Umra vaqtida kun ibodatlar va ular orasidagi harakatlar atrofida shakllanadi. Vaqt boshqacha, soatlar bilan emas, namozlar bilan his qilinadi. Masjidlar yonida yashashga qaramasdan piyoda ko‘p yurishga to‘g‘ri keladi, odamlarning zich oqimi sababli qisqa masofa ham kutilgantdan ko‘proq vaqtni olishi mumkin.

Makka va Madina ziyoratchilar uchun to‘liq moslashtirilgan. Atrofda oddiy qahvaxona, birinchi ehtiyoj mollari va esdalik buyumlarini sotuvchi do‘konlar bor, infratuzilma esa odamlarning doimiy oqimiga mo‘ljallangan. Guruhlarda turli mamlakatlardan kelgan har xil yoshdagi ziyoratchilar jamlangan: maqsadlar turlicha, ammo makon umumiy, bu esa sabr va atrofdagilarga e’tiborni talab qiladi.

Makka. Masjid al-Harom ziyorat davrida — tungi paytda ham odamlar zichligi yuqori bo‘ladi.

Ushbu fonda, ayniqsa, birinchi kunlarda maishiy va tashkiliy masalalar eng qiyini bo‘ladi. Mahalliy sim-kartasiz yo‘l topish va hamrohlar bilan aloqani saqlab turish qiyin. Asosan piyoda harakatlanishga to‘g‘ri keladi, kuniga bir necha kilometr yuriladi.

Асал Равшанова
Muallif Асал Равшанова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid