Jahon | 15:57 / 04.02.2021
14230
8 daqiqa o‘qiladi

Myanmadagi isyon: Aung San Suu Kiga ayblov e'lon qilindi, Xitoy BMTda harbiy xunta yonini olib chiqdi

Hafta boshida Myanmada hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylar chorshanba kuni davlat maslahatchisi (amalda davlat rahbari) Aung San Suu Kiga eksport-import qoidalarini buzgani borasida ayblov e'lon qilishdi.

Foto: Getty Images

Dushanba kuni uning uyida o‘tkazilgan tintuv davomida qo‘riqchilar tomonidan foydalanilgan yettita ratsiya topilgan, harbiylar bu vositalar mamlakatga noqonuniy ravishda olib kirilganini iddao qilishmoqda.

Prezident Vin Min esa o‘tgan yilgi saylovoldi kampaniyasi davrida koronavirus tarqalishiga qarshi qoidalarni buzgani uchun ayblanmoqda.

Sudya ularni ikki hafta mobaynida uy qamog‘ida saqlash bo‘yicha sanksiya bergan.

Kuzatuvchilar da'volar kulgili bo‘lishiga qaramay, sud qarorlari Aung San Suu Ki va Vin Min mahalliy qonunchilikka ko‘ra parlament mandatlaridan mahrum bo‘lishiga olib kelishiga e'tibor qaratishgan.

Harbiylar tomonidan qo‘lga olingan boshqa yuzlab kishilar, shu jumladan, Aung San Suu Kining yuridik maslahatchisi U Nyan Vin, «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi markaziy qo‘mitasi a'zolari va parlamentning boshqa deputatlari taqdiri hozircha ma'lum emas.

Ularning barchasi uy qamog‘ida saqlanayotgani taxmin qilinmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashi seshanba kuni Myanmadagi vaziyatni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi, ammo XXR veto huquqidan foydalangan holda harbiylarning hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olinishini qoralash bo‘yicha rezolyutsiyani blokladi.

Xitoydagi davlat nashrlari qo‘shni davlatdagi davlat to‘ntarishini «hukumatdagi o‘zgarishlar» sifatida talqin qilmoqda.

Myanmada nimalar bo‘lmoqda?
Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni, general Min Aung Hlaing davlatdagi hokimiyatni to‘liq o‘ziga olgach, seshanba kuni o‘zi shakllantirgan hukumatning ilk yig‘ilishini o‘tkazdi va unda davlat to‘ntarishidan qochib qutulib bo‘lmaganini aytib o‘tgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ustidan nazorat qiluvchi, Konstitutsiyaga zid qandaydir «oliy kengash» tuzilgani e'lon qilingan.

Mamlakat poytaxti Neypido, sobiq poytaxt Yangonda va boshqa yirik aholi yashash punktlarida askarlar navbatchilik qilishmoqda, mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy qilingan, tunda komendantlik soati amal qiladi.

Politsiya raportida Aung San Suu Kiga qarshi ayblov / MYANMAR POLICE

Qizil tasma harakati
Kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hokimiyatni egallab olgan harbiylarga qarshi ochiq harakatlar kuzatilmagan, ammo seshanba kuni kechqurun Yangon ko‘chalaridagi avtomobillar qattiq signallar chalishgan, uylarda idish-tovoqlar urib, shovqin ko‘tarilgan.

Shahar aholisi o‘z kiyimlariga qizil lentalarni bog‘lab olishmoqda - bu sukut saqlab qarshilik ko‘rsatish ramzidir.

Ayniqsa shifokorlar va hamshiralar faollik ko‘rsatishmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab 70ta tibbiy muassasa xodimlari ish tashlash e'lon qilishgan va faqat zarur hollarda shoshilinch yordam ko‘rsatishmoqda.

Faollar guruhi xalqni bo‘ysunmaslik harakatiga chaqirishmoqda va feysbukda muvofiqlashtiruvchi guruhlar tashkil etishgan.

Shifokorlar harbiy to‘ntarishdan noroziliklarini ifodalashmoqda (uch barmoq yuqori ko‘tarilishi hokimiyatga bo‘ysunmaslikni ifodalaydi) / MPA

Xalqaro maydondagi reaksiya
G7 guruhi a'zolari qo‘shma bayonot bilan chiqishdi: «Biz harbiylarni [Myanma] zudlik bilan favqulodda holatni bekor qilishga, hokimiyatni demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatga qaytarishga, noqonuniy qo‘lga olinganlarning barchasini qo‘yib yuborishga hamda inson huquqlari va qonunlar ustuvorligini hurmat qilishga chaqiramiz».

Qo‘shma Shtatlar Myanmadagi voqealarni rasman davlat to‘ntarishi sifatida tan olib, bu noqonuniy hukumatni qo‘llab-quvvatlashning har qanday shaklini istisno qiladi. Vashingtondagilarning ma'lum qilishicha, mamlakatning yangi rahbarlari hozircha aloqa o‘rnatishdan qochmoqda.

Bo‘lib o‘tgan hodisalarni YeI, Britaniya, Avstraliya va BMT bosh kotibining Myanma bo‘yicha maxsus vakili Kristin Shreyner qoralab chiqqan.

Tahlilchilarning fikricha, Xitoyning pozitsiyasi myanmalik generallarga simpatiya bildirish bilan emas, demokratiya va inson huquqlari himoyasi vaji bilan qo‘shni davlat ishiga xalqaro aralashuv bo‘lishiga qarshiligi bilan ifodalanadi.

Amerikaning «Diplomat» nashri muharriri, Janubiy-Sharqiy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Sebastyan Strendjo BBC uchun bergan intervyusida Pekin Myanmaning avvalgi hukumati bilan yaxshi aloqalarda bo‘lgani, myanmalik harbiylar esa tarixan millatchiligi tufayli Xitoyga qarshi kayfiyatda bo‘lib kelganiga e'tibor qaratgan.

Shu bilan birga, Pekin Myanma va G‘arb munosabatlari yana sovuqlashishidan foyda ko‘rishga umid qilayotgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

«Xitoy o‘z odati bo‘yicha generallarni jimgina turib qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ularning harakatlarini ochiq-oshkora ma'qullab chiqmaydi», deydi Singapurdagi Milliy universitetning Myanma bo‘yicha mutaxassisi Elliott Prasse-Frimen.

O‘tmishda ham Xitoy va Rossiya Myanma hukumatini BMTda rohingyalar masalasi bo‘yicha ayblov vaqtida himoya qilgandi.

Foto: Getty Images

Qisqacha tarix
Myanma - Janubiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan, aholisi 54 milliondan oshiq bo‘lgan, lekin iqtisodi taraqqiy etmagan davlatlardan biridir.

1962 yildan 2011 yilgacha bu yerda harbiylar hukmronlik qilishgan va mamlakat xalqaro sanksiyalar ostida yashagan. Zo‘ravonlikka qarshi harakatlar yetakchisi Aung San Suu Ki jami 15 yilni uy qamog‘ida o‘tkazgan hamda dunyoda demokratiya va inson huquqlari kurashchisi sifatida tanilib, tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini olgan.

2011 yilda xalqaro hamjamiyat bosimi ostida generallar yon berib, demokratiyaga bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni haqida e'lon qilishgan, shu bilan birga parlamentdagi o‘rinlarning to‘rtdan bir qismini va kuchishlatar tuzilmalar ustidan nazoratni saqlab qolishgan.

Shundan keyingi saylovlarda Aung San Suu Ki boshchiligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi g‘alaba qozonadi. Harbiylar konstitutsiyaga qarindoshlari xorij fuqaroligiga ega bo‘lganlar uchun prezident bo‘lishni taqiqlash haqida punkt qo‘shishgani tufayli u rasman prezident lavozimini egallay olmaydi (Aung San Suu Ki Buyuk Britaniya fuqarosiga turmushga chiqqan va undan ikki o‘g‘il ko‘rgan).

O‘tgan yil noyabrida navbatdagi parlament saylovlari o‘tkaziladi va unda Aung San Suu Kining tarafdorlari 80 foizdan ortiq ovoz olishadi. Dushanba kuni yangi parlamentning ilk yig‘ilishi boshlanishi kerak edi, ammo armiya deputatlarga ish boshlashga imkon bermadi va harbiylar hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishdi.

Mavzuga oid