Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2026 yilda budjetdan pul oladigan tashkilotlar va Jizzaxda AES bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Samarqand shahridagi tashkilotlar ko‘chiriladi, 700 dan ortiq ko‘p qavatli uy quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida shahar qiyofasini o‘zgartirish va Urgut tumani markaziga aloqador bir qator yirik loyihalarni e’lon qildi.
Qayd qilinishicha, Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni ta’minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi. Jumladan, «Shirin» massivida 180 ming, «Temiryo‘l orti» hududida 100 ming, «Qorasuv-2» massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Samarqand shahridagi 49 ta viloyat tashkiloti kelasi yil «Shirin» massiviga ko‘chadi.
Urgutda «Quyi Kamangaron» mahallasidagi «Yangi O‘zbekiston» massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etiladi.
2026 yilda davlat budjetidan tashkilotlarga ajratiladigan pul miqdori ma’lum bo‘ldi
«2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,3 trln so‘m, xarajatlari esa 566,9 trln so‘m miqdorida belgilangan. Taqchillik chegarasi – 51,6 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 3 foiz.
Loyihaga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ajratiladi — 105,9 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi — 63,69 trln so‘m va Ijtimoiy himoya milliy agentligi — 22,42 trln so‘m.
Jizzaxda AES qurilishi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi
2025 yil 23 dekabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvlari bo‘lib o‘tadi. Loyiha doirasida quvvati 2110 MVt bo‘lgan zamonaviy AES barpo etish, energetika tizimidagi ulushini 12–15 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
«O‘zatom» agentligi ma’lum qilishicha, tadbir Jizzax viloyati, Forish tumani, Bog‘don aholi punktida joylashgan 30-son Madaniyat markazida bo‘ladi.
Jamoatchilik eshituvlari AES qurilishi loyihasi, uning texnik ko‘rsatkichlari, xavfsizlik tizimi, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati yuzasidan aholini xabardor qilish, fikr va takliflarni o‘rganishga qaratilgan.
Shaxsiy ehtiyoj uchun xorijdan tovar olib kirishdagi limitlar qayta ko‘rib chiqiladi
O‘zbekistonda shaxsiy ehtiyoj uchun xorijdan olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Bu 25 noyabr kuni imzolangan «Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilangan.
Farmon Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bojsiz limitlarga oid topshiriq ushbu farmon bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da ko‘rsatilgan.
Shu tariqa, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi qarori bilan kuchaytirilgan cheklovlar o‘zgarishi mumkin. Bu qarorga ko‘ra, shu yil 1 maydan e’tiboran, fuqarolar o‘z ehtiyojlari uchun bojsiz tovar olib kirish normalari havo transportida – 1000 dollar, temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar, avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 dollar, xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali – bir oyda 200 dollar, xalqaro pochta jo‘natmalari orqali – 100 dollar edi.
O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 qur’asida uchinchi savatdan joy oldi
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati qur’asi savatlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi 3-savatdan o‘rin oldi.
Milliy jamoalar savatlarga quyidagicha taqsimlandi:
1-savat: Kanada, Meksika, AQSh (mezbonlar), Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya
2-savat: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveytsariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya
3-savat: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, O‘zbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika
4-savat: Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Haiti, Yangi Zelandiya, Yevropa pley-off jamoalari (A, B, C, D guruhi g‘oliblari), FIFA qit’alararo pley-off bosqich 1 va 2-g‘oliblari.
Guruhlarni shakllantirishda har bir savatdan bittadan jamoa olinadi. Shu tariqa, 4 ta jamoadan iborat 12 ta guruh yuzaga keladi. Demak, 3-savatdan joy olgan Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, Qatar, Saudiya Arabistoni va JAR guruh bosqichida O‘zbekistonga raqib bo‘lmaydi. Shuningdek, bitta konfederatsiyadagi jamoalar guruh bosqichida bir-biriga duch kelmaydi. Faqat UYeFA bundan mustasno, chunki ishtirokchilar soni 12 tadan ko‘p.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026