O‘zbekiston | 15:50 / 07.10.2020
35907
3 daqiqa o‘qiladi

Rasul Kusherbayev: Yo‘ldosheva ishi - bizga ham jiddiy signal

Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning hibsga olinishi juda jiddiy signal, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev. U shu masala boshqalar uchun xulosa chiqarib oladigan ish bo‘lganini ta'kidladi.

5 oktabr kuni Kun.uz'ga intervyu bergan Rasul Kusherbayev suhbat davomida shifokor Guljahon Yo‘ldosheva masalasiga munosabat bildirdi.

«Tergov jarayonlariga chetdan baho bergan holda, shuni aytishim mumkinki, uni ayol kishi ekanligini hisobga olib, sudgacha bo‘lgan vaqtda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llashni keragi yo‘q edi. (Suhbat uyushtirilgan paytda shifokor hali hibsxonada bo‘lgan, unga nisbatan ehtiyot chorasi 6 oktabr kuni uy qamog‘iga o‘tkazildi - tahr.) Bolalari voyaga yetmagan ekan qanday qilib bolalarini tashlab suddan qochishga urinishi mumkin. Bu bizdagi tergov jarayonlarini insonparvar emas, balki ko‘proq zulmkor ekanligining isboti bo‘lsa kerak. Agar qiynalsa, yanada ko‘proq narsalarni bo‘yniga oladi, deb o‘ylashsa kerak. Bunday vaziyatlarga o‘zim ham guvoh bo‘lganman», — deydi u. 

Koronavirusga chalingan bemor o‘limi va 250 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva 6 oktabr kuni hibsxonadan ozod etildi, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi sud ajrimi bilan uy qamog‘iga almashtirildi.

Yo‘ldoshevaning yaqinlariga ko‘ra, sud ajrimida unga tergov yakuniga qadar OAVga intervyu berishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Avvalroq, boshqa jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi deputat Rasul Kusherbayevga nisbatan prokuratura tomonidan ko‘rsatma olishga harakat bo‘lganini iddao qilgandi. Garchi bu gaplar sudda o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa-da, deputat prokuratura organlari bilan nosog‘lom munosabatda bo‘lib kelganini bildirgan

Mavzuga oid