O‘zbekiston | 22:14 / 29.01.2026
3714
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazmdagi «tadbirkor» davlat xizmatchilari va Samarqanddagi shartli yollanma qotil – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Xorazm hokimliklarida 60 ga yaqin xodimning tadbirkorlik faoliyati aniqlandi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining Hazorasp tumanida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishida Xorazm viloyatidagi vaziyat keskin tanqid qilindi. 2025 yilda korrupsiyaviy jinoyatlar 34 foizga kamaygani qayd etilgan bo‘lsa-da, ayrim xavf-xatar yuqori sohalarda profilaktika va bartaraf etish choralari yetarlicha ta’minlanmayotgani aytildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimliklarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 60 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischi yoki rahbar sifatidagi faoliyati saqlanib qolayotgani ma’lum bo‘ldi. 2025 yilda viloyatda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani hamda davlat xizmatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga oid cheklovlar bo‘yicha qonunchilik talablariga amal qilmagani uchun 12 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Samarqandda yollanma qotil orqali tanishini o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan erkak Toshkent shahrida yashovchi tanishini o‘ldirish maqsadida yollanma qotil izlayotgani haqida tezkor ma’lumot olingan. Shundan so‘ng, tezkor tadbirga shartli yollanma qotil jalb etilgan.

Buyurtmachi shartli yollanma qotilga o‘zi bilan kelishmovchiligi bo‘lgan shaxsni o‘ldirishni buyurib, buning evaziga 2200 dollar berishni va’da qilgan. 27 yanvar kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda buyurtmachi erkak shartli yollanma qotildan grimlangan murda fotosuratini olib, unga 2000 dollar bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ayrim talabalarning turar joyda yashash xarajatlari qoplab beriladi

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, davlat oliy ta’lim tashkilotlarida faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydiganlarning talabalar turar joylaridagi (TTJ) yashash xarajatlari davlat granti yoki to‘lov-kontraktda o‘qishidan qat’i nazar, davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

Talabaning bunday huquqi uning oilasi Ijtimoiy reyestrning “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab, 12 oy davomida saqlanib qoladi. Shuningdek, mazkur toifadagi talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat OTM talabalar turar joyiga qabul qilinadi.

O‘zbekistonda nikohdan ajrashish holatlari oshdi

2025 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ajrashish bilan bog‘liq 70535 ta ish ko‘rilib, 37544 tasi qanoatlantirildi. Bu turdagi ishlar soni 2024 yilga nisbatan 6692 taga, qanoatlantirilgan da’vo talablari esa 5327 taga ko‘paydi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 10,8 trillion so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlar undirish haqida 1,5 milliondan ortiq sud buyrug‘i chiqarilgan. Sudlarda qariyb 650 mingta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, ularning 506 mingtasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan.

Eng ko‘p fuqarolik nizolari Toshkent shahar, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida ko‘rib chiqilgan.

Benzin sifati shubha uyg‘otsa, qayerga murojaat qilish kerak?

Agar yonilg‘i quyish shoxobchasida sotilgan benzin sifatiga shubha tug‘ilsa, iste’molchi chekni saqlagan holda va zarur hujjatlar bilan «O‘zenergoinspeksiya»ga murojaat qilishi lozim.

Avvalo yonilg‘i sotib olingan AYoQSh nomi va manzili, shuningdek, mahsulot uchun to‘lov qilinganini tasdiqlovchi chek saqlangan bo‘lishi shart. Bu keyingi murojaatlarni rasmiylashtirish uchun asosiy dalil hisoblanadi.

Agar avtotransport vositasi dvigatelidagi nosozlik aynan sifatsiz yonilg‘i oqibatida kelib chiqqan deb hisoblansa, u holda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tomonidan berilgan rasmiy xulosa talab etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid