Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
Madaniy meros agentligi Andijon shahrida joylashgan Bobur haykalini shaharning boshqa qismiga ko‘chirish yuzasidan murojaat kelib tushganini tasdiqladi. Agentlik tegishli tashkilotlarga bu kabi masalalar bo‘yicha ilmiy-ekspert kengashi xulosasini olish zarurligini tushuntirgan.
Madaniy meros agentligi Andijon shahrida joylashgan Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilayotgani yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Andijon shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga turar joy qurish rejalashtirilgani haqidagi xabar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Madaniy meros agentligiga ko‘ra, holat yuzasidan agentlikning Andijon viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
Qayd etilishicha, Andijon shahri Bobur hamda Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Moddiy madaniy merosining ko‘chmas mulk obektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan 2024 yilning 8 noyabrida Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasiga Andijon shahar Boburshoh hamda Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligining shahardagi Abdurauf Fitrat ko‘chasida joylashgan «Jome me’moriy majmuasi» arxitektura yodgorligi hududiga ko‘chirilishi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunda«Moddiy madaniy meros obektini hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish – moddiy madaniy meros obektining tarixiy-badiiy qiymatini va asralishini o‘zgartirmasdan uning tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan unsurlarini ta’mirlash asosida undan hozirgi zamonda foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish» belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi qarorida «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishga oid loyihalarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan xulosa berish belgilangan.
«Yuqoridagilardan kelib chiqib, boshqarma tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligini ko‘chirish masalasi yuzasidan tegishli tashkilotlarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olish uchun tushunchalar berilgan», — deyiladi xabarda.
Agentlik prezident qaroriga muvofiq sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari tashkilot bilan kelishilishi majburiy hisoblanishini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qo‘yilgan.
Mavzuga oid
22:05 / 23.11.2024
DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024