O‘zbekiston | 19:30 / 22.08.2025
4161
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon tranzit koridorlarini rivojlantiradi

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma bayonot qabul qildi, ularning huzurida bir nechta hujjatlar imzolandi. Kaspiy dengizi orqali logistika infratuzilmasi va parom tashuvlarini rivojlantirishga kelishib olindi. Uch mamlakat uglevodorod konlarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Avazada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev qo‘shma bayonot qabul qildi. Bayonot matni hozircha ochiqlanmadi.

Yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, Tovar-xomashyo birjalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.

Muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti o‘z so‘zida uch mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida strategik sheriklikni rivojlantirish borasidagi qat’iy siyosiy irodani yaqqol namoyon etgan uchrashuvning samarali yakunlarini yuksak baholadi.

Muzokaralarda tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, jumladan, Turkmanboshi va Boku portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, zamonaviy logistika infratuzilmasini birgalikda shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Milliy transport tizimlari integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida mintaqadagi mavjud va istiqbolli yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘lash rejalari atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston bu borada o‘zaro muvofiqlashgan siyosat yuritish tarafdori ekani ta’kidlandi.

Bu, birinchi navbatda, xalqaro bozorlarga chiqishda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish va tarif siyosati masalalaridir.

Kaspiy dengizi orqali logistika infratuzilmasi va parom tashuvlarini rivojlantirish loyihalari ustida birgalikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, uch mamlakat o‘rtasida energetika sohasida - uglevodorod konlarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish vazifalari muzokaralar kun tartibidan markaziy o‘rin egalladi.

Milliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni rag‘batlantirish choralari ko‘rilishi hamda uch mamlakat hududlarining salohiyatini jalb etgan holda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

Yetakchilar suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, turizm va madaniy almashinuvlar sohasida qo‘shma dastur qabul qilinadi.

Qabul qilingan qaror va hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar vazirlar tomonidan "yo‘l xaritasi" asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston rahbari so‘zining yakunida ushbu tarixiy uchrashuv uch mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga, barqaror savdo, transport va energetika yo‘laklarini yaratishga, shuningdek, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Mavzuga oid