O‘zbekiston | 21:09 / 03.04.2024
44538
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda YTH oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi

Sakkiz kishi o‘limiga sabab bo‘lgan YTH Aqto‘be oblasti hududida ro‘y bergan.

Foto: Videodan kadr

3 aprel kuni Samara-Chimkent trassasining Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan qismida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Qozog‘iston IIVga aloqador Polisia.kz kanali xabariga ko‘ra, YTH Volvo yuk mashinasi hamda O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Toyota-Alhpard miniveni ishtirokida ro‘y bergan.

Hodisa oqibatida miniven haydovchisi va undagi yetti nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, harakat vaqtida yuk avtomobilining shinasi yorilib ketgan, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va miniven bilan to‘qnashgan.

YTH yuzasidan dastlabki tergov harakatlari boshlangan. Tegishli ekspertiza tayinlangan.

Bu yil boshidan buyon Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolari o‘limi bilan yakunlangan navbatdagi yo‘l-transport hodisasi bo‘lmoqda. 20 yanvar kuni Qozog‘iston hududida O‘zbekiston fuqarolari boshqaruvidagi avtomobillar bilan ikkita YTH ro‘y bergan va to‘rt o‘zbekistonlik (ulardan uch nafari bir oila a’zolari) halok bo‘lgandi.

Undan oldinroq, 11 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza oblastida O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi JAC miniveni boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi yuk mashinasiga to‘qnashishi oqibatida sakkiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangandi.

16 yanvar kuni esa Rossiyaning Samara oblasti Stavropol rayonida ham O‘zbekiston fuqarolari o‘limiga sabab bo‘lgan YTH ro‘y berdi, bu holatda o‘zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi Lada Largus qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, «Gazel» yuk mashinasi bilan to‘qnashgan, natijada yengil mashinadagi uch kishi halok bo‘lib, to‘rt yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgandi.

Mavzuga oid