09:10 / 03.03.2019
159486

Rashid Qodirov ishi: sobiq bosh prokuror «kulrang sxemalar» haqida qachon aytib beradi?

Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining navbatdagi majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchi Rashid Qodirovga yangi ayblov e'lon qilgan.

Ayblov aynan nimalardan iboratligi aniq emas, chunki bu haqda rasmiy ma'lumot berilmayapti.

2000 yil 18 fevralidan 2015 yilning 12 apreligacha O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2018 yilning 22 fevralida Toshkentda hibsga olingan edi.

2018 yilning may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda sobiq bosh prokurorning o‘zi televideniye orqali korrupsiya, «kulrang sxemalar» va hokazolar haqida gapirib berishini aytib o‘tgan edi.

2018 yilning iyun oyida esa Oliy Majlis Senatining 15-yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov chiqish qildi. U o‘z chiqishida sobiq bosh prokurorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga izoh berib o‘tgandi. Otabek Murodov hozirgi paytda Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinayotgani, Jinoyat protsessual qonunchiligiga asosan, tergov siri sifatida, hammasini oshkor etolmasligini aytib o‘tgan edi.

U Shavkat Mirziyoyev tutgan siyosat «sobiqlar»ni qamashdan iborat emasligini qo‘shimcha qilgandi.

«Yetkazilgan zararni qoplagan ayblanuvchilarga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ular ozodlikda yuribdi», degandi u.

2018 yilning 19 dekabrida Xalqaro press klubning huquq-tartibot organlari ishtirokida o‘tkazilgan sessiyasida jurnalistlar tomonidan O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar haqida ma'lumot berish so‘ralgan edi.

«O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayoni yakunlanish arafasida. Bu jinoyat ishi yakunlari bo‘yicha ma'lumotlar batafsil yetkaziladi. Buni mamlakatimiz rahbari ham bir necha bor takrorlagan. Demak, jinoiy ishning natijalari keng ommaga oshkor qilinadi. Hech narsa sir tutilmaydi. Qonun oldida barcha barobar. Katta mansabdor shaxsmi, kichikroq mansabdormi, barcha o‘zining xatti-harakatlari uchun tegishli jazosini oladi», — degan edi O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev.

Joriy yilning yanvarida Toshkentda O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov ustidan sud jarayoni boshlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Sud jarayoniga oid barcha detallar va yangiliklar hozircha «mustaqil manbalar»,«xabardor kishilar» va «advokatlar»dan yetib kelmoqda. Biror bir rasmiy axborot berilganicha yo‘q.

Taassufki, rasmiy axborot berilmayotgani turli mish-mishlar va taxminlar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonliklar prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i baribir bajariladi, deb umid qilishmoqda.

Top