Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Cocomelon’dan Masha va ayiqqacha: dialogsiz multfilmlar til chiqishini kechiktiradi(mi?)
Hozirgi davr bolalarining aksariyati asosan tasvir, musiqa hamda turli intershovqinlardan iborat multfilmlar bilan ulg‘ayyapti. Bu kontentlarda dialoglar juda kam, ba’zilarida esa umuman yo‘q: qahramonlar gapirmaydi, butun boshli video faqat o‘yin-kulgi kadrlari, ashula va ovoz effektlaridan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday multfilmlarni ko‘rgan bola o‘z atrofidagi nutqiy muhitdan uzoqlashadi, til o‘rganish uchun zarur bo‘lgan so‘z va jumlalarni yetarli darajada eshitmaydi va shu tariqa muloqotga kirishish qobiliyati susayadi. Kun.uz bolalarda tilning kech chiqayotgani va bunga multfilmlarning ta’siri bo‘yicha mutaxassislar fikrini o‘rgandi.
Yosh onalar uchun bolani tinchlantirishda gadjetlardan foydalanish hozir eng yaxshi najot yo‘liga aylangan. Chaqaloq yig‘lasa, unga darrov smartfondan multfilm qo‘yib beriladi. Rang-barang tasvirlarga boy, o‘ziga xos ovozlar bilan boyitilgan kadrlarni ko‘rgan bola birpasda ovunadi, qoladi. Eng qiziq jihati, jonli o‘yinchoqlardan uzog‘i 10 daqiqada zerikadigan bolakay telefonga qancha ko‘p termulsa ham charchamaydi. Atrofni kuzatsangiz, hali qo‘liga qoshiq ushlashni bilmaydigan go‘dak smartfonni bemalol ishlata olayotganiga ham guvoh bo‘lasiz.
To‘g‘ri, telefon bolani vaqtincha ovuntirishi mumkin, bu borada onalar uchun katta qulaylik bor. Ammo uning chaqaloq salomatligiga ta’siri-chi? Go‘dakni oson tinchlantirishning keyinchalik to‘lanadigan badali haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ekran oldida uzoq vaqt o‘tkazish asab tizimi, ko‘z kasalliklarini yuzaga keltirishi bilan bir qatorda bolada nutq kech rivojlanishiga sabab bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Nutq – bolaning ijtimoiy hayotga moslashuvi, bilim olish jarayoni va shaxsiy rivojlanishining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Maktabgacha bo‘lgan davrida bola so‘z boyligini tez kengaytirishi va fikrini ravon ifoda qila olishi kerak. Ammo ayrim hollarda bu jarayon sekinlashadi yoki kechikadi. Mazkur holat bir necha xil omillar ta’sirida yuzaga keladi, ularni shartli ravishda biologik, psixologik, tibbiy sabablar va muhit ta’siriga ajratish mumkin.
“Biologik omillar orasida genetik moyillik yetakchi o‘rinda tutadi. Agar oiladagi kattalarda nutq yoki til rivojlanishida kechikish kuzatilgan bo‘lsa, bolaning ham shunday muammoga duch kelish ehtimoli ortadi. Asab tizimi va miyadagi nuqsonlar, shuningdek, eshitish qobiliyati bilan bog‘liq muammolar nutq shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bola so‘zlarni to‘liq yoki aniq eshitmasa, ularni o‘zlashtirish qiyinlashadi”, – deydi pediatr Komila Mutalova.
Shifokorning ta’kidlashicha, psixologik va emotsional omillar ham tilning kech chiqishiga turtki bo‘ladi. Travmatik holatlar, oiladagi janjal, stress bolada muloqotga bo‘lgan qiziqishni kamaytiradi. Shuningdek, e’tibor va rag‘bat yetishmasligi, ya’ni o‘smir bilan yetarlicha gaplashmaslik yoki uning fikrini qadrlamaslik nutq rivojlanish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtiradi.
Tibbiy sabablar bilan bog‘liq omillar qatoriga autizm spektr buzilishlari, umumiy intellektual rivojlanishning sekinligi, nutq apparati, ya’ni til, lab, tanglay, ovoz bog‘lamlari tuzilishidagi nuqsonlar kiradi. Bu omillar tovush chiqarish jarayonini qiyinlashtiradi hamda nutqni ravon shakllantirishga to‘sqinlik qiladi.
“Yangi tug‘ilgan chaqaloqning til apparati ilk kunlardan rivojlanish bosqichiga kiradi. 0–6 oy oralig‘ida bola atrofdagi tovushlarga javob qaytaradi: kuladi, g‘o‘ldiraydi, “agu-agu” kabi tovushlar chiqaradi. Bu davrda u so‘z ayta olmaydi.
6–12 oyga kelib, “ma-ma”, “ba-ba”, “da-da” kabi bo‘g‘inlar paydo bo‘ladi. Ismini chaqirsangiz, qaraydi. Bir yoshga yaqin esa kamida 1–3 oddiy so‘zni talaffuz qiladi. 12–18 oy orasida lug‘at boyligi 5–20 taga ko‘payadi, oddiy ko‘rsatmalarni tushunadi (“kel”, “ol”, “ber”).
18–24 oy oralig‘ida 20–50 ta so‘zni o‘zlashtiradi, ikki so‘zli jumlalar tuza boshlaydi (“aya ber”, “dada kel”). 2–3 yoshda bola kamida 200–300 so‘z ishlata olishi, sodda gaplar tuzishi kerak. Agar bola 2 yoshga yetib 10 tadan kam so‘z ishlatsa yoki 3 yoshga to‘lganda ham gapirmasa, bu nutq kechikayotganining jiddiy signali bo‘lishi mumkin”, – deydi lor-xirurg, pediatr Javlonbek Hamdamov.
Nutq kechikishi maktabgacha yoshdagi bolalarda eng ko‘p uchraydigan rivojlanish muammosiga aylangan. Bu holatda bola tovushlarni chiqarishda, so‘zlardan foydalangan holda muloqot qilishda, tilni tushunishda tengdoshlaridan ortda qoladi.

Muhit va tarbiya omillari hozirda bolalarda til chiqishi kechikishining keng tarqalgan sabablaridan biridir. Oxirgi yillarda o‘smirlarning ekran qarshisida (planshet, telefon, televizor) o‘tkazadigan payti tobora ortib bormoqda. Erta yoshdan “ko‘k nur” ta’sirida uzoq vaqt o‘tkazish jonli muloqotni kamaytirib, diqqat hamda nutq rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Go‘dak telefonga qarab o‘tirganida ko‘rgan va eshitgan ma’lumotlarini bir tomonlama qabul qiladi, lekin faol javob bermaydi. Natijada:
- so‘z boyligi yetarlicha ko‘paymaydi
- savol-javob qilish, fikr almashish ko‘nikmalari rivojlanmaydi
- diqqat va eslab qolish qobiliyati pasayadi.

Dubay va Shimoliy amirliklarda bir yoshdan to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida nutqning kechikishi va ekranda ishlash vaqti o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishga qaratilgan tadqiqot o‘tkazilgan. Unda ma’lum bo‘lishicha, bolaning o‘zini kuniga 4 soatdan ortiq ekran qarshisida qoldirish nutq kechikishi xavfini 40 foizgacha oshirishi aniqlangan. Gapira olmaslik holatlari eng ko‘p 1 yoshli bolalarda qayd etilgan. Holat o‘g‘il bolalarda qizlarga qaraganda sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bolaga gadjetlar qanchalik erta berilsa, nutq kechikishi xavfi shunchalik yuqori bo‘lgan. Masalan, 1 yoshga to‘lmasidan ekran ishlata boshlagan bolalarning 34,4 foizida nutq kechikishi aniqlangan. Aksincha, 3–4 yoshdan smartfonlardan foydalangan bolalarda bu ko‘rsatkich atigi 11,1 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, bolalar ekranni tomosha qilayotganda ota-ona nazorati kuchli bo‘lsa, nutq kechikishi holatlari kamaygani kuzatilgan. Bu esa ota-ona va bola o‘rtasidagi faol muloqot muhimligini anglatadi.

Bolaning gadjetlarda tomosha qilayotgan videokontentlari turi ham til kech chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Multfilm kadrlarning tez almashinuvi, yorqin ranglar va baland ovozlar bilan boyitilgan bo‘lsa, u bolaning miyasini to‘liq egallab olib, zo‘riqtiradi. Bunday sharoitda bola passiv tomoshabinga aylanadi: u voqeani kuzatadi, ammo muloqotga kirishmaydi va eshitgan so‘zlarini faol qo‘llashga ehtiyoj sezmaydi. Natijada so‘z boyligi kengaymaydi, gapirishga rag‘bat pasayadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, faqat multfilm va ko‘ngilochar videolarni tomosha qilgan bolalarda interaktiv yoki ta’limiy kontent ko‘rgan tengdoshlariga nisbatan nutq ko‘nikmalari sekinroq rivojlanadi. Negaki, ta’limiy kontent bolani fikr yuritish va tushunganini ifodalashga majbur qiladi.
Demak, bundan kelib chiqib aytish mumkinki, muammo faqat vaqt chegarasida emas – kontentning sifati, mazmuni va ota-onaning tomosha vaqtida bola bilan muhokama qilishi jarayonda muhim ahamiyatga ega.
Foto
Multfilmlar bolalar uchun eng ommabop ko‘ngilochar vositalardan biridir. Ular rang-barang, tezkor kadrlar almashinuvi va chiroyli ovozlar bilan bolani o‘ziga tortadi. Ammo so‘nggi yillarda pediatr va logopedlar ayrim multfilmlar bolalarda nutq rivojini sekinlashtirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Masala shundaki, bunday multfilmlar bolani passiv tomoshabinga aylantirib, faol muloqot o‘rnini egallaydi.
“Inson qiyofasidan uzoq bo‘lgan multfilm qahramonlari bolada nutq rivojlanishini sekinlashtirishga ta’sir o‘tkazadi. Masalan, SpongeBob multfilmidagi bosh qahramon to‘rtburchak, sarg‘ish gubka tabiiy lab va yuz harakatlariga ega emas. Bola so‘z talaffuzini va mimikani kuzata olmaydi, bu esa ongga avtomatik ravishda ta’sir qilib, tovushlarni to‘g‘ri takrorlash va nutq apparatini mashq qildirish jarayonini qiyinlashtiradi. 0–3 yoshda bunday qahramonlari bor multfilmlarni go‘dakka tomosha qildirish umuman tavsiya etilmaydi”, – deydi Komila Mutalova.
Cocomelon
Ushbu multfilm YouTube va Netflix platformalarida eng ko‘p tomosha qilinadigan bolalar kontentlaridan biri bo‘lib, haftasiga milliardlab ko‘rishlar to‘playdi. Uning asosiy xususiyati — har 1-2 soniyada kadr almashishida. Bu tezkor vizual ta’sir bolaning miyasini doimiy ravishda yangi tasvir kutishga o‘rgatadi, ammo so‘zlarni tinglab, tahlil qilish va tushunishga yetarli vaqt qoldirmaydi. Multfilmning katta qismi qo‘shiq va ritmik jumlalardan iborat, muloqotga boy hikoyalar esa kam. Mazkur holat bolaning passiv tomoshabin bo‘lib qolishi va yangi so‘zlarni faol ishlatishini cheklaydi.
Baby Shark qo‘shig‘i
Pinkfong studiyasi tomonidan yaratilgan “Baby Shark” qo‘shig‘i butun dunyo bo‘ylab fenomenga aylandi, ya’ni YouTube tarixidagi eng ko‘p – 16 milliarddan ortiq ko‘rilgan video bo‘ldi. Ushbu videolar qisqa, takrorlanuvchi va sodda so‘zlardan iborat. Masalan, “Baby shark, doo doo doo” kabi jumlalar ritmik tarzda qayta-qayta takrorlanadi. Bu bolada eslab qolish qobiliyatini kuchaytirishi mumkin, ammo so‘z boyligini oshirmaydi. Chunki nutq konteksti mavjud emas va bola tabiiy suhbat jarayoniga qo‘shilmaydi.
Masha va ayiq
Rossiyada ishlab chiqarilgan ushbu multfilm 100 dan ortiq mamlakatlarda namoyish etiladi va YouTube’da eng ko‘p ko‘rilgan bolalar videolaridan biri hisoblanadi. Mazkur kontentning ko‘plab sahnalarda so‘zlardan ko‘ra harakatlar ustun bo‘ladi. Masha obrazining nutqi shoshqaloq, murakkab iboralarga boy va ko‘pincha metaforik bo‘lib, kichik yoshdagi bolalar uchun ularni tushunish qiyin. Bola eshitganini qayta ishlashga ulgurmaydi va vizual zavq bilan cheklanadi. Bu esa nutqni faol o‘zlashtirish imkoniyatini kamaytiradi.
Bola miyasi ikki yoshga to‘lguncha tez rivojlanadi. Shu davr til o‘rganish uchun eng sezgir payt hisoblanadi. Bu vaqtni passiv video tomosha qilish bilan o‘tkazish nutq shakllanishini kechiktirishi mumkin. Shu sabab ota-onalarga 2 yoshdan kichik bolalarga mutlaqo gadjet bermaslik, 2–5 yoshdagilarga esa ekran vaqtini kuniga 1 soatgacha cheklash tavsiya etiladi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.
Operator: Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
15:03 / 20.12.2025
Saida Mirziyoyeva “Sehrlandiya” multfilmi haqida: “Bu – birinchi qadam”
14:34 / 22.08.2025
“Kaltaklanadigan bolalar o‘qishda qoloq, tajovuzkor bo‘lib ulg‘ayadi” – JSST
12:49 / 20.08.2025
Bemor bolajonlarga quvonch ulashgan kun – “Sen kuchlisan” loyihasida to‘y
20:17 / 05.08.2025