Sog‘lom hayot | 14:34 / 22.08.2025
3261
5 daqiqa o‘qiladi

“Kaltaklanadigan bolalar o‘qishda qoloq, tajovuzkor bo‘lib ulg‘ayadi” – JSST

Hisobotda aytilishicha, bolani urib tarbiyalash uning ham jismoniy, ham ruhiy sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazadi. Bunday jazo o‘smirning ichki qo‘rquv va xavotirini kuchaytirib, uni doimiy stress ostida yashashga majbur qiladi. Oqibatda bola o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi, ongida “men yomonman” degan fikr shakllanib, shaxsini qadrsiz his qiladi. Eng xavflisi, kaltaklangan bola keyinchalik o‘zgalarga ham zo‘ravonlik qilishni odatiy hol deb qabul qila boshlaydi, ya’ni tajovuzkor xulqqa ega bo‘lib ulg‘ayadi.

Foto: AP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning yangi hisobotida bolalarni jismoniy jazolash (tan jazosi) keng tarqalganligi, bu ularning sog‘lig‘i hamda rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazishi ta’kidlangan.

Ma’lum qilinishicha, dunyo bo‘yicha har yili taxminan 1,2 milliard (0–18 yosh) bola uy sharoitida jismoniy jazoga duchor bo‘ladi. 58 ta mamlakatdan to‘plangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, birgina o‘tgan oyning o‘zida (iyul) jismoniy jazoga uchragan bolalarning 17 foizi uning eng og‘ir shakllaridan aziyat chekkan, ya’ni boshi, yuzi yoki quloqlariga kuchli urilgan: qattiq va qayta-qayta kaltaklangan.

Uy sharoitida bolalarni jazolash darajasi mamlakatlarga qarab keskin farq qiladi. Masalan, Qozog‘istonda ota-onalarning 30 foizi, Ukrainada 32 foizi “oxirgi oyda bolamni urdim yoki jismoniy jazoladim” deb tan olgan. Serbiyada bu ko‘rsatkich ancha yuqori — 63 foiz. Serra-Leoneda 64 foiz, Togoda esa deyarli 77 foiz ota-ona bolani jismoniy jazolashini aytgan.

Maktablarda ham bu amaliyot keng tarqalgan. Afrika va Markaziy Amerikada bolalarning qariyb 70 foizi o‘qish davrida kaltaklanishga uchrasa, Tinch okeani g‘arbiy mintaqasida mazkur ko‘rsatkich 25 foiz atrofida.

Ilmiy dalillarga ko‘ra, jismoniy jazolash bolalar sog‘lig‘iga ko‘p qirrali xavf tug‘diradi. Bu na o‘smirlarning xulq-atvori, na rivojlanishiga foyda keltiradi. Ota-onalar yoki jamiyat uchun ham hech qanday foydasi yo‘q. Endi bu zararli amaliyotni tugatish vaqti keldi, toki bolalar uyda ham, maktabda ham sog‘lom rivojlanib ulg‘ayishsin”, – deydi JSSTning Sog‘liq determinantlari, targ‘ibot va profilaktika bo‘limi direktori Etiyenne Krug.

Bolalarni jismoniy jazolash: uning jamoat salomatligiga ta’siri” nomli hisobotda aytilishicha, eng ko‘p tan jazosiga uchraydiganlar nogironligi bor bolalar hisoblanadi. Shuningdek, o‘zi ham yoshligidan kaltak yeb ulg‘aygan, giyohvandlik, depressiya va boshqa ruhiy muammolardan aziyat chekayotgan ota-onalarning farzandlari zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Bundan tashqari, kambag‘allik, irqchilik va kamsitilish kabi ijtimoiy muammolar bolalarning tan jazosiga duch kelish ehtimolini oshiradi.

Bolalarga nisbatan jismoniy jazolashning sog‘liqqa ta’siri uzoq muddatli bo‘ladi, ya’ni faqatgina qizarish, ko‘karish kabi bevosita jarohatlar bilan cheklanmaydi. Kaltaklanish organizmda zararli biologik jarayonlarni qo‘zg‘atadi: stress gormonlarining kuchayishi, miya tuzilishi va funksiyasida o‘zgarishlar hosil qiladi, bu bolalarning sog‘lom rivojlanishini izdan chiqarishi mumkin.

49 ta kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, jismoniy jazoga uchragan bolalar bunday jazoga uchramagan tengdoshlariga qaraganda o‘rtacha 24 foiz kam rivojlanadi. Ruhiy salomatlikka ta’siri ham jiddiy: bunday bolalar tashvish, depressiya, o‘zini qadrlamaslik, hissiy beqarorlik bilan yashaydi. Mazkur holatlar ulg‘aygach ham davom etadi, giyohvandlik va hatto o‘z joniga qasd qilish holatlarining ko‘payishiga olib keladi.

Bundan tashqari, ko‘p kaltaklangan bolalar tajovuzkorroq xulqqa ega bo‘lib ulg‘ayadi, o‘qishda qiynaladi, voyaga yetgach zo‘ravonlik, ijtimoiy qoidabuzarlik yoki jinoyat sodir etishga moyil bo‘ladi.

Ko‘plab mamlakatlarda jismoniy jazolash taqiqlangan bo‘lsa-da, uning hanuz qo‘llanishi va ota-onalar tomonidan zarur deb hisoblanishi bu borada qonunning o‘zi yetarli emasligini ko‘rsatadi. Chunki qonun qabul qilishning o‘zi muammoni hal etmaydi: jamiyatda qarashlar o‘zgarmasa, ota-onalar tarbiya usullarini yangilamasa, bolaga qo‘l ko‘tarish odati davom etaveradi. Shu sababli mutaxassislar qonuniy choralar bilan bir qatorda tushuntirish ishlari, ota-onalarni o‘qitish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari orqali bu odatni yo‘qotish mumkinligini ta’kidlamoqda. “Bolaga mehr berish, uni tushunish va muloqot asosidagi tarbiya jamiyatning sog‘lom rivojlanishi uchun o‘ta muhimdir”, – deyiladi hisobotda.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid