Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bemor bolajonlarga quvonch ulashgan kun – “Sen kuchlisan” loyihasida to‘y
“Sen kuchlisan” loyihasi tashabbusi bilan 20 nafar gematologik kasallikka chalingan bolalar bir sahnada o‘z to‘ylarini nishonladi. Bayram munosabati bilan bolalarga maxsus sovg‘alar ulashilib, konsert dasturi namoyish etildi.
2023 yilda O‘zbekistonda gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda ijodini targ‘ib qilishga qaratilgan “Sen kuchlisan” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. 14 avgust kuni mazkur loyiha tashabbusi bilan xasta bolajonlarning sunnat va muchal to‘ylari nishonlandi.
Tadbirni tashkillashtirish sababini loyiha asoschisi Marjona Nurmuhammedova quyidagicha izohlaydi:
“Sen kuchlisan” loyihasining tashriflaridan birida, bir xafa bo‘lib o‘tirgan bolajonga ko‘zim tushdi. Xafa bo‘lish sababini so‘raganimda: “Barcha tengdoshlarimning sunnat to‘ylari bo‘ldi” dedi. “Seniki bo‘lmadimi?” desam, “yo‘q, menga to‘y qilishga ota-onamning sharoiti yo‘q, biz faqat dori-darmon olamiz”, — dedi. Biz buni jamoamiz bilan muhokama qildik va mana, bugun yaxshilar ko‘magida nafaqat bitta bolajonning, balki 20 nafar bolajonning shodiyona to‘yini nishonlamoqdamiz”.
Tadbirning yana bir o‘ziga xos jihati bolalar tomonidan yaratilgan rasmlar va buyumlar xayriya maqsadida sotuvga qo‘yilishi bo‘ldi. Bu nafaqat ularga moddiy yordam beradi, balki o‘z mehnatining qadrlanishini his qilish imkonini ham yaratadi.
“Ichida bir yaxshi odat borki, bemor bolajonlar tomonidan chizilgan, to‘qilgan va qo‘l mehnati bilan yasalgan buyumlar auksionga qo‘yiladi. Bugun men ham qatnashib, mana shunday chiroyli suratlarni qo‘lga kiritdim. Birinchidan, qo‘l mehnati bilan yaratilgan ijod mahsulini qadrlaymiz. Ikkinchidan, mana shu loyihaga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz. Chunki auksiondan tushgan mablag‘lar bolalarning operatsiyasiga, ularni chet elda davolatishga yoki moddiy yordam sifatida ishlatiladi. Bu ularga yangi imkoniyat, yangi umid bo‘lishi mumkin”, — deydi loyiha ishtirokchilaridan biri jurnalist Ilyos Safarov.
Loyiha tashkilotchilari kelgusida ham bunday tadbirlarni davom ettirish, bolalar ijodini kengroq targ‘ib qilish va ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan.
Loyiha asoschisi Marjona Nurmuhammedova kelgusida bemor bolalarni kasb-hunarga yo‘naltirish rejalari haqida gapirdi:
“Hozir loyihamizda 400 dan ortiq bemor bolalar bor. Kelajakdagi maqsadlarimiz saraton kasalliklarining imkon qadar oldini olish, bolalar o‘lim sonini kamaytirishga o‘z hissamizni qo‘shishdir. Shuningdek, ularning orzularini amalga oshirish, kasb-hunarga yo‘naltirish kabi juda ko‘p yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish rejamiz bor. Bu maqsadlar yo‘lida biz to‘xtab qolmaymiz”, dedi u.
Mavzuga oid
14:34 / 22.08.2025
“Kaltaklanadigan bolalar o‘qishda qoloq, tajovuzkor bo‘lib ulg‘ayadi” – JSST
17:55 / 16.08.2025
Cocomelon’dan Masha va ayiqqacha: dialogsiz multfilmlar til chiqishini kechiktiradi(mi?)
20:17 / 05.08.2025
Andijonda mast erkak 14 yoshli bolani kaltakladi
10:30 / 05.08.2025