O‘zbekiston | 14:00 / 15.11.2024
3828
5 daqiqa o‘qiladi

2025 yildan O‘zbekistonga ayrim quyosh panellari importi cheklanadi

Keyingi yildan boshlab O‘zbekistonda BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilardan quyosh panellari, invertorlar va akkumulyatorlarni olib kirishga taqiq joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan kompaniyalardan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi. Bu prezidentning 11 sentabrdagi farmonida (jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinmagan) ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi Gazeta.uz.

BNEF Tier-1 ro‘yxati Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida muntazam e’lon qilib borilishi va har oyda yangilab borilishi kerak.

Ushbu ro‘yxat Bloomberg New Energy Finance Corp (BNEF) tomonidan yaratilgan reyting bo‘lib, kompaniyalarning kredit qobiliyati va kredit olish uchun bank talablariga muvofiqligini baholaydi. BNEF o‘z ro‘yxatini har chorakda yangilaydi, shuning uchun kompaniyalar doimiy ravishda ro‘yxatga kiritiladi va undan chiqariladi. Tier-1 maqomi quyosh panellari yetkazib beruvchisining moliyaviy barqarorligini ko‘rsatsa-da, u ishlab chiqarish sifati yoki panellarning chidamliligi reytingini bermaydi.

Oxirgi Bloomberg Tier-1 reytingi bilan havola orqali tanishish mumkin.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risida

O‘zbekistonda quyosh panellari ishlab chiqaradigan qator korxonalar mavjud. Great Start Bild kompaniyasi 2021 yildan buyon A.R.T. SOLAR brendi ostida quyosh modullarini Toshkentda ishlab chiqaradi va o‘zini mamlakatdagi birinchi yirik quyosh paneli ishlab chiqaruvchisi sifatida ko‘rsatadi. Korxonaning quvvati 100 MVtni tashkil etadi. Kompaniya ta’sischilari Albert va Kuman Avsepian (27,9 foiz va 72,1 foiz) hisoblanadi.

Oktyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi «Tinchlik» kichik sanoat zonasida joylashgan quyosh panellari va quyosh energiyasi uchun zarur bo‘lgan turli kabellar ishlab chiqariladigan Enter Green Solar korxonasiga tashrif buyurdi. Umumiy qiymati 7 million dollar va quvvati 200 MVt bo‘lgan korxonada Italiyaning Ecoprogetti uskunalari o‘rnatildi. Uning negizida yiliga 377 mingta quyosh paneli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Enter Steel (60 foiz), Said Amir Baxtiyorovich Fozilov (20 foiz), Enter Engineering, Eriell, Enera holdingi va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan bog‘liq tadbirkor Baxtiyor Fozilov, Jasur Xudoyqulovich Jumayev (10 foiz) va Eriellʼda ishlaydigan Aleksandr Vasilevich Bolshakov (10 foiz) korxona ta’sischilari hisoblanadi.

Iyun oyida Qoraqalpog‘istondagi Nukus Elestroapparat qo‘shma korxonasi qiymati 10 million dollardan ortiq bo‘lgan quyosh panellari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirdi. Uskunalar Koreya Respublikasidan keltirilgan va o‘rnatilgan. Loyihaning yillik quvvati 273 ming donani tashkil etadi. Davlat rahbari avgust oyida ham zavodga tashrif buyurdi. Qo‘shma korxonaning ta’sischilari sifatida Shveytsariyaning Tanotrade Ag (80 foiz) va mahalliy Toshelectroapparat (20 foiz) ko‘rsatilgan bo‘lib, ular 0,4−220 kV kuchlanishli elektr uskunalari, fotoelektr stansiyalari, yorug‘lik diodli yoritish, kuch transformatorlari, uzgichlar hamda 220 kV gacha bo‘lgan gaz va vakuumli o‘chirgichlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Oxirgi kompaniya, shuningdek, Chirchiq transformator zavodi va Sport Line kompaniyasining ulushiga egalik qiladi. Toshelectroapparatʼning o‘zi Tanotrade Ag (75 foiz) va Shveytsariyaning yana bir Comagra Commerz & Agrar-Handel AG (25 foiz) kompaniyasiga tegishli.

Ishlab chiqaruvchilardan tashqari, O‘zbekistonda dunyo ishlab chiqaruvchilaridan ko‘plab quyosh panellari yetkazib beruvchilar mavjud.

2022 yil 1 oktyabrdan boshlab jismoniy shaxslar Energetika vazirligining budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasining (energymarket.uz) onlayn platformasi orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va suv isitkichlarini 3 yil muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari mumkin.

Mavzuga oid