Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh–Eron kelishuvga yaqinlashdi, Yevropada Kremlga qarshi tribunal tuzilyapti – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh–Eron kelishuvga yaqin
Chorshanba kuni Eron AQShning tinchlik taklifini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Manbalarga ko‘ra, ushbu taklif urushni rasman tugatishni nazarda tutadi. Biroq AQShning asosiy talablari — Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish masalalarini ochiq qoldiradi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining bildirishicha, Tehron o‘z javobini tez orada yetkazadi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eron kelishuvga erishishni istayotganiga ishonishini aytdi.
«Ular kelishuv tuzmoqchi. Oxirgi 24 soat ichida juda yaxshi muzokaralar olib bordik va kelishuvga erishishimiz ehtimoli juda yuqori», dedi Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga.
Tramp 28 fevralda boshlangan urushni tugatadigan kelishuv istiqbolini bir necha bor yuqori baholagan, biroq hozircha muvaffaqiyatga erishmagan.
Pokistonlik manbalar ham mojaroga rasman chek qo‘yadigan bir sahifalik memorandum bo‘yicha kelishuvga yaqin ekanini aytdi.
Eron parlamentining tashqi siyosat va milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili, deputat Ibrohim Rizoiy hujjat matnini «haqiqatdan ko‘ra ko‘proq Amerikaning orzular ro‘yxati» deb ta’rifladi.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof so‘zlariga ko‘ra, bunday xabarlar AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ocholmaganidan keyingi navbatdagi «targ‘ibot o‘yini»dir.
Xitoy–Eron muzokaralari
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi chorshanba kuni Pekinda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van In bilan uchrashdi.
Uchrashuvdan so‘ng Aroqchi Xitoy bosh diplomatiga AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralar haqida ma’lumot berganini bildirdi. Aroqchi Eron muzokaralarda o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun bor kuchini ishga solishini aytgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi muzokaralardan so‘ng «tinchlikka o‘tishning hal qiluvchi pallasida» ekanini ta’kidladi:
«Xitoy harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish shart deb hisoblaydi. Mojarolarning qayta boshlanishi qabul qilinishi mumkin emas va muzokaralarni davom ettirish ayniqsa muhimdir».
Shuningdek, Xitoy yadro masalasi bo‘yicha ham bayonot berdi. «Xitoy Eronning yadro qurolini ishlab chiqarmaslik majburiyatini yuqori baholaydi. Shu bilan birga Eronning yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishga bo‘lgan qonuniy huquqini tan oladi», deyiladi bayonotda.
Tramp va Si Jinping 14-15 may kunlari Pekindagi uchrashuvda Eron masalasida fikr almashishi kutilmoqda.
Yevropada Kreml rahbariyatiga qarshi tribunal
Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini bo‘yicha o‘z qoshida tashkil etilgan Maxsus tribunal to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashni ma’qulladi. Ushbu tribunal Rossiyaning birinchi raqamli shaxslariga, jumladan, prezident Vladimir Putinga daxldor bo‘ladi.
Rossiya Rim statutining ishtirokchisi emasligi va Xalqaro jinoiy sud uning rahbariyatini ta’qib qilish bo‘yicha huquqiy vakolatga ega emasligi sababli, hozirda boshqa hech bir amaldagi sud ushbu jinoyatni ko‘rib chiqish huquqiga ega emas. Hujjatda qayd etilishicha, Maxsus tribunal endilikda agressiv urushni boshlagani uchun Rossiyani jinoiy javobgarlikka tortish mandatiga ega bo‘ladi.
Niderlandiya sudni o‘z hududida qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi Maxsus tribunal faoliyatini moliyalashtirish uchun dastlabki 10 million yevroni o‘tkazgan.
Maxsus tribunal ish boshlaganidan so‘ng, Putindan tashqari Rossiyaning boshqa yuqori martabali harbiy hamda siyosiy rahbarlariga ayblov e’lon qilinishi mumkin. Bundan tashqari, sud yurisdiksiyasi urushda Moskvani qo‘llayotgan davlatlar — Belarus va Shimoliy Koreyaga ham taalluqli bo‘ladi.
Ushbu tergov doirasida nafaqat 2022 yilda boshlangan keng ko‘lamli urush, balki 2014 yil fevralidan boshlab sodir bo‘lgan voqealar ham o‘rganiladi.
Fransiya aviatashuvchi Qizil dengizga keldi
O‘rta Yer dengizining sharqiy qismida bo‘lgan Fransiyaning «Sharl de Goll» aviatashuvchi kemasi Suvaysh kanali orqali Qizil dengizga o‘tdi. Hozirda u Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash missiyasida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
«Bu bizning nafaqat tayyor ekanimizni, balki Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlashga qodir ekanimizni ham ko‘rsatishi kerak», deya bayonot berdi rasmiy Parij 6 may kuni.
Endilikda «Sharl de Goll» Qizil dengizning janubiy qismiga yo‘l olmoqda. Bu «vaziyatga qarab» boshlanadigan operatsiyaga tayyorgarlik vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi. Aviatashuvchi bortida 20 ga yaqin Rafale tipidagi qiruvchi samolyotlarni olib yuribdi va unga bir nechta fregat hamrohlik qilmoqda.
Germaniya qurolli kuchlari ham ushbu missiyada ishtirok etishni rejalashtirgan: ular minalarni tozalash kemasini taqdim etadi.
Yelisey saroyi xabariga ko‘ra, Fransiya Eron va AQShga Ho‘rmuz faoliyatini tiklash masalasini — davom etayotgan harbiy mojarodan alohida ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Yevropaliklarning missiyasi faqat Erondagi harbiy harakatlar to‘liq yakunlangach boshlanadi.
KXDR konstitutsiyasida o‘zgarish
Shimoliy Koreya o‘z konstitutsiyasidan Janubiy Koreya bilan birlashish haqidagi barcha eslatmalarni olib tashladi. Chorshanba kuni tarqalgan hujjatga ko‘ra, bu – Pxenyan 1948 yildan beri yuritayotgan o‘n yillik siyosatning keskin to‘xtatilganini anglatadi.
Ushbu o‘zgarish haqida Janubiy Koreya birlashish vazirligi OAVlarga taqdim etgan hujjatdan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
Xususan, mart oyida qabul qilingan yangilangan konstitutsiyada Shimoliy Koreya hududini belgilovchi yangi band paydo bo‘ldi. Unda mamlakat hududi — shimolda Xitoy va Rossiya bilan, «janubda esa Koreya Respublikasi» bilan chegaradosh hududlarni o‘z ichiga olishi aytilgan.
Shuningdek, tuzatishga ko‘ra, Kim Chen Inning davlat ishlari komissiyasi raisi sifatida KXDRning yadroviy kuchlariga qo‘mondonlik qilish vakolati mustahkamlab qo‘yildi.
Tahlilchilarga ko‘ra, yangi siyosat Koreya yarimorolidagi ikki davlat o‘rtasida «tinch-totuv yashash» uchun asos bo‘lishi mumkin.
Ammo Pxenyan so‘nggi yillarda Seulga nisbatan borgan sari «keskinroq siyosat» yuritmoqda.
Isroil Bayrutga zarba berdi
Isroil Livan bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganidan buyon birinchi marta Bayrutga hujum uyushtirdi. Bu mojaroni to‘xtata olmagan kelishuvga nisbatan bosimni yanada oshirdi.
Havo hujumi shaharning janubiy chekkasidagi, «Hizbulloh» qarorgohi joylashgan Dahiya tumaniga berilgan. Internetda tarqalgan suratlarda ulkan alanga va kamida bitta bino jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu guruhning elita «Radvon» kuchlari qo‘mondoni nishonga olingani va ushbu zarbani shaxsan o‘zi ma’qullaganini bildirdi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, hujum bo‘linma a’zolari uchrashuv o‘tkazayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. «Hizbulloh» tomonidan hozircha hech qanday munosabat bildirilmadi.
Bu 16 aprel kuni Isroil va Livan hukumatlari o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini e’lon qilganidan beri Dahiya tumaniga qilingan birinchi hujumdir. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda bevosita ishtirok etmagan «Hizbulloh» guruhi agar Isroil kelishuvga amal qilsa, o‘zlari ham unga rioya qilishlarini bildirishgan edi.
Kelishuvga qaramay, Isroil va «Hizbulloh» bir-birini shartlarni buzishda ayblab, hujumlarni davom ettirmoqda.
Mavzuga oid
13:51 / 08.05.2026
AQSh va Eron o‘rtasida otishma, Xitoyda o‘limga hukm qilingan vazirlar va Hamas rasmiysining o‘g‘lini o‘ldirgan Isroil – kun dayjesti
15:49 / 06.05.2026
Ho‘rmuzdagi operatsiyani to‘xtatgan Tramp va Turkiyaning ilk ballistik raketasi – kun dayjesti
14:11 / 05.05.2026
Ukrainadagi otashkesim, Ko‘rfazda yangi hujumlar va Oq uy yaqinida otishma – kun dayjesti
15:21 / 04.05.2026