Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aroqdan voz kechayotgan qozoqlar, ko‘chadigan poytaxt va Afg‘on-Pokiston mojarosi – Markaziy Osiyo hafta ichida
Qozog‘istonda jami 21 ta qishloq spirtli ichimliklardan to‘liq voz kechdi. Qirg‘izistonda poytaxt Bishkekdan Jalolobodga ko‘chirilishi mumkin. Tojikistonda o‘qituvchilarning obro‘yi oshadi, parlament qonun qabul qildi. Turkmanistonda qurg‘oqchilik kuchayib bormoqda. “Tolibon” vaziri Hindistonga borgach, Afg‘oniston Pokiston bilan to‘qnashdi, havodan hujum oqibatida yuzlab kishi yaralandi.
Qirg‘iziston poytaxtini Manasga ko‘chirilishi mumkin
Manasning eski nomi esa siz bilgan Jalolobod edi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev buni istisno etmadi. Bu haqda mahalliy qirg‘iz nashri 24.kg xabar berdi.
Tashiyev 2026 yilda Manas Bishkek va O‘shdan keyin respublika ahamiyatidagi uchinchi shahar maqomini olishini ta’kidladi. U Jalolobod shahrining Manas deb o‘zgartirilishi strategik jihatdan to‘g‘ri qaror bo‘lganini aytdi. Tashiyev buni hudud “istiqbolli rivojlanish salohiyatiga va mamlakat uchun tobora muhim ahamiyatga ega”ligi bilan izohlagan.
“Ba’zi siyosatchilar Manas poytaxtga aylanishi mumkinligini aytgan. Agar bunga loyiq bo‘lsak, nega bo‘lmasin? Buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo buning uchun shaharni, xalqni tayyorlash, ruhan hozir bo‘lish kerak. Poytaxt bo‘lish oson emas: shaharga katta mablag‘ ajratiladi, uni o‘zgartirish va zamonaviy qilish kerak”, dedi Qamchibek Tashiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, shaharda rivojlanishga qaratilgan qurilish va infratuzilma ishlari faol olib borilmoqda.
“Manas Qirg‘izistonning eng zamonaviy va rivojlangan shaharlaridan biriga aylanishi kerak”, deya xulosa qildi xavfsizlik tizimi rahbari, prezidentning yaqini.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov shu yilning 17 sentabr kuni Jalolobod shahri nomini Manas deb qayta nomlash to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Tegishli qonun Jogorku Kenesh tomonidan 10 sentabrda qabul qilingan.
“Uning maqsadi milliy mafkurani mustahkamlash, Jalolobod shahriga xalq qahramoni, qirg‘iz xalqining turli bosqinlardan himoyachisi bo‘lgan buyuk Manas nomini berishdan iborat”, deyiladi izohda.
Eslatib o‘tamiz, Jalolobod viloyati O‘zbekistonning 3 ta viloyati bilan chegaradosh. Shahar maydoni 64,6 kvadrat kilometr. Unda 186 mingdan ortiq odam yashaydi, ular orasida o‘zbeklarning soni ham anchagina.
Qozoq qishloqlari spirtli ichimliklardan voz kechmoqda
Shimoliy Qozog‘istonda 21 ta qishloq aholisi spirtli ichimliklardan butunlay voz kechdi. Bu tendensiya bir necha yil avval boshlangan, bugunga kelib bunday qishloqlar soni 21 taga yetdi, deya xabar berdi mahalliy nashr Tengrinews.
Qozog‘istondagi “Yettinchi telekanal” xabariga ko‘ra, eng so‘nggi bo‘lib Qiziljar tumanidagi Baysal qishlog‘i aholisi hushyorlik harakatiga qo‘shildi. Bunda oqsoqollar tashabbuskor bo‘ldi, qolganlar, jumladan, yoshlar ham bir ovozdan spirtli ichimliklarni boykot qilishni qo‘llab-quvvatladi.
"Biror joyga ketganda eshiklarni ochiq qoldirishimiz mumkin, hech kim hech narsaga tegmaydi. Spirtli ichimliklar ichmaymiz. Ayniqsa, qishloq bo‘lganimiz uchun hozir unvonimiz bor. Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!" - deydi yashovchilardan biri.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Baysalda 60 ga yaqin fermer xo‘jaligi, asosan, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanadi.
Qishloqda spirtli ichimliklardan voz kechish nafaqat sog‘lom odat sifatida, balki butun bir avlod taqdirini o‘zgartirishga qodir jiddiy qadam sifatida qabul qilinadi.
Politsiya xodimlari ham bu haqiqatan ham samarali ekaniga amin. Ular joriy yilda qayd etilgan jinoyatlar 14 foizga kamaygani haqida xabar berishgan.
Viloyatda spirtli ichimliklardan voz kechgan qishloqlar 13 taga yetgani borasida avval xabar berilgan edi. Tengrinews’ga ko‘ra, g‘arbiy Qozog‘istondagi 33 qishloqda spirtli ichimliklarga taqiq joriy qilingan.
Tojikiston o‘qituvchilarning mavqeyini mustahkamlamoqchi
Parlament kuni kecha “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. U yuqori palata tomonidan tasdiqlanib, prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.
Tojik mahalliy nashri – Asia Plus Tajikistan’ning yozishicha, parlament quyi palatasi deputatlari “Pedagog sha’ni va qadr-qimmatini, kasbiy faoliyati halolligini himoya qiluvchi, pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari va kasbiy kafolatlarini tartibga soluvchi qonunni qabul qildi.
Endilikda bu qonun parlamentning yuqori palatasi tomonidan tasdiqlanishi va Tojikiston prezidenti tomonidan imzolanishi kerak, shundan so‘ng u ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. U e’lon qilingan kundan boshlab bir oy o‘tgach kuchga kiradi.
Joriy yil iyul oyi oxirida Tojikiston hukumati “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullab, mamlakat parlamentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning shaxsan iltimosiga muvofiq 1 yil avval bu qonunni ishlab chiqish boshlangan. Bilimlar kunidagi nutqida prezident ta’lim tizimi muammolariga to‘xtalib, tojik jamiyatida o‘qituvchilarning obro‘-e’tibori va mavqeyi pasayib borayotganidan xavotir bildirdi va tegishli qonun loyihasini ishlab chiqishni buyurdi.
Qonun o‘qituvchilar sha’ni va huquqlarini himoya qiladi va ularning maktablarda tozalash, pul yig‘ishda ishtirok etishini taqiqlaydi. Shuningdek, u o‘qituvchilarni haqorat va bosimdan himoya qiladi. Bundan tashqari, qonun o‘qituvchilarga kafolatlar, jumladan, yer uchastkalari va uy-joylarni birinchi navbatda berishni ta’minlashi kutilmoqda.
Parlament majlisida “Harbiy burch va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “Harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi, “2025 yilgi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish loyihalari ham ko‘rib chiqilib, qabul qilingan. Biroq ushbu tuzatishlar tafsilotlari oshkor etilmadi.
Pokiston va Afg‘oniston to‘qnashdi, Kobulga havodan hujum bo‘ldi
Pokiston va Afg‘onistonning chorshanba kungi havo hujumlari va quruqlikdagi janglari oqibatida 10 dan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishilar jarohat oldi. Sobiq ittifoqchilarning bu kelishmovchiligi “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziri ishini bajaruvchisi Muttaqiyning Hindiston safari kunlarida battar alanga oldi.
Ayniqsa, Kobuldagilar Pokistondan Afg‘oniston bilan o‘ynashmaslikni so‘ragach, Islomobodning jahli chiqib, hujumlar keskinlashdi.
“Tolibon” esa Pokistonni Afg‘oniston haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda, chegaradagi taranglikni qo‘zg‘atishda va mamlakat barqarorligi, suverenitetiga putur yetkazish maqsadida IShIDga aloqador jangarilarga boshpana berishda aybladi. Pokiston tomoni bu ayblovlarni butunlay rad etadi.
Chorshanba kungi keskinlashuvdan keyin ikki tomon 48 soatlik sulh e’lon qilgan, Pokiston tashqi ishlar vazirligi buni Kobul iltimos qilganini bildirdi. Biroq “Tolibon” hukumati so‘zlovchisi Zabihulloh Mujohid buni Pokiston so‘raganini bildirgan. Chorshanba kuni ertalab Pokiston Afg‘oniston bilan chegaradosh Qandahor viloyatiga havo hujumi uyushtirdi.
Pokiston xavfsizlik rasmiylari havo hujumi chog‘ida afg‘on “Tolibon” qo‘shinlari brigadasi nishonga olinganini ma’lum qildi.
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi esa shahardagi turar joylarga zarar yetganini e’lon qildi. Pokiston Kobulda navbatdagi havo hujumini amalga oshirdi, dedi rasmiylar.
Kobuldagi tez yordam bo‘limlari havodan hujumdan keyin 40 dan ortiq yaradorlar olib kelingani, 10 dan ortiq kishi vafot etganini ma’lum qilgan. “Biz yaradorlar bilan to‘ldirilgan tez yordam mashinalarini qabul qila boshladik va shifoxonamizdan bir necha kilometr uzoqda portlashlar sodir bo‘lganini bildik”, deydi tez yordam bo‘limidagilar.
Har bir tomon bir-birini hujum uyushtirishda aybladi.
Ikki qo‘shni davlat so‘nggi haftadagi janglardan buyon o‘z chegaralaridagi bir nechta o‘tish punktlarini yopib qo‘ydi, bu esa savdoni susaytirib, yuk ortilgan ko‘plab transport vositalari harakatini chekladi.
Pokiston dengizga chiqa olmagan, qashshoq Afg‘oniston uchun oziq-ovqat va boshqa tovarlarning asosiy manbai hisoblanadi.
O‘tgan haftadagi to‘qnashuvlar xalqaro xavotirga sabab bo‘ldi, Xitoy o‘z fuqarolari va sarmoyalarini himoya qilishga chaqirdi, Rossiya vazminlikka chaqirdi, AQSh prezidenti Donald Tramp esa mojaroni tugatishga yordam berishi mumkinligini aytdi.
Reuters’ning ham yozishicha, oxirgi to‘qnashuvlar Afg‘oniston “Tolibon” harakati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiyning Pokistonning azaliy raqibi Hindistonga birinchi tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi va bu safar Nyu Dehli Kobuldagi elchixonasini qayta ochishini, Afg‘oniston “Tolibon” harakati esa o‘z diplomatlarini Hindistonga yuborishini ma’lum qilgandi.
Turkmanistonda qurg‘oqchilik kuchayishi mumkin
Bu haqida Meteorological Journal xabar berdi.
Masalan, shu yilning to‘rtinchi choragida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 60 foiz kam bo‘lishi mumkin. Bu degani davlatda qurg‘oqchilik kuchayib bormoqda. Lekin prognozlar Markaziy Osiyo davlatlari, janubiy Qozog‘iston, Eron va Afg‘onistonga ham tegishli.
2024 yil noyabr oyidan boshlab Turkmanistonning Axal viloyatining ayrim hududlarida mahalliy qurg‘oqchilik zonasi shakllana boshladi. 2025 yilning birinchi choragiga kelib, poytaxt Ashxobodda ham o‘ta qurg‘oqchilik darajasiga yetdi. Bahorda qurg‘oqchilik zonasi qo‘shni hududlarga kengayib, Balkan va Dashoguz vilayatlarining qo‘shni tumanlarida ham kuzatildi.
Ashxobodda joriy yilning 9 oyida yillik yog‘ingarchilikning atigi 27 foizi to‘g‘ri kelgan. Bu yil tarixdagi eng quruq yillardan biri bo‘lmoqda. Lekin bir martagina kuchli yomg‘ir yog‘sa, ushbu ssenariy bekor bo‘lishi ham mumkin.
Turkmaniston hayotidan yana bir yangilik shuki – Avaza energetiklar elektr ishlab chiqarish bo‘yicha davlat rejasini oshig‘i bilan bajardi. Asosiy davlat kanali – Oltin asrning xabar berishicha, shu yil boshidan buyon Turkmanistonning “Avaza” davlat stansiyasida 870 million 506 ming kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkichlar esa rejalashtirilgan ishlab chiqarishdan 20 506 000 kilovatt-soatga oshiq, deya ko‘rsatdi telekanal. Bundan tashqari, ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 110 foizga yetgani aytiladi.
“Avaza”dagi elektr stansiyasi turli darajadagi ko‘plab mehmonxonalar, sanatoriylar, majmua va inshootlar, ko‘ngilochar va sog‘lomlashtirish markazlari, ijtimoiy-madaniy inshootlarni uzluksiz energiya bilan ta’minlaydi.
Bundan tashqari, korxona nafaqat Balkan viloyatining, balki butun mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyatga ega.
Mavzuga oid
13:06 / 30.11.2025
Sobiq prezidentning qamoqdagi o‘g‘li, qurib ketgan suv omborlari va Qozog‘istonda yana referendum – MO hafta ichida
13:06 / 23.11.2025
25 yillik jinoyat, rasmga olishga taqiq va Hindistonga qatnayotgan «Tolibon» vazirlari – Markaziy Osiyo hafta ichida
12:30 / 09.11.2025
Mintaqa liderlari Oq uyda yig‘ildi – Markaziy Osiyo hafta ichida
14:50 / 02.11.2025