2 yil oldin Kun.uz saytida bu haqda maqola berilgan, shundan so‘ng qurilish to‘xtatilib, qaror bekor qilingan, salkam 400 yillik tarixga ega madaniy meros obekti jozibasi saqlab qolinishiga umid bildirilgandi.

Dunyoning rivojlangan davlatlarida tarixiy obidalar ko‘z qorachig‘iday asraladi. Ularning atrofi ihotalanadi, obod qilinadi, hech qanday binolar bilan to‘silmaydi. Kelgusi avlodlarga shikassiz yetkazish haqida qayg‘uriladi. Ular bilan bog‘liq har qanday o‘zgarish, restavratsiya qilish, ta'mirlash, yon-atrofida biror qurilish ishlarini boshlashdan oldin jamoatchilik fikri o‘rganiladi, hatto referendumlar o‘tkaziladi.

 O‘zbekistonda ham umummilliy boyligimiz bo‘lmish madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, tarixiy ko‘rinishini saqlab qolish, ilmiy o‘rganish, turistik jozibasini oshirish, targ‘ib qilish va boyitib borish borasida ko‘plab qonunlar qabul qilingan. Afsuski, biz ularga amal qilmaymiz, ajdodlarimiz merosini, tariximizni qadrlamaymiz. Qonunlar bilan kafolatlangan ijtimoiy muhit nima ekanini tushunmayapmiz, xalqimizning ko‘rkam va obod hududda yashashga huquqi borligini bilmaymiz. Biz davlat va umumxalq manfaati har qanday shaxsning manfaatidan ustun ekanini unutganmiz. Bu mulohazalarni Urganch shahridagi yagona tarixiy obida atrofidagi xunuk voqealar misolida tavsiflashga urinib ko‘ramiz.

Nima voqea yuz berdi?

 2018 yil kuzida Urganch shahridagi yagona tarixiy obida - «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» oldida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Saytda bu haqda «Urganchdagi tarixiy obida noqonuniy qurilish obekti bilan to‘silmoqda» nomli maqola e'lon qilingan edi.

 «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» tarixiy, me'moriy, estetik va ijtimoiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan diniy yodgorlik, Urganch shahridagi yagona tarixiy qadamjodir. U 1646-1648 yillarda Yangi Urganch shahri asoschisi Abulg‘oziy Bahodirxon tomonidan barpo qilingan. Keyinchalik, xaroba ahvolga kelib qolgan.

 2005 yilda Ma'mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlanishi munosabati bilan qayta ta'mirlanib, obod qilindi. Atrofidagi maydon kengaytirildi va ko‘rkam ko‘rinishga keldi. Majmua davlat himoyasiga olingan va Madaniyat vazirligining tasarrufidadir. «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» nafaqat Urganchning, balki Xorazm viloyatining turistik salohiyatiga joziba beruvchi muhim obektdir.