O‘zbekiston | 10:37 / 24.03.2021
5745
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri ko‘rkiga yarashmaydigan yo‘l – Samarqand darvoza ko‘chasi qachon ta'mirlanadi?

Toshkent shahridagi Samarqand darvoza ko‘chasining hozirgi ahvoli ko‘pchilikka katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ushbu yo‘lning achinarli ahvolda ekani ancha vaqtdan beri bu yerga e'tibor berilmay kelayotganini ko‘rsatadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Chorsu” bozori va “Samarqand darvoza” savdo majmuasi oralig‘idagi ikkala taraf yo‘l ham juda achinarli holatga kelib qolgan. Haydovchilarning aytishicha, bu ko‘chaga ancha vaqtlardan beri e'tibor bermay kelinadi. Chuqur bo‘lgan joylar to‘ldirib ketiladi, biroq yog‘ingarchilik mavsumidan so‘ng ahvol yanada og‘irlashadi.

“Qariyb 10 yildan beri shu ahvol. Bu yo‘lga hech kim qaramaydi. Mashinamni yaqinda ta'mirlatgandim, yana ko‘p o‘tmay ta'mirtalab bo‘lib qolyapti. Chuqurlarni ko‘ryapsiz, katta bo‘lib ketgan. Har zamonda to‘ldirib ketishadi, biroq yomg‘ir yog‘ganidan keyin yana chuqur bo‘lib qoladi. Qiyinchiliklar tug‘diryapti. 4ta yo‘lovchi bilan bu chuqurlarga tushsak, ballonga zarar yetadi. Yildan yilga bu chuqurlar kattalashib ketyapti”, – deydi haydovchilardan biri. Uning qo‘shimcha qilishicha, bitta chuqurdan olib qochaman degan haydovchi oldinda kelayotgan mashinaga xalaqit beradi va natijada yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi.

“Mana shu Samarqand darvoza yo‘li rasvosi chiqib yotibdi. Yurib bo‘lmaydi. Mashina bir marta chuqurga tushsa, ballon dam qo‘yib yuboryapti. Hech kim qaramaydi”, – deydi yana bir haydovchi.

O‘z gaplarini isbotlab berish uchun kirakashlardan biri mashinasiga o‘tirishni va bu holatga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lishimizni so‘radi. Voqeaga guvoh bo‘lib borar ekanmiz, holat biz o‘ylagandan ancha yomonligiga shohid bo‘ldik.

“Mana shu chuqurni ko‘ryapsizmi? Necha oylardan beri shu ahvolda yotibdi. Mana bu joy cho‘kkan. Chuqurlar katta-katta bo‘lib ketgan. Sekin tushmasangiz, kechqurun shoshilayotganingizda ballon dam qo‘yib yuboradi”, – deydi u.

Bu yerda harakatlanish nafaqat haydovchilar uchun, balki yo‘lovchilar uchun ham qiyinchiliklar tug‘diradi. Poytaxtning qoq markazida joylashgan bunday yo‘lning necha yillardan beri e'tibordan chetda qolayotgani shahar ko‘rkiga yarashmaydigan holatlardan biri hisoblanadi. Bu yerdan har kuni minglar transportlar harakatlanadi. Bozorga yaqin bo‘lgani sababli bu yo‘ldan aholining foydalanishi juda yuqori.

Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahrida 2021 yilda ichki va markaziy ko‘chalarni ta'mirlash uchun mahalliy va respublika mablag‘lari hisobidan jami 467,3 mlrd so‘m sarflanishi va buning uchun 155ta mahalla ichki yo‘llari ta'mirdan chiqarilishi haqida ma'lum qilgan edi. Shundan, Toshkent shahar hokimining 8 fevraldagi qaroriga asosan, jami 155ta mahalla ichki ko‘chalarini ta'mirlashga respublika budjetidan 74,7 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Toshkent shahar hokimining 2021 yil 22 fevraldagi qaroriga asosan, jami 68ta markaziy va 269ta ichki ko‘chalar ta'mirlanishiga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 147 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi o‘sha kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma'lum qilingan edi.

Shuningdek, Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahri bo‘ylab keng qamrovli ishlarning boshlanishi ob-havoga bog‘liqligi, havo harorati 10 daraja iliqdan yuqori bo‘lganida keng ko‘lamli ishlar boshlanishini, agar havo harorati shaharsozlik normalariga ma'qul bo‘lsa, 10—12 martdan keyin keng qamrovli ishlarni boshlab yuborishini ta'kidlab o‘tgan.

Biroq, oradan qariyb 25 kun vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, poytaxt bo‘ylab sezilarli darajada ishlar boshlanmagan. Albatta, ba'zi joylarda sekin-sekin jarayonlar boshlanayotganini ko‘rish mumkin, lekin bu keng qamrovli ishlar boshlanganini anglatmaydi. Necha yillardan beri e'tibordan chetda qolib kelayotgan bu yo‘llarning ta'mirlashi nafaqat aholiga qulaylik yaratadi, balki shahar ko‘rkiga ham ko‘rk qo‘shadi. Har yili chuqurlar to‘ldirib ketilavergani bilan yog‘ingarchilik mavsumidan omon chiqishi qiyin.

Toshkent shahar hokimligi va tegishli tashkilotlar tez orada masalaga ijobiy yechim topadi, degan umiddamiz.

Doston Rahmatov. Kun.uz muxbiri,  
Tasvirchi — Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid