16 mlrd so‘mga tushayotgan «chumchuq ko‘prik». Prokuratura yopiq qozon yopiqligicha qoladi deb o‘ylaganmi?
Qumqo‘rg‘on tumanidagi ko‘prikning kapital ta'mirlanganiga bir yarim yil o‘tmasdan yaroqsiz holga kelib qolgani ijtimoiy tarmoqlarning muhokama markazida bo‘lib turibdi. Ushbu holat bo‘yicha Surxondaryo viloyat prokuraturasining rasmiy munosabati esa hammasidan oshib tushdi.
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi, davlat ahamiyatidagi 4P-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo‘lining 76-kilometrida joylashgan, uzunligi 66 pogonametr bo‘lgan «Polvontosh» selgasi ustidagi ko‘prikning oraliq tayanch ustunlari 1 metrga cho‘kishi va ustki plitalari qulashi natijasida ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgan.
Hozirda piyodalar va avtomashinalar harakati cheklangan. Eng achinarlisi, 6,5 mlrd so‘mga kapital ta'mirlangan bu ko‘prikning foydalanishga topshirilganiga endigina 1 yil-u 7 oy to‘lgan edi.
6,5 mlrd so‘mga kapital ta'mirlangan ko‘prik hech qancha vaqt o‘tmay 9,6 milliard so‘mga yana kapital ta'mirlanishi rejalashtirilmoqda.
«Arpa uni»ga aylangan karantin
Surxondaryo viloyat prokuraturasi ushbu hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unda mazkur holat yuzasidan «Surxon qurilish nazorat o‘lchov» MChJ va viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga ko‘ra, o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida pudratchi korxona tomonidan qo‘shib yozish holatlari aniqlanmagani, loyiha smeta hujjatlariga nisbatan bajarilmagan ishlar xajmi 34 mln 491 ming 265 so‘mni tashkil qilishi va shartnoma shartlari pudratchi tomonidan to‘liq bajarilmagani aytiladi.
Bayonotning bu qismi tushunarli, prokuratura aytmoqchiki, pullar to‘g‘ri sarflangan, hech kim yeb-ichib ketmagan. Lekin bayonotning boshqa bir qiziq qismi borki, kishi e'tiborini o‘ziga tortmay qo‘ymaydi.
«... omma o‘rtasida koronavirus kasalligi tarqalib ketishini oldini olish uchun karantin e'lon qilinib, shaxslar bilan muloqot qilish vaqtinchalik to‘xtatilgani sababli har qanday tergov harakatlarini o‘tkazishning imkoni yo‘qligi, mazkur holatni oydinlashtirish uchun boshqa shaxslardan va mutaxassislardan xulosa olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan.
Shu sababli, 18.06.2020 yilda Termiz transport prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan».
Jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga asos va sabab bo‘lgan holatga e'tibor qaratamiz: karantin e'lon qilingani!
Endi shu o‘rinda amaldagi qonun hujjatlariga yuzlansak. Jinoyat protsessual kodeksining 333-moddasi qoidasiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv yakunida jinoyat alomatlari aniqlanmasa, quyidagi asoslardan biri (yoki bir nechtasi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilinadi:
- ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa;
- uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa;
- shaxsni javobgarlikka tortish muddati o‘tgan bo‘lsa;
- e'lon qilingan amnistiya akti sodir etilgan jinoyat yoki shaxsga daxldor bo‘lsa;
- ayblanuvchi, sudlanuvchi vafot etgan bo‘lsa;
- shaxsga nisbatan aynan shu ayblov bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘lsa;
- shaxsga nisbatan aynan shu ayblov bo‘yicha ishni tugatish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan ajrimi (qarori) yoki vakolatli mansabdor shaxsning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish yoxud ishni tugatish haqida bekor qilinmagan qarori bo‘lsa;
- ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qo‘zg‘atiladigan hollarda uning shikoyati bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 325-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- shaxs ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan paytda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan bo‘lsa;
- Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida shaxsning o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi tufayli yoxud belgilangan muddat ichida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi va (yoki) jinoyat oqibatlari bartaraf etilganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan bo‘lsa.
Ko‘rib turganingizdek, sanalganlar orasida karantin e'lon qilingani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qoida yo‘q – karantin jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga sabab va asos bo‘la olmaydi.
Boz ustiga, bosh prokurorning shu yil 25 martda qabul qilgan «Xodimlar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 325-sonli buyrug‘ida ham surishtiruvni karantin sabab tugatib yuborish mumkinligi nazarda tutilmagan.
Unda buni qanday tushunamiz? Prokuratura holatga ko‘z yumgan degan xulosaga kelamizmi yoki vaqt o‘tishi bilan unutilib ketishidan umidvor bo‘lgan deb o‘ylaymizmi? Qaysinisi?
Karantin cheklovlari joriy yilning 10 may sanasidan yumshatilgan, 10 iyuldan 15 avgustgacha amalda bo‘lgan cheklovlar inobatga olinsa, qolgan vaqtda prokuratura ushbu ishni tekshirishni kelgan joyidan davom ettirishiga biror to‘siq bo‘lmagan.
18 iyunda «bosdi-bosdi» qilib yuborilgan ko‘prik ishi faqatgina 29 sentyabrga kelib, ijtimoiy tarmoqlar ko‘prik taqdiri haqida bong ura boshlagandan so‘ng esga olindi (bayonotda aytilishicha, transport prokurori jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish uchun yuborgan).
Selgi ustiga qurilgan ko‘prik selga chidamasa...
Tog‘ va tog‘oldi hududlarda odamlarning uzog‘ini yaqin qilish uchun, so‘qmoqlar oralatib piyodalar yuradigan osma ko‘priklardan foydalaniladi. Ayrim joylarda mahalliy aholi buni «chumchuqko‘prik» deb ataydi. Qumqo‘rg‘ondagi yaroqsiz holga kelgan ko‘prik odamlarning o‘z qo‘llari bilan har yili ta'mirlab turiladigan «chumchuq ko‘prik»larni yodga solyapti.
Talafot sabablari o‘rganilar ekan, har doimgidek sarf-xarajatlarning qonuniyligiga e'tibor qaratiladi. Mablag‘larni to‘g‘ri va maqsadli ishlatilgani o‘z yo‘liga. Bu ham tekshirishning asosiy qismi bo‘lishi mumkin. Ammo, surishtiruv-tergov aybdorlarni boshqa tomondan izlasa to‘g‘riroq bo‘lardi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, buzilgan ko‘prik selgi ustiga qurilgan va tabiiyki, uning bardoshliligi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.
Birinchidan, shu ko‘prik sel yo‘li ustiga qurilayotgani aniq bo‘lgan. Ya'ni, bu yerga tasodifiy yoki kutilmagan sel kelib qolmagan. Demak, ko‘prik poydevori loyihasi ham yuz berishi mumkin bo‘lgan sel va toshqinlarning 100 foizlik ehtimolidan kelib chiqilishi kerak edi.
Ikkinchidan, ko‘prikni rekonstruksiya qilgan firma avvallari ko‘prik qurganmi, firma tanlash bo‘yicha o‘tgan tender xolis bo‘lganmi, degan savollar ko‘ndalang bo‘ladi.
E'tibor bering, ko‘priklar strategik obektlar hisoblanadi va ularni duch kelgan quruvchiga topshirib bo‘lmaydi!
Uchinchidan, ko‘prik foydalanishga topshirilib, unga shikast yetgunga qadar vaqt oralig‘ida aynan shu yerda qanday tabiiy hodisalar (sel, toshqin, ko‘chki va h.k.) yuz bergani tekshirilishi kerak edi. Bu haqidagi barcha ma'lumotlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli bo‘linmalari va O‘zGidrometdan so‘rab olish surishtiruv organi uchun qiyin ish emas.
Endi esa kamida 2ta maktab va 2ta bog‘cha binosini qurishga yetadigan mablag‘ bir uyum beton bo‘laklariga aylandi...
Shu o‘rinda, Yaponiyadagi eng uzun Akasi-Kaykyo ko‘prigini yodga olsak. Bu ulkan ko‘prikning bunyod etilganiga 33 yil bo‘lyapti. Bu vaqt orasida u boshidan kechirgan tabiiy ofatlarning sanog‘i bo‘lmasa kerak. Lekin ko‘prik hamon viqor to‘kib turibdi.
Yaponiya va O‘zbekistonning tabiati va shu ikki ko‘prik taqdiri o‘rtasidagi farqlar tegishli xulosa chiqarib olishga yetarli bo‘lsa kerak.
Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, Qumqo‘rg‘ondagi ko‘prikning qulashi tabiiy hodisa bilan bog‘liq emas – bu yerda insonlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato bor va u tergov organi tomonidan fosh etilib, aybdorlar albatta jazolanishi shart. Zero, budjetdan ajratilayotgan va shu yo‘llar bilan havoga sovurilayotgan pullar soliq to‘lovchilarning haqidir. Unga xiyonat qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Dilshod Abduqodirov
Mavzuga oid
12:49 / 16.12.2024
Kun.uz tanqididan so‘ng: Yangiyo‘l sudyasining shubhali hukmiga prokuratura protest kiritdi
10:40 / 13.12.2024
Sariosiyoda ko‘chada yo‘lbars yurgani rad qilindi
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:14 / 02.12.2024