Jamiyat | 15:31 / 31.08.2025
8635
3 daqiqa o‘qiladi

Polosonni mashhur qilgan shoir: Anvar Obidjon xonadonidan reportaj

Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlar mukofotlandi. Ular orasida O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ham bor. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Kun.uz muxbiri Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘ida – shoir yashagan xonadonda bo‘lib marhum ijodkorning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Akam bilan bitta yostiqda ulg‘aydik. Keyin u Samarqandga ketdi o‘qishga. O‘qishni tamomlab armiyaga otlandi. Toshkentda ishlab yurgan kezlarida uni yo‘qlab poytaxtga ko‘p marta borganman. «Yosh gvardiya» nashriyotida ishlardi u paytda.

Tohir Obidjon, Anvar Obidjonning ukasi

Said Ahmad, Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Davronlar bilan uchrashib, ularning ko‘p suhbatini olganman.

Anvar Obidjon

Erkin Vohidov, Said Ahmad Oltiariqqa kelsa, meni ko‘rmasdan ketmas edi. Akam bilan faxrlanaman, u orqali ko‘plab ziyoli odamlar bilan tanishdim”, deydi Anvar Obidjonning ukasi Tohir Obidjon.

Xolisxon Rahimova, Anvar Obidjonning opasi

“Oilada besh o‘g‘il, bir qiz edik. Uch ukam o‘tib ketdi. Anvarjondan keyin yana ikki ukam o‘tdi. Anvarjon prezident tomonidan taqdirlanganiga suyunib o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay yuribman. Bir necha kundirki, xonadonimizda katta to‘y”, deydi Anvar Obidjonning opasi Xolisxon Rahimova.

Shoir yashagan hovli

“Anvar Obidjon bilan 50 yil birga yashadik. Besh farzandli bo‘ldik. 30 yil Toshkentda yashadik. Nihoyatda bolalarni yaxshi ko‘rar edi. Shuning uchun ham bolalar shoiri bo‘ldi.

Karomat Obidjonova, Anvar Obidjonning turmush o‘rtog‘i

Oddiy bir kolxozchi oilasida tug‘ilganman. 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqdim. Sovchilar orqali tanishganmiz. Bir-birimizni avval ko‘rmagan edik. Ijod qilishim, yozishim kerak derdi doim. Kelajak avlod uchun ko‘p harakat qilishim kerak deb ko‘p gapirardi.

Anvar Obidjon o‘g‘illari bilan

Kitoblari chet davlatlarda chop etilyapti hozir. Hindistonda chiqdi, hind tili bilan ingliz tilida. Misrda chiqdi, arab tili bilan ingliz tilida. Qozog‘istonda chiqyapti. Darsliklariga kiritilyapti she’rlari. Turmush o‘rtog‘im bilan faxrlanaman. O‘zi hajvchi bo‘lgani uchun ko‘p she’rlari qiziqarli, sodda va ravon”, deydi Anvar Obidjonning turmush o‘rtog‘i Karomatxon Obidjonova.

Ko‘rsatuvning to‘liq qismini Kun.uz'ning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid