O‘zbekiston | 13:21 / 22.09.2021
35703
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston telekanali «Uzavto Motors» monopoliyasi haqida lavha tayyorladi

Qozog‘istonning «Xabar24» kanali «Uzavto Motors» monopoliyasi haqida lavha tayyorladi.

Lavhada oldindan pulini to‘lab, avtomobilini ololmayotgan o‘zbekistonliklar 30 mingdan oshgani va shunga qaramay, «Uzavto Motors» Tojikistonda o‘z dilerlik punktini ochgani aytilgan.

O‘z navbatida, deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, avtomobilini ololmayotgan iste'molchilarga avtomobil yetkazib berish imkoniyati yo‘q bo‘lsa, ayni vaqtda xorij avtomobillariga nisbatan bojlarni tushirish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

«Mamlakat ichida hurmati deyarli qolmagan monopolistdan xalqqa foyda yo‘qligi allaqachon ma'lum bo‘lgan. Hatto Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bu haqida aytib o‘tgan.

Shuncha zarari yetmagandek ushbu «imtiyozxo‘r monopolist»ning xalqaro hamjamiyat va xorijda ham misqollab yig‘ilgan mamlakat obro‘si, imijini tushirib, o‘zbekistonliklarni boshqa xalqlar oldida kulgiga qoldirayotgani alamli!

Haqini to‘lab, avtomobilini ololmayotgan iste'molchilarga avtomobil yetkazib berish imkoniyati yo‘q bo‘lsa, ayni vaqtda xorij avtomobillariga nisbatan bojlarni tushirish eng to‘g‘ri yo‘l. Buni hukumatdagi amaldor va mutaxassislar qo‘llab-quvvatlashlari kerak», deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Avvalroq, Toshkentda avtosanoat monopoliyasi va uzun navbatlarga bag‘ishlangan strit-art paydo bo‘ldi va o‘chirib yuborilgani xabar qilingandi.

4 sentabr kuni Toshkentda UzAuto Motors kompaniyasining monopoliyasi va buning ortidan avtomobillar uchun paydo bo‘layotgan uzundan uzun navbatlarga bag‘ishlangan ko‘cha suratlari paydo bo‘ldi.

Avtomonopoliyaga atalgan strit-art Chilonzor tumanidagi, AQShning sobiq elchixonasi binosi devorlariga tushirilgan. Muallif – @inkuzart taxallusli ko‘cha rassomi.

Suratlar orqali muallif avtosalonlarda mashina xarid qilish uchun navbatda turganlar duch keladigan yana bir muammo “shapka” tizimini qizg‘ish bosh kiyimi timsolida eslatib o‘tgan.

5 sentabr kuni rassom devorga chizilgan ushbu tasvirlar o‘chirila boshlanganini ma'lum qildi. 6 sentabr kuni tarqalgan suratlarda esa tasvirlangan navbatlar avvaliga ancha kamayib qolgani, keyinroq butunlay o‘chirib yuborilganini ko‘rish mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid