Transafg‘on va “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘llari qurilishi 2024 yildan boshlanadi – Ilhom Mahkamov
Transport vazirining Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, bu ikki loyiha bo‘yicha hamkor davlatlar bilan kelishuvlarga erishilgan, temiryo‘l qurilishi uchun barcha texnik va iqtisodiy asoslar tayyorlangan.
Toshkentda o‘tayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning birinchi transport forumida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz muxbirining ikki yirik loyiha: “Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar” hamda “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘llari haqidagi savollarga javob berdi.
– 29 oktabr kuni Afg‘onistonning Kobul shahrida ikki davlat o‘rtasida hukumatlararo yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchilik qildi. Bu tadbirda siz ham qatnashdingiz, transport sohasida toliblar bilan qanday kelishuvlarga erishildi, shu haqda gapirib berolasizmi? Bilishimizcha, “tolibon” hukumati tranzit to‘lovlarini kamaytirish hamda imtiyozli tariflar haqida ham so‘ragan.
– Asosiy maqsadimiz – Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish. Eng asosiy masala – Transafg‘on xalqaro koridorini rivojlantirish. Prezidentimiz bunga 5 yildan beri kuch ishlatdilar, juda katta sharoit yaratib berdilar biz uchun. O‘ylaymanki, biz buning davomini amaliy ishlar jihatidan amalga oshirishimiz kerak.
Bo‘lgan tashrif doirasida mazkur koridordan foydalanishda yana qo‘shimcha qulayliklar, sharoitlar yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi va O‘zbekiston tashuvchilari ham shu Afg‘oniston hududidan bemalol o‘tib, Pokiston chegarasigacha yetib borishga sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
– “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘li borasida qanday ma’lumotlar bera olasiz?
– Xabaringiz bor, hozirda asosan Qozog‘iston orqali Xitoydan mahsulotlar yetib keladi. Lekin bizda Qirg‘iziston koridorini rivojlantirish bo‘yicha barcha ishlar amalga oshirilyapti. Irkishton chegara posti, ya’ni Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi chegara posti 24 soatdan ishlashdan tortib, Qirg‘iziston orqali avtotransport vositalarining harakatlanishiga barcha qulayliklar yaratish va Andijonga Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston chegara postiga bemalol o‘tish uchun sharoitlar yaratganmiz, bu bo‘yicha kelishuvlarga erishganmiz. Bugungi kunda bu koridordan 7,5 barobarga yuk aylanmasi amalga oshirilgan. Hozir asosiy harakatimiz Qirg‘iziston hududida temiryo‘l qurilish loyihasi. Bu bo‘yicha 3 tomonlama texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqildi. Hozirda biz buni kim amalga oshirishi bo‘yicha muzokaralarni olib boryapmiz.
– Transafg‘on va “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘li loyihasi qachon yakunlanishi kutilmoqda?
– Biz barcha qurilish ishlarini kelgusi yili (2024 yilda) boshlashni maqsad qilib qo‘yganmiz. Endi bu murakkab narsa, chunki bir nechta mamlakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan loyihalar. O‘zimizning hududimizdagi qurilishlardan farq qiladi. Eng asosiysi yo‘nalishlari: qayerdan boshlab qurilishi, qaysi uslubda qilinishi kelishilgan va texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlangan.
Temiryo‘l loyihalari nega cho‘zilmoqda?
Aytish lozim, mamlakat uchun strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu ikki xalqaro transport loyihalarini amalga oshirish ancha yillar oldin ilgari surilgandi. Xususan, O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha ilk muzokaralar 2017 yildan boshlangandi. 2019 yilga kelib loyihani amalga oshirish yuzasidan Xitoy tomoni bilan muhokamalar o‘tkazilgan. Xitoylik mutaxassislar mazkur temiryo‘l liniyasi o‘tishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgandi.
Shu yil sentabr oyiga kelib, loyiha qiymati 5–7 mlrd dollarga baholanayotgani, uchta davlat birlamchi texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlab bo‘lgani, ammo tayyor bo‘lgan loyihani kim, qanday moliyalashtirishi masalasi ochiq qolayotgani ma’lum qilingandi.
“Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar” temiryo‘lini qurish esa yuqorida vazir aytganidek, 5 yildan beri surilib keladi. Avvalroq 600 km uzunlikdagi Transafg‘on temiryo‘li qurilishi 4,8 mlrd dollarga baholangan edi. Loyiha “Tolibon” hokimiyatga kelgach to‘xtab qolgan, lekin 2022 yilning iyuliga kelib temiryo‘lning yo‘nalishi va texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlangandi.
Transport vazirligi departament rahbari Abdusamad Mo‘minov Kun.uz'ga bergan intervyusida bugungi kunda bu yo‘nalishda multimodal tashuvlar yo‘lga qo‘yilgani, O‘zbekistonga Afg‘oniston hududi orqali kirib kelayotgan yuklar hajmi bir necha barobarga oshganini qayd etgan.
“Loyiha boshlanish bosqichida, texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashimiz uchun dastlabki texnik topshiriq tayyorlanyapti. Buning uchun 3 ta tomon loyihaga pul jalb qilishni kelishyapti”, – degandi u.
Shuningdek, Mo‘minov “tolibon” hukumatini hech bir davlat tan olmagani loyihaga xalqaro moliya tashkilotlarini jalb etishni qiyinlashtirayotgani haqidagi savolga ham javob bergandi.
“To‘g‘ri, loyiha uchun Jahon banki pul bermasligi mumkin, ammo boshqa xalqaro moliya institutlari bor. Masalan, Osiyo taraqqiyot, Islom taraqqiyot banklari bor. Hozirda shular bilan ishlanmoqda”, – degan edi Transport vazirligi rasmiysi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi
Tavsiya etamiz
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv
O‘zbekiston | 22:40 / 08.04.2025
YeChLda chorakfinal. «Real» va «Arsenal» o‘yinida kim favorit?
Sport | 19:34 / 08.04.2025
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
O‘zbekiston | 23:03 / 07.04.2025
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46 / 06.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Surxondaryoda kuzatilgan sel kichik talafotlar keltirdi
Jahon | 14:22
-
Trampni qo‘llagan badavlat amerikaliklar ham endi undan darg‘azab
Jahon | 14:11
-
Yaponiya O‘zbekistonda farmatsevtika zavodi qurishni rejalashtiryapti
Iqtisodiyot | 14:08
-
G‘azoda istehkomlar qurayotgan Isroil, Ukrainada yangi hududlarga hujum boshlagan Rossiya va Xitoyga 125 foizli boj joriy etgan Tramp - kun dayjesti
Jahon | 13:43
Mavzuga oid

21:07 / 09.04.2025
Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga urinish bostirilgani e’lon qilindi

22:21 / 08.04.2025
Poyezd yo‘lovchisi vagon derazalari changligidan shikoyat qildi. Tozalikka mas’ul ikki xodim ishdan olindi

20:13 / 08.04.2025
Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi Rossiya kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi

16:31 / 08.04.2025