Jamiyat | 21:24 / 22.05.2020
14549
9 daqiqa o‘qiladi

«Butun O‘zbekiston bolalariga dars o‘tish katta mas'uliyat yukladi» - televizion dars o‘tgan ustoz taassurotlari

Pandemiya tufayli dunyo bolalari masofaviy tarzda ta'lim olishiga to‘g‘ri keldi. O‘zbekistonda ham maktablarda IV chorak onlayn tarzda boshlanib, shu tarzda yakunlanmoqda.

Sharofat Toshmirzayeva

O‘quvchilarni maktab ta'limidan uzib qo‘ymaslik uchun qisqa muddatda televizion darslar efirga uzatila boshlandi.

Kun.uz muxbiri o‘quv yili yakunida mazkur televizion darslar mualliflaridan biri – ona tili va adabiyot fani bo‘yicha yuqori sinflarga dars o‘tgan Sharofat Toshmirzayeva bilan suhbatlashdi.

Sharofat Toshmirzayeva – Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi filologiya fanlariga ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi va Toshkent shahridagi Prezident maktabining oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. U biz bilan televizion darslar uchun o‘qituvchilarni saralash va tasvirga olish jarayonlari hamda onlayn tarzda yakunlanayotgan o‘quv yili haqida o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Televizion darslar uchun o‘qituvchilar tarkibi karantin e'lon qilinishi bilanoq yig‘ila boshlandi

– Karantin e'lon qilinib, maktablar yopilgach, vaziyat tezlik bilan nazoratga olingani o‘qituvchi sifatida meni quvontirdi. Maktablar 16 mart kunidan yopilgan bo‘lsa, 17 mart kuniyoq Toshkent shahridagi barcha malakali o‘qituvchilar Xalq ta'limi vazirligi tomonidan yig‘ildi.

Respublikadagi barcha o‘qituvchilarni jalb qilishga esa karantin cheklovlari tufayli imkon bo‘lmagan, nazarimda.

Malakali o‘qituvchilar guruhi tashkil qilingach, ular ham saralangan holda televizion dars o‘tish uchun jalb qilindi. So‘ng tasvirga olish jarayonlari boshlanib ketdi.

Koronavirusga test topshirib, 18 kun Prezident maktabida yashadik

– Televizon dars o‘tishga taklif qilinganimizning dastlabki kunlari, tasvirga olish jarayonlarining dastlabki bir oyi MTRK Media markazida tashkil qilingan edi. Hammamiz issiq jonmiz, shuning uchun dastlab darslarni tasvirga olish uchun televideniyega qatnab yurganimda kasallik yuqtirib olmasmikanman, degan xavotirga ham bordim.

Garchi tibbiy niqob va himoya vositalari bilan ta'minlangan bo‘lsak-da, hayiqish bor edi.

Biroq ma'lum muddatdan so‘ng tasvirga olish ishlariga jalb qilinganlarning barchasi koronavirusga test topshirdi, manfiy natija qayd etilib, ishonch hosil qilingach, o‘qituvchilar Toshkent shahridagi Prezident maktabiga joylashtirildi va shu yerda teledarslarni suratga olish ishlari boshlandi.

Prezident maktabida tasvirga olish jarayonlari taxminan 18 kun davom etdi. Bu muddat davomida o‘qituvchilar uylariga borishmadi. Hamma binoni tark etmagan holda darslar ustida ishlay boshladi.

Butun to‘rtinchi chorak mashg‘ulotlarining video formatini tayyorlash uchun tun-u kun ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Ba'zi kunlari faqat 2-3 soat uxlash uchun imkonimiz bo‘ldi xolos. Lekin vazirlik va Toshkent shahar Xalq ta'limi boshqarmasi, Prezident maktablari agentligi (Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi – tahr.) o‘qituvchilarning yaxshi sharoitda ishlashi uchun kerakli barcha sharoitni yaratishdi, yordam berishdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar o‘z ustimizda ishlashga, e'tiborli bo‘lishga undadi

– Jarayonning o‘zida ham o‘qituvchilar saralanib bordi. Masalan, ayrimlar 3-4ta dars o‘tgandan so‘ng qiynalishgani yoki boshqa sabab tufayli televizion dars o‘tishdan voz kechishdi. Ba'zi o‘qituvchilar esa darslarida xato o‘tgani tufayli boshqa ustozlar bilan almashtirildi.

Lekin ayrim o‘qituvchilar  xatolari ustida ishlab, boshqa tajribali o‘qituvchilarning ish jarayonini kuzatib, dars o‘tishni davom ettirishdi.

Vazir Sherzod Shermatovning o‘zi ham darslarimizni kuzatib, qayta ishlashimiz kerak bo‘lgan o‘rinlarni, kamchiliklarini doimiy tahlil qilishimizga yordam berdi. Mana shu shaklda darsdan darsga kamchiliklarimizni bartaraf etishga harakat qilib bordik.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim televizion darslarning tanqid qilinishi holatlari ham kuzatildi. Bular o‘z ustimizda ishlashga, e'tiborli bo‘lishga undadi.

Kamera qarshisida dars o‘tish oson bo‘lmadi

– Garchi har kuni tasvirga olish jarayonlarida qatnashgan bo‘lsak-da, kamera oldida gapirish ozgina qiyin bo‘ldi. Darslarni butun respublika bolalari kuzatayotganini his qilish ham mas'uliyat yukladi.

«Xato qilib qo‘ysam-chi», degan xavotirni ham his qildik. Ba'zida dars o‘tayotganimizda nutqimiz uzilib qolishi yoki duduqlanib qolish kabi holatlarga ham tushdik.

Lekin, menimcha, rejissyorlar, operatorlar yordami bilan bu kamchiliklarni yengib o‘tdik. Oxirgi darslarimizdan ancha ko‘nglimiz to‘ldi.

Sinfxonada o‘quvchilar bilan dars o‘tishga, ular bilan doimiy savol-javob qilishga odatlanganimiz uchun televizion darslarda qiynaldik. Bu, asosan, mavzu doirasida bolalarga savol berishimiz kerak bo‘lgan o‘rinlarda juda bilindi. Chunki savol berilgandan so‘ng javob olinishi kerak, biroq yolg‘iz o‘qituvchi dars o‘tgan sharoitda javob qaytarilmasligi aniq.

Bunda o‘qituvchidan «Men bilaman, siz to‘g‘ri javobni topdingiz. Ha, to‘g‘ri javob mana bu –...», deya holatni chiroyli yakunlash talab qilinadi. To‘g‘ri, bu biroz tabiiylikdan yiroq bo‘lishi mumkin. Lekin darslar tayyor bo‘lgach, bizni televizor qarshisida o‘quvchilar kuzatishini his qilib, ular bilan muloqot qilishga harakat qildik.

Kamera o‘quvchilarimizning ko‘zlari emas, respublika bo‘yicha minglab, millionlab o‘quvchilarni bizga yaqinlashtiruvchi bo‘lishi mumkin, biroq baribir tabiiylik, harorat yetishmagani bor gap.

Bu yilgi o‘quv yili yakuni boshqalaridan farq qiladi

– Har doim o‘quv yili yakunida bolalar mehrini ularning ko‘zlaridan his qilib turardik. Bu yilgi yakunda esa mana shu narsa yetishmadi.

Tasvirga olish jarayonining oxirgi kunida so‘nggi qo‘ng‘iroq qo‘shig‘i ham suratga olindi. Biz, o‘qituvchilar o‘zimiz o‘quvchilarimiz o‘rniga bu yilgi «Xayr, maktabim» qo‘shig‘ini kuyladik. Shu musiqaga «Onlayn maktabning qaldirg‘ochlari» degan jumlalar qo‘shildi.

Mana shu jarayonda ko‘zimizga yosh keldi. Chunki biz birinchi marta o‘quv yilini o‘quvchilarsiz yakunlayapmiz.

Biz ustozlar onlayn dars o‘tish tajribasi keyinchalik saqlanib qolsa-da, so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydigan kuni o‘quvchilarning o‘zlari yuzma-yuz tarzda o‘quv yilini yakunlashini xohlaymiz.

Televizion darslar haqida umumiy xulosa

– Respublikaning internet yetib bormagan hududlariga televideniye yetib borgan. Menimcha, deyarli barcha o‘quvchilarda televizor orqali ta'limni davom ettirish imkoni bor. Agar ular diqqat bilan darslarni kuzatib borishgan bo‘lsa, davlat ta'lim standarti bo‘yicha o‘quv dasturini o‘zlashtira olishgan.

Bundan tashqari, televizion darslarga tajribali muallimlar jalb qilindi. Ularning darslari ko‘p o‘qituvchilar uchun mahorat darslari bo‘ldi, menimcha.

Shuningdek, to‘rtinchi chorak uchun deyarli barcha fan uchun ko‘rgazmali qurol bazasi yaratildi. Keyingi yillarda ham ulardan o‘qituvchilar mavzuni tushuntirish jarayonida foydalanishi mumkin. Chunki darsliklarda tushuntirish murakkab bo‘lgan mavzular ham bor. Bu kabi mavzularni o‘tishdan oldin o‘qituvchilar izlanishdi, tushuntirishning oson usullarini topishga harakat qilishdi. Bu ham yosh o‘qituvchilar uchun tajriba bo‘ladi.

Fikrimcha, karantin davri tugagandan so‘ng ham bu tajribani davom ettirish, butun respublikadan eng tajribali o‘qituvchilarni jalb etish orqali teledarslar bazasini yaratish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid