Jahon iqtisodiy forumi saytida koronavirusning ta'lim tizimiga ta'siriga bag‘ishlangan maqola e'lon qilindi. Unga ko‘ra, pandemiya sababli kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ta'limdagi yangi yechimlar – sohaga zaruriy innovatsiyalarni olib kelishi mumkin.
Lekin raqamli tafovut hisobga olinadigan bo‘lsa, ta'limdagi yangi yondashuvlar tengsizlik ortishini yuzaga keltiradi.
Koronavirus Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq va AQSh bo‘ylab tezlik bilan tarqalayotgan bir vaqtda mamlakatlar pandemiya tarqalishini kamaytirish bo‘yicha operativ qat'iy choralar qabul qilishdi. So‘nggi ikki hafta davomida maktab va universitetlarda o‘qishlarga borish to‘xtatilishi haqida bir necha xabarlar e'lon qilindi.
13 mart holatiga, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 39ta mamlakatda karantin sababli 421 milliondan ortiq bola maktabga vaqtincha bormayapti.
Mazkur o‘zgarishlar shubhasiz muayyan noqulayliklarni keltirib chiqardi. Biroq pandemiya ta'lim sohasidagi yangi innovatsiyalarga sabab bo‘ldi. COVID-19 butun dunyodagi ta'lim tizimiga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida gapirishga hali erta bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda innovatsiyalar va raqamlashtirish uchun uning ahamiyati katta.
Quyida kelajakdagi o‘zgarishlarga ishora qiluvchi 3ta tendensiyani ko‘zdan kechiramiz.
1. Koronavirus tarqalishi ta'lim tizimining rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Bu hayratlanarli darajadagi ijobiy yangiliklarga olib kelishi mumkin

Foto: Reuters / China Daily CDIC
COVID-19 butun dunyodagi ko‘plab ta'lim muassasalari uchun qisqa vaqt mobaynida innovatsion yechim topish katalizatoriga aylandi.
Virus tarqalishini sekinlashtirish uchun Gonkongdagi talabalar fevral oyida interaktiv ilovalar orqali uyda ta'lim olishni boshladilar. Xitoyda 120 million o‘quvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri televizion translatsiyalar orqali o‘quv materiallarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lishdi.



















