«Nurobod» mahallasida 940ta xonadonda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2018 yilda mahallada «Obod qishloq» dasturi amalga oshirildi. Hisobotga ko‘ra, 685ta uyning fasad qismi ta'mirlandi. 42ta tungi yoritkichlar o‘rnatildi. 15,5 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i qurildi. 16,5 km uzunlikdagi elektr simlari va 6ta transformator ta'mirlandi. Bitta yangi transformator o‘rnatildi. 21ta Gaz taqsimlash punktlari ta'mirlandi. Ijtimoiy sohaga tegishli bo‘lgan 2ta maktab, 1ta bolalar bog‘chasi, 1ta sog‘liqni saqlash obekti ta'mirlandi. 10ta bozor infratuzilmasi obekti, xususan, supermarket, minifutbol maydonchasi, hammom, go‘zallik saloni, milliy shirinliklar va hunarmandchilik sexi, etikdo‘zlik ustaxonasi, go‘sht do‘koni, qurilish mollari do‘koni, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi qurildi.

«Obod qishloq» dasturi asosida bajarilgan ishlar hisobotida 8,2 km yo‘llar joriy ta'mirlangani ko‘rsatilgan. Mahalla aholisi so‘zlariga ko‘ra, ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan, chuqurchalar ko‘milib, o‘nqir-cho‘nqirlar tekislanib, shag‘al tosh to‘shalgan, ammo asfalt yotqizilmay qolib ketgan.

Bugungi kunda mahalladagi markaziy yo‘l notekisligi ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda va odamlarni qiynab qo‘ymoqda. Bu yo‘ldan harakatlanayotgan transport vositalari tezda ishdan chiqib, ta'mirtalab bo‘lib qolyapti.

Yo‘ldan ko‘tarilayotgan chang uylarni, dov-daraxtlarni, avtomashinalarni qoplab olmoqda. Odamlarning shikoyatiga ko‘ra, chang-to‘zon tufayli nafas olish ham qiyinlashyapti. Hatto yozning issiq kunlarida ham oyna va eshiklarini yopib o‘tirishga majbur bo‘lishmoqda. Aks holda hatto tanovul qilinayotgan ovqatlarga ham chang o‘tirmoqda.

Bu yo‘ldan ishga boradigan kattalar, maktabga, bog‘chaga qatnaydigan bolalar bezib ketishgan. Chang-to‘zon tufayli kiyimlar bir kunda kir bo‘lib qolmoqda. Ularni yuvib, quritish ham muammo – osib qo‘yilgan kirlarga tezda chang o‘tiryapti.

Mahallada piyodalar yo‘lagi ham yo‘q. Natijada, odamlar chang-to‘zonda, yo‘lning qatnov qismidan yurishga majbur bo‘lishyapti. Ayniqsa, bolalar yo‘lning serqatnov va xavfli qismidan bog‘chaga, maktabga borayotgani ota-onalarni xavotirga solyapti.