“Bir monopolist klasterni deb, bizga yo‘l berishmayapti”

Xo‘janiyozov Shokir, “Xonqa Gold Fiber” q/x kooperativi a’zosi:

— Xonqa tumanida 3 nafar fermer birlashib, “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonun moddalariga, prezidentimizning 2020 yil 6 martdagi 4633-sonli qaroriga asosan ixtiyoriy ravishda kooperatsiya tashkil qildik, paxta yetishtirish va qayta ishlash uchun.

Paxtani o‘z hisobimizdan yetishtirdik. Tayyorlov punkti maskani tashkil qilib, o‘sha yerga yig‘dik. Qayta ishlashni rejalashtirib, “Agro To‘rtko‘l Tekstil Cluster” bilan tegirmon usulida ishlash uchun 25 noyabrda shartoma qildik. Uni tashib olib borish uchun “Xorazmpaxtatrans” MChJ bilan shartnoma qildik.

Paxtani yuklab, olib borilayotganda, yo‘l patrul xizmati xodimlari mashinani ushlab, hujjatlarni tekshirdi. Hujjatlar hammasi joyida edi. Keyin shu paytda darrov agroinspeksiya xodimlari yetib keldi. “Mahsulotning qonuniyligini tekshiramiz”, deyishdi. Tekshirish uchun “Xorazm Tex” MChJ klasteriga o‘sha yukni olib borib qo‘yishni taklif qilishdi.

Biz: “Yo‘q, bu o‘zimizning xususiy mulkimiz, o‘zimiz yetishtirdik, u yerga olib bormaymiz, qayta ishlash uchun olib boryapmiz”, desak, shu paytda ichki ishlar xodimlari, boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, muovini, fermerlar kengashi xodimi kelib: “Bir kunga qo‘yib turasizlar, ertaga chiqarib yuboramiz”, deb, mashinani “Xorazm Tex” klasteriga olib borib qo‘yishdi.

Mana bugun 30 noyabr (intervyu shu kuni olingan – tahr.), hali paxtani – o‘zimizning mahsulotimizni u yerdan chiqara olmay yuribmiz. O‘sha yerda ma’lumotnoma tuzib, Xonqa tuman departamentiga taqdim qilishgan. Departament o‘rganish ishlari olib bormoqda, xuddi katta jinoyatchini qo‘lga tushirgandek...

“Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilgan: Mansabdor shaxslarning aralashuvi qonun bilan taqiqlangan, javobgarligi bor. Bunga qaramasdan, bizning mahsulotimizni bosqinchilik bilan olib qo‘yishyapti.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida kooperativ taqiqlanganlardan tashqari faoliyatning har qanday turi bilan shug‘ullanishga haqlidir deyilgan. Hech qaysi qonunda kooperativ paxta bilan shug‘ullanmasin, kartoshka, sabzi eksin, degan joyi yo‘q. Shu bilan birga, klasterlar tashkil qilingan hududlarda fermerlar o‘zaro ixtiyoriy ravishda birlashib, kooperativlar tashkil qilmasin deb aytilgani ham yo‘q.