O‘zbekiston | 18:21 / 21.10.2022
20979
5 daqiqa o‘qiladi

“Hokimlar nega islohotlar izidan yurmayotganini bilish uchun tadqiqot o‘tkazyapmiz” - xonqalik fermer

G‘aroyibotlarga boy bo‘lgan voqeligimizning “ajoyibot”laridan biri – hokimlarning ko‘r-ko‘rona qonunlarni toptashi. Suhbatdoshimiz – tadbirkor. U ham shu jumboq ustida bosh qotirib, oxiri uni yechish uchun tadqiqot o‘tkazish zarur degan xulosaga kelgan.

Shokir Xo‘janiyozov – Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi “Xonqa Gold Fiber” ishlab chiqarish kooperativi rahbari.

— 2005 yildan beri fermerman. Qishlog‘imiz chekka hudud. 2020 yil 6 martdagi 4633-sonli qarorga asosan, fermer xo‘jaliklari birlashib, paxta yetishtirish va ishlab chiqarish kooperativini tashkil qildik.

Kooperatsiyaga tuman hokimi qarshilik qila boshladi, “noqonuniy” emish, prezident qarori ham “noqonuniy” ekan... Bosimlar...

— Qay ko‘rinishda bu bosimlar?

— Bu yilgi paxtani ekishimizda hech qanday yordam berilmadi, shunaqa topshiriq berildi. Hech bir davlat tashkilotidan yordam olmadik. Kooperativ ta’sischilari o‘z hisobimizdan yetishtirdik bu yilgi paxtani. Paxta yetilganda tayyorlov punktini ham tashkillashtirdik. Elektron tarozilar, transportyor, paxtani yig‘ish uchun hamma sharoitlarni yaratdik, hamma talablarga rioya qiladigan darajadagi sharoitni. Bugungi kunda paxtani qabul qilib turibmiz. Onlayn “svodka” ketib turibdi, onlayn a’zo bo‘ldik “svodka”ga.

Ammo yana qarshilik – statistikaga kundalik terim svodkasini berasizlar deyishyapti. Statistikaga borsak, olinmaydi deyishdi. Shu uchun Davlat statistika qo‘mitasiga keldim, uchrashdim kecha, ular ham hayron: “bu mumkin emas, kundalik terim svodkani biz olmaymiz, kerak bo‘lsa Qishloq xo‘jaligi olsin”, deyishdi.

— Buning qanday salbiy tomoni bor sizlar uchun?

— Salbiy tomoni – “svodkaga o‘tirmasang paxtani klasterga topshirasan” deyishyapti. O‘zimiz yetishtirgan paxtani berib yuborarkanmiz... Punktimiz bor, hamma sharoitimiz bor... “Bu yil klaster paxta pulini yaxshi to‘laydi” emish... Ishqilib bosimlar bilan harakatlarimizni so‘ndirishga urinishyapti.

Prezident qaroriga asosan tashkil qilingan tadbirkorlik faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlardan hayron bo‘lib yuribman. Tuman hokimlarining prezidentimiz qaror va farmoyishlariga shu darajada qarshi chiqayotganini ko‘rib, bu ishlar tagida nima bor degan savol qiynay boshladi. Buni tub-tubidan o‘rganib chiqishni o‘zimga maqsad qilib qo‘ydim. 2-3 oy bo‘ldi, ekspertlar, hatto psixologlar, birlashdik. Chet davlatlardan ham tanish mutaxassislar qo‘shildi. AQShdan, Angliyadan. O‘rganish ishlarini olib boryapmiz.

— Tadqiqot o‘tkazyapsizlarmi?

— Ha. Nima sababdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini tuman hokimi bajarmayapti, bunga kim “orqa” bo‘lyapti, zamirida nima bor? 95-98 foiz xulosa shuki, bu ishlarning orqasida odam bor. Tuman hokimi qayerdandir prezident qaroriga, farmoyishlariga qarshilik qilishga, to‘sqinlik qilishga kuch topib turibdi-ku!

Masalan, “GAI” yo‘lda turgan bo‘lsa-yu, qoidabuzarni to‘xtatsa. Kimdir aybini bo‘yniga oladi, boshqa kimdir esa kimlargadir qo‘ng‘iroq qilib, “muammoni hal qiladi”. Demak, suyanadigan odami bor... Hokimlar ham shu – prezident farmoyish va qarorlariga qarshi chiqyaptimi, demak ularni qo‘llovchi kimdir bor.

Tadqiqotimiz el-yurtimizga foyda keltiradi degan umiddaman... Prezidentga ham yordam bo‘lar.

— O‘zbek tadbirkorlari bunaqa tadqiqot o‘tkazishi men uchun yangilik...

— Shunga majbur bo‘ldik.

***

Ma’muriy tashkilotlarga kirib olgan yot “elementlar”ning mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayonlarga berayotgan zarbasini, chamamda, yetarlicha baholay olmayapmiz... Masala og‘rig‘idan sohasi tadqiqotlar o‘tkazish bo‘lmagan oddiy tadbirkorlar buni tadqiq etishga kirishibdi.

Kun.uz ushbu masalaga yana qaytadi.

Shokir Sharipov tayyorladi.

Mavzuga oid

E`lonlar